2024-yil 8-fevral kuni Strategik islohotlar agentligida Agentlik tashabbusi bilan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari A.Abduqodirov, GIZ Barqaror iqtisodiy rivojlanish dasturi menejeri Beate Shoreit, Agentlik xodimlari M.Xolboyev, F.Zayfert hamda GIZning boshqa vakillari ishtirok etdilar.
Muhokamaning asosiy mavzusi sanoat siyosatini ishlab chiqish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi davlat institutlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarga bagʻishlandi. Sanoat siyosatini ishlab chiqish vakolati Investitsiya, sanoat va savdo vazirligidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga o‘tkazilgani, shuningdek, uning tarkibida maxsus boshqarma tashkil etilgani O‘zbekistonning o‘z sanoat siyosatini ishlab chiqishdan manfaatdor ekanligini yaqqol namoyon etadi.
Shunga qaramay, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) kabi xalqaro hamkorlar faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari O‘zbekiston Respublikasining turli davlat organlari, jumladan, “Mamlakat platformasi” instituti o‘rtasida yaqinroq hamkorlikni taqozo etadi. “Mamlakat platformasi” O‘zbekiston tomonidan eng istiqbolli loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun xalqaro va mamlakat moliya institutlari bilan ko‘rsatilayotgan moliyaviy va texnik yordamni tizimlashtirish va samaradorligini oshirish vositasidir. “Mamlakat platformasi”ni tashkil etish bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi shug‘ullanadi.
Muhokamalar davomida Oʻzbekistonning sanoat siyosatini Iqtisodiyot va moliya vazirligi boshchiligida Strategik islohotlar agentligi bilan hamkorlikda ishlab chiqishga kirishish boʻyicha keyingi qadamlar belgilandi.