Strategik islohotlar agentligida Koreyaning Daewoo Engineering & Construction kompaniyasi vakillari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Agentlik direktori o‘rinbosari R.Azizov, Daewoo Engineering & Construction global infratuzilma guruhi rahbari Ilxi Chjan, BAAdan “Yuco Alliance” kompaniyasi ijrochi direktori Sardor Yo‘ldoshev va Agentlikning mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Yig`ilish davomida tomonlar turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan foydalanish istiqbollarini muhokama qildilar. Ilxe Chjan Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish uchun xususiy sherikni tanlash bo‘yicha o‘tkaziladigan tenderga bo`lgan qiziqishini bildirdi.
“Toshkent” xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish, yo‘lovchilar uchun tezyurar temir yo‘l qurish, shuningdek, yangi tibbiyot muassasalari, pullik yo‘llar va gidroelektr stansiyalarini qurish loyihalarining istiqbollari muhokama qilindi.
Muhokamaning asosiy qismi Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘li qurilishiga bag`ishlandi. Uchrashuv yakunlari boʻyicha Agentlik “Daewoo Engineering & Construction” kompaniyasiga xalqaro moliya institutlari va boshqa hamkorlar bilan muhokama qilinayotgan salohiyatli loyihalar haqida barcha zarur maʼlumotlarni taqdim etishiga kelishildi.