Joriy yil yanvar oyida shakllantirilgan ishchi guruhlar tarkibida Strategik islohotlar agentligining bir qator xodimlari tomonidan 16 ta yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi va natijadorligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida 1 200 nafardan ortiq tadbirkorlar, shu jumladan 200 nafardan ortiq yosh tadbirkorlar hamda davlat boshqaruvi xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi va ularni qiynab kelayotgan, faoliyatini amalga oshirishda to‘siq bo‘lib turgan muammolar umumlashtirildi.
Masʼullar tomonidan har bir hududdan o‘rtacha 50-60 ta (jami 700 dan ortiq) muammolar va ularning yechimi bo‘yicha takliflar shakllantirildi.
Jumladan, biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha islohotlar samaradorligi va natijadorligini hamda mavjud muammolarni o‘rganish borasida Agentlik xodimlari tomonidan aniqlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari bilan taqdim etilgan soliq va bojxona imtiyozlari tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga ijobiy taʼsir qilgan. Imtiyozlardan asosan tekstil va mebel sohalarida asbob-uskuna va xomashyo, turizm sohasida esa tovarlar va transport vositalarini olib kirish uchun foydalanilgan.
Biroq, taqdim etilgan imtiyozlar aksariyatining muddatlari 2024 yildan tugaganligi sababli, tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqilgan mahsulotlarning tannarxi oshib ketishi va eksport qilish imkoniyatlari cheklanishiga olib kelishi mumkinligi maʼlum bo‘ldi.
Soliq qonunchiligidagi ayrim qoidalar tadbirkorlarning samaradorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda hamda “xufiyona” iqtisodiyotning o‘sishiga olib kelmoqda. Xususan, Soliq kodeksiga muvofiq, qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ining “nol” darajali stavkasi eksport qilingan tovarlar uchun chet el valyutasida mablag‘lar kelib tushgan taqdirda qo‘llaniladi. Amaliyotda milliy valyutada eksport qilgan tadbirkorlar ushbu imtiyozdan foydalanish imkoniyati mavjud emas.
Misol uchun, 500 nafar ish o‘rni mavjud bo‘lgan “Runamtex” xorijiy korxonasi Rossiyaga tekstil 4,5 mlrd so‘mlik mahsulotlarini milliy valyutada eksport qilgan. Tadbirkor imtiyozlardan foydalana olmaganligi sababli, qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha 250 mln so‘m va foyda solig‘i bo‘yicha 150 mln so‘m zarar ko‘rgan.
Bundan tashqari, qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish yo‘nalishidagi islohotlar samaradorligi va natijadorligini o‘rganish davomida ham bir qator muammolar aniqlandi.
Muammolardan biri shundan iboratki, qishloq xo‘jaligi yerlarining hosildorlik darajasi tuproq ball bonitetiga nisbatan nomuvofiqligi amaliyotda tushunmovchiliklar va muammolarga sabab bo‘lmoqda. Xususan, qonunchilikka muvofiq, paxta xomashyosi va g‘alla yetishtiruvchilarga kredit mablag‘lari tuproqning ball bonitetidan kelib chiqib ajratiladi.
Infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va muammolarga oydinlik kiritish davomida Agentlik xodimlari tomonidan turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator ishlatilmagan imkoniyatlar mavjudligi aniqlandi.
Qonunchilikka asosan, 4 va 5-toifadagi shahar va tumanlarda 50 mlrd so‘m va undan yuqori qiymatdagi biznes loyihalarining infratuzilmaga ulanish xarajatlari davlat tomonidan qoplab berilishi belgilangan.
Biroq, amalda mazkur PF-278-son Farmon ijrosi taʼminlanmasdan qolmoqda, yaʼni investitsiya kiritilgan holatlarda infratuzilmaga ulanish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash choralari qo‘llanilmasdan qolmoqda.
Misol uchun, Xatirchi tumanida (4-toifa) “NATIONAL CERAMICS” MCHJ QK tomonidan qiymati 10 mln dollarlik dala shpati va kvarsni qayta ishlash loyihasi doirasida 8,7 mln dollar xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan.
Biroq, davlat tomonidan kafolatlangan tadbirlar amalga oshirilmaganligi sababli, tadbirkor o‘z mablag‘laridan texnik suv va 20 km uzoqlikdan elektr liniyasini tortib keltirgan.
Agentlik xodimlari tomonidan olib borilgan tahlillar natijasida e‘tibor talab qiladigan muhim masalalar aniqlandi. Aniqlangan muammolarni hal etish iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, tadbirkorlar va butun aholi turmush
darajasini oshirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi.