Strategik islohotlar agentligida “Boston Consulting Group” (BCG) konsalting kompaniyasi vakillari bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining AQShga o‘tgan yilgi tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Agentlik direktori B.Raxmatov, direktor o‘rinbosari R.Azizov, Agentlik guruhi rahbari J.Agzamov, shuningdek, BCG kompaniyasining boshqaruvchi direktori va hamkori, Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasi bo‘yicha rahbari R.Nuriyev va I. Alekseevlar ishtirok etgan yig‘ilishda O’zbekiston Respublikasini kompleks rivojlantirish jihatlari muhokama qilindi.
BCG konsultantlari uchrashuvlar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining AQShga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni, shu jumladan BCG tashabbuslari dasturini amalga oshirish bo‘yicha Amaliy harakatlar rejasi ishlab chiqilgan va tasdiqlanganini ta’kidladilar.
Strategik islohotlar agentligi mazkur tashabbuslarning O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishdagi ahamiyatini inobatga olgan holda “Strategik boshqaruv ofisi”ni tashkil etish masalasi ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek,iqtisodiy o‘sishga erishish uchun asosiy tarmoqlarni aniqlash, ularni o‘zgartirishda davlat banklarini qo‘llab-quvvatlash, muammoli kreditlarni boshqarish strategiyasini ishlab chiqish, energiya samaradorligini oshirish, “Ustyurt chuqur gazi” loyihasini amalga oshirish, mutaxassislarni jalb etgan holda Toshkent shahrining raqamli egizakini amalga oshirish rejasini ishlab chiqish masalalari ham rejalar qatoridan o‘rin olgan.
Strategik islohotlar agentligi BCG bilan samarali hamkorlikni va ushbu faoliyatning mamlakat iqtisodiy suratiga uzoq muddatli ta’sirini kutmoqda.