Strategik islohotlar agentligida Agentlik va 8 ta idora va jamoat tashkilotlari o‘rtasida istiqbolli tashabbus va takliflar ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida ishchi yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Agentlik direktori B.Raxmatov, direktorning birinchi o‘rinbosari A.Abduqodirov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Sh.Turdiqulova, Statistika agentligi direktori o‘rinbosari Z.Ziyaev, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘I D.Allanazarov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi B.Bekmurodov, “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori N.Rahimova, shuningdek “Vatandoshlar” jamoat jamg‘armasi boshqaruv raisi O. Sattarov ishtirok etdilar.
Uchrashuvda aholini o‘ylantirayotgan turli sohalar, jumladan, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va boshqa muhim yo‘nalishlardagi dolzarb muammolarni hal etishda Agentlik va mazkur idoralar o‘rtasidagi faol hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, doimiy fikr almashish, masalalarni ko‘rib chiqish va istiqbolli tashabbuslarni ishlab chiqish uchun maxsus maydon (platforma) yaratish masalasi ko‘rib chiqildi. Shu maqsadda SIA va yuqoridagi tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar Agentlikning muayyan masalalar bo‘yicha tashabbuslarni ishlab chiqish maqsadida har bir idora bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazish taklifini bir ovozdan qo‘llab-quvvatladilar.
Ayni paytda SIAda tadbirkorlar, olimlar, NNT vakillari, yoshlar bilan uchrashuvlar jadvali ishlab chiqilmoqda.