2023-yilning 4-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tashabbusi va mazkur yilda kotiblik vazifasini bajarayotgan Jahon banki bilan hamkorlikda xalqaro biznes markazida “Mamlakat platformasining” navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasining 14 ta tegishli vazirlik va idora vakillari hamda “Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan rivojlanish strategiyalari”da belgilangan vazifalarni bajarishga koʻmak berayotgan 20 dan ortiq donor va hamkorlar ishtirok etishdi.
Ishtirokchilar tomonidan mazkur yigʻilishning asosiy maqsadi bu Oʻzbekiston hukumatiga xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari bilan muvofiqlashtirilgan hamkorlik orqali strategik rivojlanishda koʻmaklashish, mamlakat iqtisodiyotining barqaror oʻsishini taʼminlash uchun xalqaro tajriba, resurslarni toʻgʻri safarbar etish hamda texnik yordam berishdan iborat ekanligini taʼkidladilar.
Ishchi yigʻilish davomida shuningdek quyidagi ishchi guruhlarining soʻnggi 3 oy davomida amalga oshirgan ishlari xususidagi hisobotlar taqdimoti boʻlib oʻtdi: “Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat” ishchi guruhi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining bevosita koʻmagida yer ijarasi huquqlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va ularni bozor aktiviga aylantirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi yer kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Ishchi guruhining navbatdagi harakati oziq-ovqat xavfsizligi standartlarini JST meʼyorlari bilan uygʻunlashtirish boʻlib, buni amalga oshirish yoʻlida mamlakat qonunchiligiga tavsiya beruvchi oʻzgartirishlar loyihasi hamda iqlim oʻzgarishiga moslashish va uni qishloq xoʻjaligiga taʼsirini yumshatish boʻyicha Davlat dasturini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
“Taʼlim” ishchi guruhi tomonidan 2023-2026-yillarga moʻljallangan maktabgacha va maktab taʼlimi sohasini isloh qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” taqdim etdi. 20 dan ortiq donor va hamkor tashkilotlar esa, ushbu “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlashlarini hamda kelgusi uch yil davomida taʼlim sohasiga 580 mln AQSH dollari investitsiya orqali jalb etilishini taʼkidladilar.
Amalga oshirilayotgan islohotlarning kun tartibidagi muhim yoʻnalishlardan biri Oʻzbekistonning “Parij bitimi” boʻyicha majburiyatlariga muvofiq energiya xavfsizligini taʼminlash va ishlab chiqish quvvatini oshirishdir.
“Energetika va togʻ-kon sanoati” ishchi guruhi Jahon banki koʻmagida elektr energiyasini ishlab chiqarish va uzatish boʻyicha Bosh rejalarini taqdim etdi. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida loyihalashtirilayotgan elektr energiyasini taqsimlashning Bosh rejasi ham yakunlanish arafasida.
Geologiya-qidiruv ishlari hajmini tubdan takomillashtirish, sohaga xususiy investorlar va yetakchi xorijiy kompaniyalarni keng jalb etish maqsadida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik maslahatchi sifatida ishtirokida “Yer qaʼri toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yangi tahririni ishlab chiqish boʻyicha ishlar yakunlanmoqda.
Tadbir yakunida xalqaro hamkorlar Oʻzbekistonning “Mamlakat platformasi” doirasida iqtisodiy va tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda muvofiqlashtirilgan va izchil yordam koʻrsatishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini yana bir bor taʼkidladilar.