Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Oʻzbekiston bilan muvaffaqiyatli hamkorlikni davom ettirib, iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirishda koʻmak bermoqda. 2022-yilning oʻzida YETTB 26 ta loyihalar amalga oshirilishi uchun Oʻzbekistonga 900 mln yevro investitsiya kiritdi. YETTB mablagʻlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy portfeli esa jami 1,7 mlrd yevro qiymatga ega 57 ta loyihalarni oʻz ichiga olgan.
Shu bilan birga, oʻzaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va YETTBdan jalb qilinayotgan resurslar hajmini oshirish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Bosh direktori Sh. Vafayev va YETTBning Markaziy Osiyo boʻyicha Boshqaruvchi direktori J. Xargitay tomonidan energetika, davlat korxonalarini hamda banklarni xususiylashtirish va transformatsiya qilish, AKT tizimini va suvni tejash texnologiyalarini takomillashtirish sohalaridagi yangi istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Qayd etish lozimki, Oʻzbekistonning “Parij bitimi” doirasidagi karbonad angidrid gazining atmosferaga emissiyasini qisqartirish va iqtisodni dekarbonizatsiyalash bilan bogʻliq majburiyatlarini bajarish maqsadida YETTB bilan hamkorlikda havo sifatini yaxshilash nazarda tutilgan “yashil” loyihalar roʻyxati koʻrib chiqilmoqda.
Energetika infratuzilmasi xavfsizligini taʼminlash va modernizatsiya qilish oʻzaro hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan birin hisoblanadi. Shu maqsadlarda YETTB hozirgi vaqtda “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻztransgaz” AJlari bilan gaz-transport infratuzilmasi, issiqlik elektr stansiyalari, elektr energiyasini taqsimlash tizimlarini modernizatsiya qilishga, shuningdek energiyaning muqobil manbalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni tayyorlash va ustuvorligini belgilash boʻyicha faol muzokaralar olib bormoqda.
Geologiya-qidiruv ishlari hajmlarini tubdan oshirish, sohaga xususiy investorlarni hamda ilgʻor xorijiy kompaniyalarni keng jalb qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar alohida eʼtiborga sazovordir. Mazkur yoʻnalishda YETTBning texnik maslahatchi sifatida bevosita ishtirokida “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Qonunning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsadlariga muvofiq yangi tahriri ishlab chiqilmoqda.
Uchrashuv davomida J. Xargitay YETTB 2023-yilda investitsiyalarni xususiy sektorga yoʻnaltirish orqali hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. Infratuzilma va energetika loyihalari bilan bir qatorda, YETTBning “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB va “Asaka bank” ATBlarning xususiylashtirilishida qatnashishi masalasi faol ishlab chiqilmoqda.
Uchrashuv yakunida YETTB joriy yilda oʻz faoliyati davomida xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, davlat korxonalarini transformatsiya qilish va ularning korporativ boshqaruvini yaxshilashga urgʻu berishi taʼkidlandi.
Strategik islohotlar agentligi Matbuot xizmati