Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-mart kuni Asakabank va O‘zsanoatqurilishbank kapitaliga xorijiy investitsiyalar jalb etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Iqtisodiyot o‘sishida bank tizimining ahamiyati katta. Yurtimizda bu sohadagi islohotlar natijasida oxirgi uch yilda, banklarning umumiy kreditlari xajmi 2 baravar, kapital xajmi 1,6 baravarga oshgan.
Banklarimiz ilk bor nufuzli xalqaro kredit reytinglariga ega bo‘lib, xalqaro kapital bozorlarida yevrobondlar joylashtirdi. Xususiy banklar ham ko‘paydi.
Shuningdek, Vengriya, Qozog‘iston, Gruziya, Turkiyaning nufuzli banklari O‘zbekistonga kirib keldi. Ipotekabank isloh qilingani natijasida uning kapitaliga strategik xorijiy investor sarmoya kiritdi.
Bu ishlarni davom ettirib, Asakabank va O‘zsanoatqurilishbankka ham xorijiy investitsiyalar jalb etish rejalashtirilgan. Shu maqsadda xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda bu banklarga 30 nafar malakali xalqaro mutaxassislar olib kelindi.
2023-yil davomida O‘zsanoatqurilishbank kapitaliga 125 million dollar, Asakabankka 100 million dollar mablag‘ jalb qilinishi ko‘zda tutilmoqda. Banklarning operatsion faoliyatida zamonaviy dasturiy IT mahsulotlar va 100 dan ziyod yangi bank xizmat turlari joriy etiladi.
Amalga oshiriladigan ishlar natijasida 2027-yil natijalari bo‘yicha O‘zsanoatqurilishbank daromadi 1,61 baravar, kredit portfeli 1,74 baravarga oshishi ko‘zda tutiladi. Asakabankda depozitlar 1,71 baravar, bank aktivlarining hajmi esa 1,72. Eng muhimi bu va boshqa O‘zbekiston banklariga xalqaro moliya bozorlarida ishonch ortadi va ularning faoliyatida qatnashish uchun xorijiy investor va hamkorlarning qiziqishi ortadi.
Taqdimotda mazkur jarayonga xalqaro konsultantlarni taklif etish, ularning kapitalini oshirish va qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.