Oʻtgan yilning noyabr oyida Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga tashrif buyurdi.
Oliy darajadagi muzokaralar natijasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga doir kelishuvlarga erishildi. Umuman olganda, Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan 14 ta shartnomalar tuzildi.
Eslatib oʻtamiz, oliy darajadagi muzokaralar yakuni boʻyicha energetika, suv taʼminoti, transport, qishloq xoʻjaligi, turizm, qurilish va taʼlim, bank-moliya sektori, togʻ-kon, toʻqimachilik, elektr-texnik va kimyo sanoati sohasidagi investitsiyaviy, moliyaviy va savdo shartnomalarining hajmi 6 mlrd yevrodan oshdi.
Ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishini tezlashtirish maqsadida hamkorlikning barcha yoʻnalishlariga doir «Yoʻl xaritasi» tasdiqlandi.
Yoʻl xaritasining alohida bandida «Rothschild & Co» kompaniyasini bank-moliya sektoridagi xususiylashtirish jarayonlariga va istiqbolli loyihalarni moliyalashtirishga jalb qilish belgilangan.
Muzokaralar oʻtkazish maqsadida Oʻzbekistonga “Rothschild & Co” kompaniyasi boshqaruvchi direktori va kuzatuvchi kengashi aʼzosi Baronessa Ariyel Mollard de Rotshild boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Bosh direktori Shuxrat Vafayev bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda tomonlar hamkorlik istiqbollarini, shuningdek xususiylashtirish dasturlarini, xalqaro investitsiyaviy faollik sohasidagi joriy tendensiyalarni amalga oshirishda kompaniya tajribasidan foydalanishni, hamda Oʻzbekiston Respublikasining muhim aktivlarini xususiylashtirish borasidagi yondashuvni muhokama qildilar.
Maʼlumot uchun: “Rothschild & Co” – Rotshild oilasining fransuz va ingliz shajarasi tomonidan nazorat qilinadigan moliya-xolding kompaniyasidir. “Rothschild & Co” dastlab “Paris Orléans SCA” deb nomlangan boʻlib, Rotshildlar bank guruhining flagmani hisoblanadi va “Rothschild Group”, shu jumladan “N.M.Rothschild & Sons” va “Rothschild & Cie Banque”larni nazorat qiladi. Rotshildlar bank guruhining faoliyat sohasi investitsiya-bank xizmatlari, korporativ bank xizmatlari, xususiy sarmoyalar qoʻyish, aktivlarni boshqarish va xususiy bank xizmatlarini qamrab oladi.
Hozirgi vaqtda “SanoatQurilishBank” ATBni xususiylashtirishga tayyorlash masalalari boʻyicha moliyaviy konsultantni jalb qilishga doir ishlar olib borilmoqda. Moliyaviy konsultantning majburiyatlariga xususiylashtirish jarayoni boʻyicha tavsiyalar tayyorlash, ommaviy sotuvlar va roud-shoular oʻtkazish, investorlarni, shuningdek bitimlar qiymatining taxminiy doiralarini belgilash va investorlar bilan oʻzaro munosabatlarni tashkil etish kiradi.
Baronessa Ariyel Mollard de Rotshild:
– Biz janob Vafayev bilan uchrashib ayni vaqtda Oʻzbekistonda olib borilayotgan faoliyatni muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻlganimizdan xursandmiz. Biz oʻtgan yili yakunlangan “Coca-Cola” kompaniyasini xususiylashtirish jarayonlarida qatnashganmiz. Endilikda “Uzbekneftegaz” AJni kutilishi mumkin boʻlgan xususiylashtirishga tayyorlash, shuningdek “Uztransgaz” AJ bilan ularning tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun moliya izlash bilan shugʻullanmoqdamiz.
Shuningdek men Xalqaro moliya institutlari koʻmagida xususiylashtirish imkoniyati koʻrib chiqilayotgan “SanoatQurilishBank” rahbariyati bilan muloqotda boʻlganimdan mamnunman. Shuning uchun Oʻzbekiston hukumati tomonidan mamlakatni modernizatsiya qilish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar juda taʼsirli kechmoqda. Biz ushbu muhim ishlarda qatnashayotganimizdan faxrlanamiz. Katta rahmat.
Rotshild kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasiga koʻra, ushbu kompaniyaning davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish va Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotining alohida soha va tarmoqlarini isloh qilish jarayonlarida konsultant sifatida qatnashishini nazarda tutuvchi qoʻshma yoʻl xaritasi ishlab chiqilishi va qabul qilinishi kutilmoqda.