Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining prezidenti Szin Litsyun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Szin Litsyun Oʻzbekistonga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Bosh direktori Shuhrat Vafaev bilan uchrashuv oʻtkazdi. Uchrashuvda soʻnggi yillarda Bank bilan erishilgan oʻzaro hamkorlikning yuqori darajasi qayd etildi, joriy investitsion loyihalar koʻrib chiqildi, shuningdek koʻp qirrali ikki tomonli hamkorlikni yanada kengaytirish ishlari muhokama qilindi.
Qayd etish lozimki, hozirgi vaqtda OIIB ishtirokida suv taʼminoti va kanalizatsiya, kichik va oʻrta tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish, temir yoʻllarini elektrlashtirish, sogʻliqni saqlash, energetika, qishloq infratuzilmasini yaxshilash kabi tarmoqlarda qiymati 1,14 mlrd AQSH dollariga teng boʻlgan 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Mamlakatdagi barqaror iqtisodiy vaziyat va investitsion iqlim xalqaro moliya institutlari uchun davlat kafolatini jalb qilmagan holda moliyalashtirish imkoniyatlarini ochib berayotgani alohida eʼtiborga loyiqdir. OIIB Sirdaryo IESda quvvati 1500 MVt.ga teng boʻlgan bugʻ-gaz qurilmasini qurish loyihasi doirasida 100 mln AQSH dollari hajmidagi kreditni Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatisiz taqdim etgan yana bir institut boʻldi.
OIIBning uzoq muddatli va imtiyozli moliyasi mamlakat aholisining yashash sifatini yaxshilash, yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, sifatli ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, suv taʼminoti va sanitariya tizimlarini modernizatsiya qilish, tiklanuvchi energiya manbalarini tatbiq etish hisobiga energiya samaradorligi oshirish ishlariga yoʻnaltirilmoqda. Shu maqsadda OIIB tomonidan Oʻzbekiston bilan hamkorlikda qoʻshimcha 10 ta infratuzilmaviy loyihalarni Bankning 1,9 mlrd AQSH dollari hajmidagi koʻmagini jalb qilgan holda amalga oshirish masalasi ishlab chiqilmoqda.
Oʻzbekistondagi iqtisodiy oʻsishning jadal surʼatlari va YAIMning rivojlanishi xorijiy institutlarning, xususan OIIBning uzoq muddatli moliyasini amalga oshirish muddati 20 yildan ortiq boʻlgan yirik infratuzilmaviy loyihalar uchun jalb qilish ishlarini kengaytirish imkonini berib, bir vaqtning oʻzida Oʻzbekistonning jami tashqi qarziga katta yukni yuzaga keltirmaydi.
Szin Lisyun quyidagi chora-tadbirlar orqali Oʻzbekistonni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi:
- Oʻzbekiston iqtisodiyotini dekarbonizatsiyalash va 2050-yilga kelib energetik sektorda uglerod betarafligiga erishish maqsadida «ACWA Power», «Masdar» va «Stone City Energy» kompaniyalari bilan hamkorlikda energetik loyihalar uchun moliya taqdim etish;
- loyihalarni aralash moliyalashtirish mexanizmlarini tatbiq etish, bunda OIIB kreditlarini toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar va davlat kafolati berilmagan kreditlar bilan qoʻshib olib borish;
- tibbiyot, taʼlim, suv taʼminoti, transport va energetik infratuzilma sohasida loyihalarni davlat-xususiy sherikchilik tamoyillari asosida amalga oshirish.
Muzokaralar yakunida tomonlar strategik muhim investitsion loyihalarni oʻz ichiga olgan «2023-2025-yillarga moʻljallangan sherikchilik dasturi»ni 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti maqsadlari va ustuvorlari bilan bogʻliq holda tayyorlash va qabul qilishga kelishdilar.
Strategik islohotlar agentligi Matbuot xizmati