Yaqinda Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti Anna Berde boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan oʻtkazilgan uchrashuv davomida hamkorlik loyihalari va dasturlari, shuningdek hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Shu bilan birga, Jahon banki delegatsiyasi soha vazirlik va idoralari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi va ular davomida Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan islohotlardan kelib chiqqan holda strategik sheriklikning joriy va qoʻshimcha yoʻnalishlari batafsil muhokama qilindi.
Jumladan taʼlim, sogʻliqni saqlash, shahar va qishloq infratuzilmasi, kanalizatsiya, irrigatsiya-drenaj va energetika infratuzilmalari tizimlarini modernizatsiya qilish, shuningdek iqtisodiy va tarkibiy oʻzgarishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasidagi hamkorlikning kun tartibi shular jumlasidandir.
Jahon bankining Oʻzbekiston oʻrtasida qabul qilingan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Sheriklik dasturi doirasida hamkorlikning quyidagi muhim yoʻnalishlar belgilab olingan:
– davlatning iqtisodiyotdagi oʻrnini kamaytirish va biznes yuritish hamda investitsiyalar jalb qilish shartlarini yaxshilash orqali xususiy sektorni rivojlantirish;
– taʼlim, sogʻliqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimlarini modernizatsiya qilishda Bankning koʻmagi orqali inson kapitalini rivojlantirish;
– «yashil» iqtisodiy oʻsish tamoyillarini tatbiq etish orqali aholi farovonligini oshirish va tabiat resurslarini saqlash.
2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi maqsadlari bilan bogʻliq holda amalga oshirilayotgan islohotlarni qoʻllab-quvvatlashning asosiy vositalaridan biri – xalqaro donorlar va rivojlanish boʻyicha sheriklar bilan hamkorlikni ishlab chiqish va amalga oshirishda muvofiqlashtirilgan hamkorlikni tashkil etishga qaratilgan «Mamlakat platformasi» mexanizmidir.
«Mamlakat platformasi» Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tomonidan 2023-yilda kotibiyat funksiyasini bajaruvchi Jahon banki bilan hamkorlikda muvofiqlashtiradi.
Joriy yilning yanvar oyida oʻtkazilgan «Mamlakat platformasi»ning birinchi yigʻilishi davomida tomonlar soha vazirliklari va idoralari, shuningdek donorlar va rivojlanish boʻyicha sheriklardan tashkil topgan 12 ta ishchi guruhlarini tashkil etish masalalarini kelishdilar. Ishchi guruhlari energetika va togʻ-kon sanoati, transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim va koʻnikmalarni rivojlantirish, shaharlarni rivojlantirish, suv resurslari, suv taʼminoti va sanitariya, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat, davlat korxonalari va banklar, DXSH, davlat moliyasi, yashil rivojlanish, qonun ustuvorligi va davlat boshqaruvi, XMI mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish tartib-taomillarini soddalashtirish kabi yoʻnalishlarda faoliyat yuritadi.
Strategik islohotlar agentligi Matbuot xizmati