Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini davlat tomonidan moliyalashtirishning asosiy manbai – davlat byudjeti boʻlib, u mutanosib boʻlishi, yaʼni uning daromad va xarajatlari deyarli teng boʻlishi lozim.
Shu bilan birga, davlat byudjeti quyidagi kabi koʻplab sabablarga koʻra har doim ham mutanosib boʻlmasligi mumkin:
- davlat byudjeti mamlakat iqtisodiy salohiyatining yuksalishini ham, hal etiladigan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vazifalarning sifat va koʻlamining oʻsishini ham aks ettiradi. Iqtisodiy oʻsish surʼatlari aholi sonining oʻsish surʼatlariga nisbatan past boʻlgan taqdirda ham davlat xarajatlari aholi turmushining yangi son va sifat darajasiga muvofiq boʻlishi kerak;
- davlat xarajatlarning oshishi muqarrar boʻlgan holatlarga duch kelishi mumkin (epidemiyalar, infratuzilmani saqlash va rivojlantirish bilan bogʻliq kechiktirib boʻlmas xarajatlar, ijtimoiy sohani rivojlantirish), davlat daromadlari cheklangan hisoblanadi, xarajatlarni ichki qayta taqsimlash imkoniyatlari esa katta emas. Yoki aksincha, konyunktura daromadlari oshganda, davlat jamgʻarma mablagʻlarni koʻpaytiradi;
- davlat xalqaro moliya-tovar bozorlaridagi holatdan yoki boshqa qulay omillardan kelib chiqib, oʻz oldiga jadal texnik va iqtisodiy rivojlanish maqsadlarini qoʻyadi.
Shuning uchun ham barcha mamlakatlar byudjetning muvozanatini xarajatlar qismi koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda taʼminlaydilar, yaʼni: saldo ijobiy boʻlganda – oltin-valyuta zaxiralarini toʻplaydilar va kelajakda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bilan bogʻliq vazifalarni hal qilish maqsadida boshqa moliyaviy jamgʻarmalarni tashkil etadilar (masalan, Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kabi), saldo salbiy boʻlganda esa – zaxiralarni ishga solib (shu jumladan oltin-valyuta zaxiralarini) va/yoki qarz olish vositalaridan foydalangan holda byudjetning muvozanatli boʻlishiga erishadilar.
Ichki moliyaviy bozor koʻlam jihatidan cheklangan boʻlgan sharoitda, davlatlar ustuvor ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun tashqi qarzdan foydalanadilar.
Oʻzbekiston kabi rivojlanayotgan iqtisodning oʻziga xosligi shundaki, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish koʻlamlari doimo oʻsib boradi va davlat ushbu loyihalarni eng qisqa muddatlarda amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim. Faqatgina yoʻl infratuzilmasini saqlashga har yili 2 mlrd AQSH dollarigacha hajmdagi mablagʻ talab etiladi, bu esa mamlakatning 2023-yil uchun rejalashtirilgan davlat byudjetining 9,7 foizini (yoki mamlakatning konsolidatsiyalashgan byudjetining 7,2 foizini) tashkil etadi.
Bu kabi koʻlamli vazifalarni muayyan muddatlarda hal etish uchun davlatda 2 ta muqobil yechim mavjud: soliqlarni oshirish (bu bilan kelajakda iqtisodiyotni rivojlantirish ragʻbatlariga putur yetkazish) yoki davlat qarzlari vositalaridan foydalanish va iqtisodiyotni investitsiyaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish hisobidan rivojlantirish uchun sharoit yaratish.
Shunday qilib, mamlakatning tashqi qarzi mavjudligini va uning oʻsishini gʻayrioddiy holat deb koʻrmaslik lozim.
Shu bilan birga, soliq toʻlovchi uchun tashqi qarzning hajmi va oʻzgarish surʼati tushunishi, mamlakatning moliyaviy majburiyatlarining hajmi toʻgʻrisida tasavvurga ega boʻlishi, uni YAIMning oʻsish hajmlari va davlat daromadlari bilan solishtirish imkoniyatiga ega boʻlishi muhimdir. Mamlakat uchun tashqi qarzning iqtisodiy maqbul chegarasini tushunish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Jalb etilayotgan resurslardan foydalanish samaradorligi muhim omil hisoblanadi. Agar har bir jalb etilgan dollar YAIMning oʻsishiga sabab boʻlsa, tashqi moliyalashtirish manbalarini jalb etish bilan bogʻliq xavotirlar oʻrinsizdir.
2022-yil davomida tashqi qarz mablagʻlari hisobidan muhim infratuzilmaviy loyihalar moliyalashtirildi: umumiy uzunligi 269 km boʻlgan avtomobil yoʻllarining qayta taʼmirlanishi, 243 km ichimlik suvlari va 83,8 km sugʻorish suvlari oʻtkazgichlarining qurilishi, 15 ta ichimlik suvini taqsimlash joylari (nasoslar, filtrlar), 817 ta gidrotexnik inshootlarning qayta taʼmirlanishi shular jumlasidandir. Bu infratuzilma loyihalariga qarz mablagʻlarini sarflash misollarining kichik bir qismidir.
Oʻzbekiston tashqi qarzi va uning oʻzgarib borishi toʻgʻrisida umumiy maʼlumotlar
Bu yerda shuni taʼkidlash kerakki, tashqi davlat qarzi deganda davlat va davlat tomonidan kafolatlangan (DDK) qarzlar tushuniladi.
Soʻnggi 6 yilda Oʻzbekistonda tashqi qarzning oʻsish surʼatlari jadallashgani kuzatildi. Agar 2016-yilning oxirida tashqi DDK qarzlari YAIMning 8 foizini tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilning 1-oktyabri holatida u YAIMning 30,14 foiziga yoki 23,16 mlrd AQSH dollariga teng boʻldi. Mazkur summaning 17,0 mlrd AQSH dollari Oʻzbekiston Respublikasi nomidan jalb etilgan qarzdir, 6,16 mlrd AQSH dollari esa – bu davlat tomonidan kafolatlangan tashqi qarz hisoblanadi.
Ushbu koʻrsatkichlarni tahlil qilishda quyidagilarni eʼtiborga olish lozim:
- 2017-yilda milliy valyuta ayirboshlash kursi qariyb ikki barobar pasaydi hamda soʻmda hisoblanadigan va AQSH dollariga koʻchiriladigan YAIM hajmi sezilarli darajada “kamaydi”. Faqatgina mazkur omil natijasida tashqi qarzning YAIMga boʻlgan nisbati 6 foiz bandiga oshdi;
- Covid-19 va postkovid omillar taʼsiri natijasida 2022-yilda davlat byudjeti taqchilligi YAIMdan 4 foizni tashkil etdi, bu Xalqaro valyuta fondining bahosiga koʻra tashqi qarzning YAIMga boʻlgan nisbati yana 9 foiz bandiga oʻzgarishiga olib kelgan. Kovid va postkovid davri dunyoning koʻplab mamlakatlarida tashqi qarzning oʻsishiga olib keldi;
- Tashqi qarzning oʻsishiga olib keladigan oqimlarning oshganligini oʻsishning qolgan ulushidan ham koʻrish mumkin. Bu, avvalambor, mamlakat va davlat korxonalarining tashqi qarz bozoriga chiqishi, energetika va logistika infratuzilmalarini modernizatsiya qilish yirik loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliqdir.
Boshqa soʻz bilan aytganda, ushbu 6 yil davomida tashqi qarzning YAIM koʻrsatkichlariga nisbatan 29,7 foiz hajmida faqatgina 14,7 foiz bandiga oshganligini tashqi qarzning YAIMga nisbatan solishtirma qiymatining oʻsishiga bevosita olib keladigan omillar bilan bogʻlash mumkin. Yaʼni tashqi qarzning oʻsishi haqida soʻz borganda YAIMga nisbatan aynan ushbu 14,7 foizlik oʻsish bizning tahlilimiz tayanishi lozim boʻlgan koʻrsatkich boʻlishi lozim.
Qanday ijobiy tomonlar mavjud?
Davlat tashqi qarzining oʻsish tabiati va dinamikasiga doir bir nechta yaxshi xabarlar bor.
Birinchidan, tashqi qarzning YAIMga nisbatan oʻsish choʻqqisi 2022-yilga toʻgʻri keldi va istiqbolda ravon pasayishi kutilmoqda.
Ikkinchidan, 2021-yildan buyon davlat tashqi qarzining oʻsish surʼatlari shu jumladan YAIMning jadal rivojlanishi va qarzning katta qismining toʻlovi hisobiga sezilarli darajada pasaymoqda. Davlat tashqi qarzi faqatgina 2022-yilning boshidan buyon uning 823 mln AQSH dollarlik qismi toʻlangani sababli 1,7 foizga kamaydi.
Uchinchidan, Oʻzbekiston tashqi mablagʻlarni uzoq muddatlarga va xalqaro darajada tanilgan moliya institutlaridan jalb qilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining Xalqaro moliya institutlaridan (XMI) jalb qilgan tashqi qarz portfeli 11,3 milliard AQSH dollarini yoki tashqi qarzning umumiy qiymatining 48,7 foizini tashkil etadi.
Davlat tashqi qarzining kreditorlar orasidagi taqsimoti
(01.10.2022-y. holatiga)
oʻlch.birligi – mlrd AQSH dollari
XMI/XHMT | Summa |
Osiyo taraqqiyot banki | 5.4 |
Jahon banki | 4.4 |
Xalqaro investorlar | 2.6 |
Xitoy davlat taraqqiyot banki va boshqalar | 2.1 |
Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi | 1.7 |
Xitoy Eksimbanki | 1.9 |
Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamgʻarmasi va boshqalar | 1.0 |
Islom taraqqiyot banki | 0.9 |
Yaponiya Xalqaro hamkorlik banki | 0.4 |
Boshqa xalqaro moliya tashkilotlari | 2.8 |
Ushbu kreditlar uzoq muddatli boʻlib, xalqaro kapital bozoridagi nisbatan qimmat qarzlardan farqli oʻlaroq Oʻzbekistonga imtiyozli foizlar boʻyicha uzoq muddatlarga – 20 yildan 40 yilgacha boʻlgan davrga taqdim etilmoqda.
Toʻrtinchidan, jalb etilgan mablagʻlarning taxminan ¼ davlat byudjeti taqchilligini qoplash maqsadlariga va ¾ energetika (25 foiz), transport (11 foiz) va qishloq xoʻjaligi (10 foiz), turar joy sektoridagi (9 foiz) investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun ishlatilgan. Boshqa soʻz bilan aytganda, jalb etilgan pullar isteʼmol maqsadlariga emas, balki energetika, transport tizimi va qishloq xoʻjaligida kengaytirilgan ishlab chiqarish uchun sharoit yaratishga sarflanmoqda.
Davlat tashqi qarzining iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha taqsimoti
(01.10.2022-y. holatiga)
oʻlch.birligi – mlrd AQSH dollari
Soha | Summa |
Byudjetni qoʻllab-quvvatlash | 6,6 |
Energetika sanoati | 2,9 |
Elektr energiyasi sanoati | 2,7 |
Transport va transport infratuzilmasi | 2,4 |
Qishloq va suv xoʻjaligi | 2,5 |
Turar joy-kommunal xoʻjaligi | 2,2 |
Tadbirkorlik faoliyatini va sanoat ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash | 0,95 |
Kimyo sanoati | 1,0 |
Taʼlim va sogʻliqni saqlash | 0,8 |
Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari | 0,2 |
Boshqalar | 0,94 |
Beshinchidan, tashqi qarz sifatida jalb etilayotgan resurslar asosan AQSH dollarida ifodalangan boʻlib (74,8 foiz), shuningdek asosan AQSH dollarida shakllanadigan eksport tushumi tuzilmasiga muvofiqdir. Shunday qilib qarzni toʻlashda qoʻshimcha valyuta xatari yuzaga kelmaydi.
Oltinchidan, Oʻzbekiston 2020-yilda tashqi qarzni jalb etish boʻyicha qonuniy cheklovlar oʻrnatdi. Endilikda nafaqat har yillik qarzlar hajmini maksimal hajmi, balki tashqi davlat qarzining oxirgi darajasi (YAIMning 60 foizidan koʻp boʻlmagan) ham qonunlar bilan cheklangan.
Byudjet kodeksiga muvofiq, keyingi yil uchun davlat byudjetini tasdiqlashda tashqi qarzning maksimal hajmi davlat byudjeti parametrlari bilan birga Qonun koʻrinishida oʻrnatiladi. Natija oʻlaroq shuni koʻrish mumkinki, davlat nomidan hamda davlat kafolati bilan tuzilgan tashqi qarz shartnomalarining hajmi toʻxtovsiz pasaymoqda.
Yettinchidan. Xalqaro valyuta fondining baholashiga koʻra Oʻzbekistonda tashqi qarz krizisining yuzaga kelish xatari past, qarzga xizmat koʻrsatish qobiliyati esa – yuqori hisoblanadi. Oʻzbekistonning valyuta tushumlarining asosiy manbalari barqarordir, yaʼni: eksport hajmlari oʻsmoqda, mamlakatga transchegaraviy oʻtkazmalar hajmi oshib bormoqda, joriy toʻlov balansining asosiy koʻrsatkichlari barqaror boʻlib, defolt tahdidi yoʻq hisoblanadi.
Agar mamlakatning joriy toʻlov hisob varagʻi salbiy shakllanganda tashqi qarz va unga xizmat koʻrsatish boʻyicha majburiyatlar hajmi bizni jiddiy tashvishga solishi mumkin edi. Biroq, Oʻzbekiston Markaziy bankining maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilning 9 oyida mamlakatning joriy toʻlov hisobi 0,194 mlrd AQSH dollari miqdorida ijobiy koʻrsatkichni tashkil etdi (2021-yilning 9 oyida salbiy saldo -5,2 mlrd AQSH dollariga teng edi). Bunda savdo balansining (tovarlar va xizmatlar) salbiy saldosi (11 mlrd AQSH dollari) birlamchi va ikkilamchi tushumlarning (11,2 mlrd AQSH dollari) ijobiy saldosi bilan toʻliq qoplangan.
Eksport hajmi (nomonetar oltinni hisobga olmaganda) 11 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, 2021 yilning 9 oyi bilan solishtirganda 25 foizga oshgan.
Biroq eng ijobiy fakt – bu ikkilamchi tushumlarning saldosi shaxsiy transchegaraviy oʻtkazmalar 2021-yilning tegishli davri (2021-yilning 9 oyida 4,5 mlrd AQSH dollari) bilan solishtirganda 2,4 barobar oshganligi (6,5 mlrd AQSH dollari) hisobiga 10,9 mlrd AQSH dollarini tashkil etganligidir.
Mamlakat MBning maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilning 9 oyida moliyaviy hisob uzoq yillar davomida ilk bor 0,5 mlrd AQSH dollari hajmida ijobiy shakllangani – yana bir ijobiy faktdir (2021-yilning 9 oyida salbiy saldo 6,1 mlrd AQSH dollariga teng edi). Oʻzbekiston Respublikasiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning sof oʻsishi 1,7 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi (2021-yilning 9 oyida 1,9 mlrd AQSH dollari).
Tashqi qarzni boshqarish samaradorligini oshirishga doir istiqboldagi qadamlar
Yuqorida qayd etilganidek, tashqi qarzni boshqarishda pul va tovar bozorlarida yuzaga kelgan xalqaro konyunktura, yetkazib berish zanjirlari bilan bogʻliq holat muhim omil hisoblanadi. Yangi tashkil etilgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu omillarni sinchkovlik bilan kuzatib borishi hamda oʻrta va uzoq muddatli istiqboldagi qulay iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda, tashqi qarzni restrukturizatsiya qilish uchun qulay xalqaro moliyaviy konyunkturadan foydalanishni, Markaziy bankning majburiyatlarni muomalaga chiqarishini Iqtisodiyot va moliya vazirligi majburiyatlariga almashtirish yoʻli bilan davlat qimmatli qogʻozlari ichki bozorining rivojlanishini ragʻbatlantirishni nazarda tutuvchi qarzni boshqarishning xalqaro eʼtirof etilgan bir nechta usullarini uygʻunlashtirishi mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining xatti-harakatlari byudjet taqchilligini va qarzlarga xizmat koʻrsatish xarajatlarini minimallashtirish oʻrtasidagi samarali muvozanat cheklovlari bilan oldindan belgilanadi.
Hozirgi vaqtda tashqi davlat qarzini boshqarish muammolari koʻproq jalb etilgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligi parametrlariga, shuningdek tashqi omillarga bogʻliq boʻladi. Shuning uchun ham Oʻzbekiston uchun iqtisodiyotning ichki resurslaridan foydalanish ustuvor hisoblanadi.
Strategik islohotlar agentligi Matbuot xizmati