Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik uchta faoliyatlaridan biri bu uning Oʻzbekistondagi dasturlari hisoblanadi. Ushbu dasturlar makroiqtisodiy islohotlar va qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish, suv taʼminoti va sugʻorish xizmatlarini takomillashtirish, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, energetika, transport, sogʻliqni saqlash tizimlari, taʼlim, aholini ijtimoiy muhofaza qilish, innovatsiyalar, soliq maʼmuriyati, statistika, moliya va boshqa sohalar kabi loyihalarni qamrab oladi. Jahon Bankining “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasini qishloq aholisining asosiy infratuzilma sifatini oshirish va loyiha qamragan qishloq hayotiy faoliyatini taʼminlovchi xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Maʼlumot uchun:
Loyihada Oʻzbekistonning Andijon, Fargʻona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining 300 dan ortiq qishloqlari ishtirok etib, mazkur aholi punktlarida asosiy ijtimoiy infratuzilma sifatini yaxshilash uchun mablagʻ olish imkoniyatiga ega boʻladilar. Loyiha Jahon Banki va Osiyo Infratuzilma Investitsiyalari Banki (OIIB) moliyaviy koʻmagida amalga oshirilib, Jahon Banki 100 mln AQSH dollari va Osiyo Infratuzilma Investitsiyalari Banki 82 mln AQSH dollari miqdorida kredit mablagʻi ajratganlar. Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan mazkur maqsadda 1,6 mln AQSH dollari ajratilgan boʻlib, loyihaning jami qiymati 183,6 million AQSH dollarini tashkil etadi.
Mamlakatimiz aholisining turmush darajasini oshirish uchun koʻmak beruvchi shu kabi loyihalarni samarali amalga oshirish, Jahon Banki ekspertlaridan davlatimiz infratuzilma tizimini va uni boshqarish masalalarini oʻrganib chiqqan holda, uni baholashni talab etadi. Shu maqsadda “Oʻzbekistonning infratuzilma tizimini boshqarishni baholash” (InfraGov) boyicha Jahon Bankining bir guruh ekspertlaridan iborat missiya 2022-yil 31-oktyabrdan baholash boyicha oʻz ishini boshladi. Missiya oʻzining dastlabki baholash ishini 2022-yil 31-oktyabrdan 4-noyabrigacha Toshkentda Jahon banki boshqaruvi masalalari boʻyicha katta mutaxassis Janob Yan Xoksvort rahbarligida davlatimiz infratuzilma tizimi boshqarishni hozirgi kundagi holatini aniqlash boʻyicha oʻtkazildi. Baholash jarayonida Missiyaning asosiy maqsadlari oʻz metodologiyasiga muvofiq maʼlumotlarni toʻplash, missiyaning dastlabki xulosalarini taqdim etish va muhokama qilishdan iborat edi.
Baholashning dastlabki natijalarini muhokama qilish maqsadida joriy yilning 1-fevral sanasida Jahon Bankining “Oʻzbekistonning infratuzilma tizimini boshqarishni baholash” (InfraGov) missiyasi aʼzolari Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov bilan uchrashdilar.
Uchrashuv davomida Jahon Bankining davlat-xususiy sheriklik boʻyicha mutaxassisi Elena Timusheva yakuniy hisobotning asosini tashkil etadigan baholash uchun tanlangan infratuzilmani boshqarishning quyidagi yettita asosiy yoʻnalishlari haqida qisqacha maʼlumot berib oʻtdi:
– loyihaning hayotiy sikli;
– davlat-xususiy sheriklik;
– shaffoflik;
– iqlim oʻzgarishiga chidamlilik;
– davlat korxonalari;
– suv resurslari;
– raqamli texnologiyalar.
Bu yoʻnalishlar Jahon Bankining infratuzilmani boshqarish boyicha xalqaro va mahalliy ekspertlar bilan hamkorlikdagi izlanishlari natijasida davlatimiz infratuzilmasidagi asosiy yoʻnalishlar sifatida tanlab olindi.
Uchrashuv davomida Strategik islohotlar agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov ushbu tanlangan yoʻnalishlarga shuningdek, “Baholash”ning aynan infrastrukturani boshqaruv masalalari, jumladan uning resurslari, salohiyati, muammolari, samarali yutuqlariga ega boʻlgan Oʻzbekistonni raqamlashtirish yoʻnalishini ham qoʻshish taklifini kiritdilar. Texnologiya doimo rivojlanmoqda va mehnat bozori tobora koʻproq innovatsion raqamli koʻnikmalarni talab qiladi. Samarali va innovatsion davlat boshqaruvi fuqarolarga tez va sifatli xizmat koʻrsatishni taʼminlashi kerak. Har bir tanlangan yoʻnalishdagi raqamlashtirish yoʻnalishi davlat xizmatlarni qayta koʻrib chiqish, qayta belgilash va iloji boricha fuqarolik jamiyatiga maʼlumotlar va xizmatlardan erkin foydalanishni taʼminlashni anglatadi.
Jahon Bankining dastlabki baholashlari jarayonida davlatimizidagi koʻp sohalardagi yutuqlar bilan bir qatorda quyidagi baʼzi muammolarni aniqlashga ham muvaffaq boʻlindi:
Masalan, Oʻzbekiston davlat-xususiy sheriklik sohasida maʼlum yutuqlarga erishgan, biroq davlat investitsiyalarini boshqarish funksiyasining parchalanishi va takrorlanishi kabi muammolar saqlanib qolmoqda.
Shu oʻrinda, Abdulla Abduqodirov Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlar doirasida davlat-xususiy sheriklikni mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Hamda, Strategik islohotlar agentligi oʻz navbatida davlatimiz rahbarining topshirigʻiga muvofiq, keyingi takliflarni ishlab chiqish uchun bir-birini takrorlaydigan boshqaruv funksiyalari tahlilini oʻtkazayotgani haqida ham aytib oʻtildi.
Aytib oʻtilgan yoʻnalishlardan biri shaffoflik yoʻnalishiga kelsak, Jahon Banki baholash hisobotida Oʻzbekistonda byudjet shaffofligi borasida aniq yutuqlarga erishilganini “Ochiq byudjet portali” misolida koʻrsatib oʻtgan.
Shunga qaramay, ushbu portal orqali davlat byudjeti maʼlumotlarni xalqimizga yanada batafsilroq taqdim etish uchun portal ishlash tizimini yanada mukammallashtirish taklif etilgan.
Maʼlumot uchun:
2019-yildan buyon faoliyat koʻrsatayotgan mazkur portalda mamlakatimizda byudjet jarayonining asosiy jihatlari yoritib borilib, davlat byudjetining asosiy parametrlari hamda daromad va xarajatlar tarkibiga oid maʼlumotlar yildan-yilga eʼlon qilinadi. 2021-yilda portal modernizatsiya qilindi va mahalliy byudjetlar ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish uchun uning funksional imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Qarz majburiyatlari, shu jumladan yirik davlat korxonalarining qarzlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hozircha ochiq emas.
Shuningdek, uchrashuvda tomonlar suv resurslari masalasiga toʻxtalar ekan, agrosanoat majmuasida suvni boshqarish va undan foydalanishdagi yondashuv resurslarni tejovchi texnologiyalardan foydalanishni taqozo etishi haqida yakdil fikrga keldilar.
Uchrashuv yakunida Strategik islohotlar agentligi va Jahon Bankining “Oʻzbekistonning infratuzilma tizimini boshqarishni baholash” (InfraGov) missiyasi aʼzolari ushbu yoʻnalishda birgalikda hamkorlik qilishga kelishildi.
Strategik islohotlar agentligi matbuot xizmati