Toshkent, 2023-yil 27-yanvar – Xalqaro hamkrlik markazida O‘zbekiston uchun “mamlakat platformasi”ning joriy yildagi birinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi tomonidan Jahon banki ko‘magida tashkil etildi. Yig‘ilish davomida 2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishda O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlash doirasida donorlar va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: “Mamlakat platformasi” mexanizmi 2019-yil oktabr oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Jahon banki guruhi va Xalqaro valyuta jamg‘armasi Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishlari doirasida joriy etilgan. O‘zbekiston 2020-yildan boshlab mazkur mexanizmni sinovdan o‘tkazishda ishtirok etuvchi 13 ta pilot davlat qatoriga kirdi. Uning maqsadi ushbu mamlakatlar hukumatlarining xalqaro moliya institutlari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatuvchi ikki tomonlama rivojlanish bo‘yicha hamkorlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadigan davlat dasturlari va loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda o‘zaro hamkorlikni muvofiqlashtirishdan iborat.
“Mamlakat platformasi” O‘zbekistonga quyidagi imkoniyatlarni beradi: 1) keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish uchun tashqi yordamni tezkor safarbar etish va ulardan foydalanishni ta’minlash; 2) taraqqiyot bo‘yicha xalqaro hamkorlarning moliyaviy ko‘magi va tajribasini jalb qilgan holda muhim ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni ishlab chiqish, tayyorlash va amalga oshirishda izchil va tizimli yondashuvdan foydalanish; 3) iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini barqaror rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan moliyalashtirishni jalb etish.
Platformaning joriy yildagi birinchi yig‘ilishida (ular muntazam ravishda tashkil etilmoqda) strategik islohotlar va loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etayotgan qator vazirlik, idora va agentliklar vakillari, shuningdek, mazkur jarayonda moliyaviy-texnik ko‘mak ko‘rsatuvchi O‘zbekistonning rivojlanish bo‘yicha xalqaro hamkorlari ishtirok etdi.[1]
Yig‘ilish ishtirokchilari “Mamlakat platformasi”ning asosiy maqsadi O‘zbekiston hukumatiga 2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishda, jumladan, qashshoqlikni qisqartirish, inson kapitalini rivojlantirish, “yashil” iqtisodiyot hamda “yashil” energetikaga o‘tishda ko‘maklashish ekanligini ta’kidladilar. Umuman olganda, mazkur platforma mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishi va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashni ko‘zda tutadi.
2023-yildan Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi Osiyo taraqqiyot bankidan o‘z zimmasiga olgan “mamlakat platformasi” kotibiyati funksiyalarini bajarishga kirishdi. Yig‘ilishda rivojlanish bo‘yicha hamkorlar va kotibiyatning o‘zaro hamkorligi, 2023-yilga mo‘ljallangan “mamlakat platformasi” ish rejasini tayyorlash, shuningdek, 12 ta tematik ishchi guruhlarni shakllantirish, jumladan ularning vakolatlari, tarkibi, ish uslubiyoti, 2023-yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalari muhokama qilindi.
Yuqorida tilga olingan guruhlar ishida manfaatdor vazirliklar, idoralar, agentliklar va xalqaro hamkorlar vakillari ishtirok etmoqda. Har bir guruh donorlardan maʼlum sohalarda moliyaviy va texnik yordam koʻrsatishni muvofiqlashtiradi, jumladan: energetika va konchilik, qishloq xoʻjaligi, transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim, shaharsozlik, suv xoʻjaligi, suv taʼminoti va kanalizatsiya, davlat korxonalari va banklarini isloh qilish, davlat-xususiy sheriklik, davlat moliyasi, “yashil” iqtisodiy o‘sish, qonun ustuvorligi va samarali davlat boshqaruvi, shuningdek, xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalarni tayyorlash tartib-taomillarini optimallashtirish va soddalashtirish masalalari.
Uchrashuvda xalqaro hamkorlar O‘zbekistonga yuqorida ta’kidlangan yo‘nalishlar bo‘yicha strategik islohotlar va loyihalarni amalga oshirishda muvofiqlashtirilgan, samarali, izchil va shaffof yordam ko‘rsatishni davom ettirishga qat’iy fikrda ekanini tasdiqladi.
[1] Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi (Jahon banki guruhi), Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Kengashi, BMTning O’zbekistondagi doimiy koordinatori, BMT Taraqqiyot dasturi, BMTning Bolalar Jamg’armasi (YUNISEF), Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti, Koreya eksport-import banki, Germaniya taraqqiyot banki (KfW), BMT Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti, Buyuk Britaniya Hukumati, Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), Fransiya taraqqiyot agentligi, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA), Germaniya xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tashkiloti (GIZ), Turkiyaning hamkorlik va muvofiqlash agentligi (TIKA), Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi va boshqalar