Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning muhim sharti hisoblangan samarali faoliyat yurituvchi boshqaruv tizimini shakllantirish boʻyicha keng koʻlamli maʼmuriy islohotlar amalga oshirildi.
Jumladan, davlat organlarining sohaga oid boʻlmagan vazifalarini qisqartirish va faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali ularning tuzilmasi oʻrtacha 15 foizga maqbullashtirildi, shuningdek, 26 ta davlat organlari va tashkilotlarida 40 ta rahbar oʻrinbosarlari lavozimlari qisqartirildi.
Davlat organlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish hisobidan byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish va aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini yaxshilash maqsadida 30 ga yaqin turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi, 70 dan ziyod davlat xizmatlari soddalashtirildi, davlat tashkilotlari tomonidan 60 dan ortiq hujjatlarni talab qilish bekor qilindi.
“Elektron hukumat” tizimining foydalanuvchilari soni 4 milliondan oshib, u orqali davlat idoralarining 130 dan ortiq axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatlari yaratildi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qariyb 350 turdagi xizmatlar onlayn shaklda koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi.
Yangi Oʻzbekiston sharoitida zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, qaror qabul qilish va masalani koʻrib chiqish jarayonlarini soddalashtirish orqali davlat organlari rahbarlarining masʼuliyatini oshirish hamda ular faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish, shuningdek, Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlari dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. 2023-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlar Mahkamasi/Hukumat) aʼzosi boʻlgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashi tizimi joriy etilsin.
Belgilansinki, Hukumat aʼzosi boʻlgan ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari:
tegishli sohada yagona davlat siyosatini olib borish va uni rivojlantirish boʻyicha belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun masʼul va javobgar hisoblanadi;
tizimdagi kadrlar siyosatining Vazirlar Mahkamasi apparatidan mustaqil ravishda davlat xizmati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq yuritilishini taʼminlaydi.
2. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar boʻyicha kotibiyatlar, departamentlar va ular huzuridagi boʻlimlar, shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik taʼminlash boʻlimi, Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻlimi tugatilsin.
3. Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida:
Bosh vazirning 4 nafargacha oʻrinbosarlari lavozimi;
Hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan taʼminlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinsin.
4. Vazirlar Mahkamasining yangilangan ijro etuvchi tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda Hukumat vakolatlariga oid boshqa dolzarb masalalarni (keyingi oʻrinlarda – masalalar) Vazirlar Mahkamasiga kiritish, koʻrib chiqish va axborot berishning quyidagi tartibi joriy qilinsin:
a) normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va masalalar Hukumatga bevosita vazirlar va boshqa mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari tomonidan belgilangan tartibda kiritiladi.
Bunda, davlat ishtirokidagi tashkilotlar va xoʻjalik birlashmalari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa masalalar tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirayotgan vazir yoki boshqa mustaqil ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari orqali kiritiladi;
b) kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Axborot-tahlil va yuridik taʼminlash departamentiga koʻrib chiqish, moliyaviy-iqtisodiy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish, tartibga solish taʼsiri va manfaatlar toʻqnashuvini baholash hamda axborot berish uchun kiritiladi;
v) axborot berishga tayyor boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa masalalar Vazirlar Mahkamasida kollegial tarzda maʼqullanadi yoki rad qilinadi;
g) maʼqullangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda, zarur hollarda, boshqa masalalar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladi (yoki qabul qilinadi);
d) Vazirlar Mahkamasida masalalarni kollegial tarzda koʻrib chiqishda, zaruratga koʻra, ommaviy axborot vositalari taklif qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) bir oy muddatda mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kiritish, koʻrib chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishishning aniq tartibi va muddatlarini, ularning ijrosini nazorat qilishni nazarda tutuvchi Hukumatning yangilangan reglamentini kiritsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
Bosh vazirning amaldagi oʻrinbosarlari va maslahatchilari hamda Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi va uning oʻrinbosarlari yangi tizim ishga tushgunga qadar yuklatilgan vazifalarning toʻliq hajmda va sifatli bajarilishini taʼminlaydi;
Vazirlar Mahkamasi apparatining tuzilmalarini maqbullashtirish munosabati bilan boʻshayotgan mablagʻlar Bosh vazir kotibiyati oʻrnak koʻrsatgan boshqaruv xodimlarining natijadorligi asosida qoʻshimcha ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Adliya vazirligi masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
Vazirlar Mahkamasida qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarining amalga oshirilishi boʻyicha nazorat va hisobdorlikni tashkil etish tartibi;
amalga oshirilayotgan maʼmuriy islohotlardan kelib chiqib komissiyalar, kengashlar, ishchi guruhlar va boshqa kollegial organlarga rahbarlarni qayta taqsimlash boʻyicha taklif kiritsin.
7. Bosh vazirga quyidagi huquqlar berilsin:
masalalarni tartibga solish va ustuvor vazifalarni hal qilishning muhimligini hisobga olgan holda Bosh vazir kotibiyatining umumiy shtatlari soni doirasida uning ijro etuvchi tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish;
iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning dolzarb yoʻnalishlarini oʻrganish va ular boʻyicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun ishchi guruhlar va kelishuv komissiyalari tashkil qilish;
Bosh vazir kotibiyatining oʻrnak koʻrsatgan boshqaruv xodimlarini natijadorlik asosida qoʻshimcha ragʻbatlantirish uchun mablagʻlar miqdorlarini belgilash.
8. Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) bir oy muddatda:
Bosh vazir oʻrinbosarlarining funksional vazifalarini tasdiqlash;
Bosh vazir kotibiyatining shtat jadvalini tasdiqlash;
Bosh vazir kotibiyati toʻgʻrisidagi, uning barcha boʻlinmalari funksiyalari, vakolatlari, huquqlari, majburiyatlari va masʼuliyatini batafsil belgilab beruvchi nizomni ishlab chiqish;
Bosh vazir kotibiyatining yangi tashkil etilgan tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash;
faoliyati tugatilayotgan tarkibiy boʻlinmalarning xodimlarini vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarda rahbar va masʼul lavozimlarga tayinlash boʻyicha choralar koʻrsin, zarur hollarda, taklif kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi kengashining Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarining birinchi bosqichi doirasida 2023-yil 1-yanvardan boshlab ixcham, professional boshqaruv tamoyillariga asoslangan va samaradorlikka yoʻnaltirilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalarni oʻz ichiga oladigan yaxlit tizimini shakllantirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
10. Belgilansinki:
vazirlik – tegishli sohalarda yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi, muayyan yoʻnalishda ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiruvchi hamda tizimdagi rahbariy faoliyatni yakkaboshchilik asosida tashkil etadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
qoʻmita – tegishli soha ichidagi tarmoq faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va tartibga soluvchi hamda tizimdagi rahbariy faoliyatni kollegial asosda tashkil etadigan, shuningdek, vazirlikning tashkiliy boʻysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
agentlik – asosiy vazifasi sifatida tegishli sohada davlat xizmatlarini koʻrsatish va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqni qoʻllash funksiyalarini amalga oshiruvchi, shuningdek, vazirlik tashkiliy boʻysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
inspeksiya – asosiy vazifasi sifatida tegishli soha va tarmoqlarda davlat nazorati va tekshiruvni amalga oshiruvchi, shuningdek, vazirlik tashkiliy boʻysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq alohida maqomga ega hamda bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va (yoki) Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadigan qoʻmita, agentlik va inspeksiyalar tashkil etilishi mumkin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi kengashining Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarining birinchi bosqichi doirasida 2023-yil 1-yanvardan boshlab mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining sonini 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan vazirliklar sonini 25 tadan 21 tagacha qisqartirish boʻyicha taklifi maʼqullansin.
12. Belgilansinki, Vazirlar Mahkamasi tizimini quyidagi vazirliklar tashkil etadi:
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
Togʻ-kon va geologiya vazirligi;
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi;
Tabiat resurslari vazirligi;
Yoshlar siyosati va sport vazirligi;
Qishloq xoʻjaligi vazirligi;
Suv xoʻjaligi vazirligi;
Raqamli texnologiyalar vazirligi;
Adliya vazirligi;
Transport vazirligi;
Madaniyat va turizm vazirligi;
Mudofaa vazirligi;
Energetika vazirligi;
Sogʻliqni saqlash vazirligi;
Tashqi ishlar vazirligi;
Ichki ishlar vazirligi;
Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
13. Quyidagilar:
2023-yil 1-yanvardan boshlab qayta tashkil etilayotgan respublika davlat boshqaruvi organlarining roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
2023-yil 1-yanvardan boshlab vazifa va funksiyalari tegishli vazirlik va idoralarga oʻtkazilgan holda tugatilayotgan respublika davlat boshqaruvi organlarining roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
2023-yil 1-yanvardan boshlab tashkiliy boʻysunuvi oʻzgarayotgan respublika davlat boshqaruvi organlarining roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, mazkur Farmon doirasida shtat birliklarini maqbullashtirish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar ijtimoiy masalalarni hal etishga yoʻnaltiriladi.
14. Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) bir hafta muddatda:
ushbu Farmonga muvofiq qayta tashkil etilayotgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini toʻlaqonli yoʻlga qoʻyish boʻyicha chora-tadbirlar reja-grafigi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini tartibga soluvchi namunaviy nizomni tasdiqlasin.
Bunda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari va uning oʻrinbosarlari masʼuliyat doirasi hamda respublika, viloyat va tuman darajasidagi boʻlinmalarning vazifa va funksiyalarini aniq chegaralash, shuningdek, hududlar kesimida faoliyat samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari hamda ish koʻrsatkichlari (indikatorlari) belgilansin.
15. 2023-yil 1-yanvardan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining samarali ish faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun masʼuliyatini yanada oshirish maqsadida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan har bir respublika ijro etuvchi hokimiyat organining yil davomida erishishi zarur boʻlgan maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) belgilanadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari har yil boshida oʻzining oʻrinbosarlari kesimida belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishish boʻyicha harakatlar dasturini ishlab chiqib, jamoatchilikka taqdim qiladi;
harakatlar dasturiga asosan respublika ijro etuvchi hokimiyat organining hududiy boʻlinmalari rahbarlari maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishish boʻyicha hududiy rivojlanish dasturini ishlab chiqib, jamoatchilikka taqdim qiladi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organi va uning hududiy boʻlinmalari rahbarlari yil yakuniga qadar harakatlar va hududiy rivojlanish dasturlari amalga oshirilishi va maqsadli koʻrsatkichlarga (indikatorlarga) erishish holati yuzasidan hisobot berishi va ochiq eʼlon qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Belgilansinki, respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari Oliy Majlis palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda jamoatchilik oldida bevosita hisobdor boʻladi.
16. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining institutsional mustaqilligini oshirish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashkiliy tuzilmasi, shtat birliklari va rahbar oʻrinbosarlarining soni, shuningdek, faoliyat yoʻnalishlari belgilab beriladi.
Bunda:
markaziy apparat va hududiy boʻlinmalar tuzilmalarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlash amaliyoti bekor qilinadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga ajratilgan mablagʻlar doirasida hamda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda markaziy apparat va hududiy boʻlinmalarning tuzilmasi va shtat birliklarini tasdiqlash huquqi taqdim etiladi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga hududdagi ehtiyoj va sharoitlardan kelib chiqib, muayyan viloyat yoki tuman (shahar) boʻlinmalarini tashkil etish yoki ularni tumanlararo (viloyatlararo) shaklda tuzish vakolati beriladi. Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasida tashkil etilishi majburiy boʻlgan boʻlinma va lavozimlar roʻyxati, ularga boʻlgan mezonlar hamda rahbar va ijrochi xodimlar oʻrtasidagi nisbat boʻyicha meʼyorlarni belgilashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining kengashi mazkur Farmon amalga oshirilishini muvofiqlashtirish hamda quyidagi maqsadli koʻrsatkichlarga erishishni taʼminlash uchun masʼul etib belgilansin:
ijro etuvchi hokimiyat organlari shtat birliklari, shu jumladan rahbar lavozimlarini 30 foizgacha maqbullashtirish va adolatli mehnatga haq toʻlash tizimini joriy etish;
maʼmuriy islohotlar doirasida transformatsiya qilinayotgan ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur Farmonda belgilangan yangi talablardan kelib chiqqan holda samarali faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
rahbarlarning moliyaviy va institutsional mustaqilligini oshirish orqali hududlar bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining funksiyalarini tartibga solish orqali ularni kamida 10 foizga qisqartirish;
xususiy sektorga oʻtkaziladigan davlat funksiyalari sonini kamida 3 barobarga oshirish, davlat-xususiy sheriklik va autsorsing mexanizmlarini keng joriy etish;
ijro etuvchi hokimiyat organlarining tizimida rahbar va ijrochi xodimlarning munosib nisbatiga erishish;
rahbarlarning aholi takliflari asosida faoliyatini yoʻlga qoʻyish va jamoatchilik oldida hisobdorligini kuchaytirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining kengashi (S.U. Umurzakov) mazkur Farmondan kelib chiqqan holda maʼmuriy islohotlar birinchi bosqichida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini 2023-yil 1-yanvarga qadar, ikkinchi bosqichida esa mahalliy davlat hokimiyati organlarini 2023-yil 1-aprelga qadar isloh qilish boʻyicha choralar koʻrilishini taʼminlasin.
18. Vazirlar Mahkamasi (A.N. Aripov) 2023-yil 1-fevralga qadar mazkur Farmon talablaridan kelib chiqqan holda, quyidagilarni nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi yangi qonun loyihasini kiritsin:
Hukumat aʼzolarining Bosh vazir bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash mexanizmlarini belgilash, ularning Vazirlar Mahkamasida qarorlar qabul qilish jarayonidagi maqomini oshirish;
hududlar, infratuzilma, iqtisodiyot, moliya, pul-kredit, shuningdek, ijtimoiy sohaning rivojlanishini taʼminlashda Hukumatning masʼuliyatini tubdan oshirish;
Hukumat aʼzolarining boshqaruv, kadr, moliya va boshqa yoʻnalishlardagi mustaqilligini oshirish va masʼuliyatini kuchaytirish;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, shu jumladan hududiy boʻlinmalar kesimidagi har birining maqomi, ularni tashkil etish va tugatishning aniq tartibi hamda bir-biridan farqlovchi mezonlarni belgilash.
19. Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ommaviy axborot vositalarida ushbu Farmonning maqsad va vazifalari keng yoritilishini tashkil etsin.
20. Adliya vazirligi bir oy muddatda ushbu Farmondan kelib chiqib, qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan takliflar kiritsin.
21. Farmon ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida