Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart To‘qayevning O‘zbekistonga uyushtirilgan Davlat tashrifi yakuni bo‘yicha ikki mamlakatning vazirlik va idoralari, yirik kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kuchaytirishga yo‘naltirilgan 15 ta hujjat imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi va Qozog‘iston Respublikasi Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi o‘rtasidagi Hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolangan hujjatlardan biridir. Mazkur Memorandum doirasida Tomonlar strategik rejalashtirish, davlat rejalashtirish tizimi sohasidagi hujjatlarni tayyorlash, strategik prognozlash, islohotlar amalga oshirilishining borishi va samarasini monitoring qilish va baholash, davlat hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini baholash sohasidagi davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishga kelishdilar.
Maʼlumot uchun: Qozog‘iston Respublikasi Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi joriy holat tahlili, yuzaga kelgan tendensiyalar, jahon tajribasini tahlil qilish va shu asosda islohotlarni amalga oshirish va monitoring qilish yondashuvlarini ishlab chiqish bo‘yicha masʼul davlat organi hisoblanadi. Islohotlar bo‘yicha Oliy Kengashga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti rahbarlik qiladi.
Strategik islohotlar agentligi Matbuot xizmati