Tokioda Oʻzbekiston Strategik islohotlar agentligi Bosh direktori Shuhrat Vafoyev va Liberal-demokratik partiyasi Vakillar palatasi aʼzosi, Yaponiya-Oʻzbekiston parlamentlararo doʻstlik ligasi ijroiya qoʻmitasi rahbari Keysuke Suzuki uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, moliyaviy-texnikaviy hamkorlik hamda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda ijobiy dinamika qayd etildi.
Keysuke Suzuki bundan keyin ham Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiyani har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga, shuningdek, mintaqaning iqtisodiy farovonligiga koʻmaklashishga tayyor ekanligini bildirdi.
Yaponiya Liberal-demokratik partiyasi vitse-prezidenti Taro Asoning 2023-yilda mamlakatimizga boʻladigan tashrifi doirasida Oʻzbekiston va Yaponiya parlamentlararo forumining 4-yigʻilishi, shuningdek, ikki davlatning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillarining qoʻshma biznes anjumanini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.
“Dunyo” AA