Yaponiyada boʻlib turgan Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi bosh direktori Shuhrat Vafoyev boshchiligidagi delegatsiya Tokioda oʻtkazilgan Markaziy Osiyo investitsiya forumida ishtirok etdi.
YETTB banki tomonidan Yaponiya hukumati, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JEYBIK) va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JAYKA) hamkorligida tashkil etilgan tadbir “Barqaror oʻsish uchun koʻpriklarni barpo etamiz” shiori ostida oʻtkazildi.
Uning shoʻba yigʻilishlari mintaqadagi energetika sektorini transformatsiya qilish, “yashil energetika” va ilgʻor infratuzilmani rivojlantirish masalalariga bagʻishlandi.
Forumdan koʻzlangan maqsad Yaponiya kompaniyalari, moliya institutlari va xususiy banklarining eʼtiborini Markaziy Osiyoga jalb qilish, shuningdek, mintaqadagi savdo va sarmoya bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilishdan iborat boʻldi.
Tadbirda YETTB prezidenti Odil Reno-Basso, Yaponiya moliya vaziri oʻrinbosari Masato Kanda, Yaponiya xalqaro hamkorlik banki raisi Nobumitsu Xayashi, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi katta ijrochi vitse-prezidenti Junichi Yamada, Qirgʻiziston Vazirlar mahkamasi raisi Oqilbek Japarov, Tojikiston Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Davlatali Said, Turkmaniston moliya va iqtisodiyot vaziri Muhammadgeldi Serdarov, Qozogʻiston bosh vaziri oʻrinbosari, moliya vaziri Yerulan Jamaubayev, Moʻgʻuliston Bosh vaziri oʻrinbosari, iqtisodiy rivojlanish vaziri Chimeydiyn Xurelbaatar qatnashdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari forumning yalpi majlisida, shuningdek, “Energetika sektorini transformatsiya qilish – Markaziy Osiyoda sof energetika” va “Intellektual infratuzilmani rivojlantirish imkoniyatlari” shoʻba majlislarida soʻzga chiqib, mamlakatimiz iqtisodiyotining ushbu tarmoqlarining rivojlanishi va salohiyati haqida batafsil maʼlumot taqdim etdi.
“Dunyo” AA