Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy O‘zbekistonga tashrifi doirasida “Quality Award” O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari samaradorligi mukofoti” dasturining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi va BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vazirligi tomonidan tashkil etildi.
“Quality Award O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari samaradorligi mukofoti” Birlashgan Arab Amirliklarida BAA Vitse-Prezidenti va Bosh vaziri Shayx Muhammad ibn Rashid al-Maktum tashabbusi bilan BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad ibn Abdulloh al- Gargaviy rahbarligida amalga oshiriladi.
Dastur “UAE Vision” BAA uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi va “Dashboard” – rivojlanishning strategik maqsadlarining amalga oshirilishini monitoring va nazorat qilish platformasi bilan bir qatorda, BAAni yashash darajasi, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, taʼlim va ishbilarmonlik jozibadorligi bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi mamlakatlardan biriga aylantirishga qaratilgan davlat siyosatining asosi hisoblanadi.
Dasturning asosiy maqsadi – BAA davlat organlari samaradorligini 2 yillik baholash sikllarini o‘tkazish hamda BAA milliy taraqqiyot dasturining maqsadlariga erishishga doir majburiyatlarni sifatli va o‘z vaqtida bajargan davlat idoralarini taqdirlash.
Dasturni O‘zbekistonda tatbiq etish to‘qqizta bosqichni o‘z ichiga oladi:
- Davlat organlarini samaradorlikni baholashga tayyorlash hamda vazirlik va idoralarning salohiyati va resurslarini o‘rganish, ularning joriy samaradorligini aniqlash orqali Dasturning boshlanishini rejalashtirish, mukofotlar mezonlari va toifalarini ishlab chiqish va tasdiqlash.
- Vazirlik va idoralar xodimlarini samarali davlat boshqaruvi sohasida o‘qitish.
- Tayyorgarlik dasturlariga asoslangan holda davlat organlari samaradorligini baholashning o‘zbek Metodikasini ishlab chiqish.
- Davlat organlarining samaradorligini baholashni boshqarish tizimini ishlab chiqish, mukofotlash tuzilmasini – majburiyatlarni, mukofotlar toifalarini (eng yaxshi rahbar, eng yaxshi vazirlik va boshq.) va baholash davomida foydalaniladigan baholash vositalarini belgilash.
- Dasturning tantanali boshlanishi.
- Faoliyat samaradorligini oshirish va baholash masalalarida davlat xizmatchilarining salohiyatini yaxshilash (ishtirokchilarga Metodikani o‘rgatish).
- Ishlab chiqilgan samaradorlikni baholashning o‘zbek Metodikasi asosida davlat muassasalari faoliyatini baholashning birinchi bosqichini o‘tkazish.
- Birinchi bosqich yakuni bo‘yicha “Quality Award” davlat organlarini mukofotlash marosimi.
- Dasturning keyingi bosqichlarini takomillashtirish maqsadida birinchi bosqichi natijalari bo‘yicha tanqidiy tahlil o‘tkazish, baholash komissiyasining (xorijiy va mahalliy ekspertlar) fikr-mulohazalarini, foydalanilgan baholash vositalari va mukofotlar toifalarini o‘rganib chiqish.
BAA vakillari tomonidan O‘zbekiston davlat organlarining ayni vaqtdagi sharoit va imkoniyatlarini inobatga olib, birinchi bosqich uchun Institutsional mukofotlar – eng yaxshi vazirlik, davlat qo‘mitasi va agentlik toifalarini qo‘llashni tavsiya qilindi. Individual mukofotlar sifatida esa – eng yaxshi vazir, vazir o‘rinbosari, bosh direktor va bosh direktor o‘rinbosari toifalari joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Nihoyat, institutsional va individual toifalarda sub-mukofotlar (milliy strategiyani amalga oshirishda eng yaxshi idora, innovatsiyalarni joriy qilish bo‘yicha eng yaxshi idora, eng yaxshi rahbar va h.k.) bo‘lishi ham rejalashtirilgan.
Baholash mezonlarida Amirliklar tomoni ishtirok etayotgan davlat organining imkoniyatlari va erishgan natijalarini asos o‘laroq olishni tavsiya qildilar (masalan, funksional vazifalarni bajarish sifati, ko‘rsatilgan xizmatlar soni, berilgan hujjatlar soni, ko‘rsatilgan xizmatlar sifati, mazkur xizmatlar foydalanuvchilarining qanoatlanish darajasi va boshq.).
Dasturni samarali boshlash va o‘tkazish uchun BAA vakillari O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining kamida 80 foizini qamrab olish zarur deb hisoblashmoqda.
Baholashda xolislik va mustaqillikni taʼminlash uchun Dasturni realizatsiya qilishga masʼul sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Bosh vaziriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysinadigan davlat organini belgilash lozimligi qayd etildi.
Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligiga yuklatilgan vazifalarni, shuningdek Dasturni realizatsiya qilish shartlarini inobatga olib, Agentlik Dasturning respublikada realizatsiya qilinishi uchun masʼul ishchi organ etib belgilandi.
Strategik islohotlar agentligi Matbuot xizmati