O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat va jamiyatning turli sohalari isloh qilinib, ular doirasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, biznes muhitini yaxshilash, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya va modernizatsiya qilish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda jahondagi tez o‘zgaruvchan siyosiy-iqtisodiy vaziyat milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish, aholining yashash sharoitlarini yanada yaxshilash va inson kapitalini yuksaltirish bo‘yicha yangi yo‘nalishlarda ta’sirchan islohotlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.
2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishni samarali tashkil etish, islohotlarning uzviyligini ta’minlash orqali ularni amalga oshirishda yagona yondashuvlarni shakllantirish va joriy etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tashkil etilsin.
2. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:
mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, ularning amalga oshirilishini tashkil etish va nazorat qilish;
soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni tanqidiy tahlil qilgan holda ularning samaradorligini baholash, rasmiyatchilik, sansalorlik va korrupsiyaviy holatlarga sharoit yaratuvchi tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rish;
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va davlat dasturlarining ijrosini monitoring qilish asosida ularning to‘laqonli va sifatli amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
xalqaro moliya institutlari, chet el tashkilotlari va xorijiy mutaxassislarni hamda beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb qilish ishlarini tizimli tashkil etish, ular bo‘yicha axborot va hisobotlarning ma’lumotlar bazasini yaratish;
davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, jumladan hisobotlarni xalqaro standartlar asosida tuzish, boshqaruv organlari tarkibiga mustaqil a’zolarni kiritish va sohaga oid bo‘lmagan aktivlardan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligini monitoring qilish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining kengashi (keyingi o‘rinlarda – Kengash) 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Belgilab qo‘yilsinki:
Kengash Agentlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini, samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlarini, uning faoliyati bilan bog‘liq boshqa qarorlarni, shuningdek, Agentlik tomonidan o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar, “yo‘l xarita”lari va dasturlarni tasdiqlaydi;
Kengash majlislari Kengash raisi yoki uning topshirig‘iga muvofiq rais o‘rinbosari boshchiligida o‘tkaziladi;
Kengash majlislarida qabul qilingan qarorlar barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi.
4. 2022-yil 1-oktabrdan boshlab soha va tarmoqlarda islohotlarni amalga oshirish, ularni muvofiqlashtirish hamda natijadorligini baholash tartibi joriy etilsin va unga ko‘ra Agentlik:
a) alohida soha va tarmoqlarni isloh qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha:
har yili 1-oktabrga qadar keyingi yil uchun isloh qilinadigan tegishli soha va tarmoqlar bo‘yicha ish rejani tasdiqlash uchun Kengashga kiritadi;
mahalliy va xorijiy ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralarning vakillarini (asosiy ish joyidagi ish haqi saqlangan holda) jalb etgan holda Agentlik xodimi rahbarligida loyiha guruhlarini (ofislarini) shakllantiradi;
loyiha guruhlari (ofislari) tomonidan joriy holatning chuqur tahlil qilinishi, baholanishi va takliflar ishlab chiqilishi bo‘yicha texnik topshiriqni shakllantiradi va konsalting tashkilotlarini jalb etgan holda tegishli soha va tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha “yo‘l xarita”larini ishlab chiqadi;
“yo‘l xarita”laridagi konseptual masalalar bo‘yicha qaror qabul qilish uchun Kengash majlisini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqadi;
soha va tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha “yo‘l xarita”lari, jumladan ularda nazarda tutilgan masalalar yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi yoki uning ishlab chiqilishi va kelishilishini muvofiqlashtiradi;
islohotlarga doir qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini doimiy monitoring qiladi, ularni amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlab, bartaraf etish choralarini ko‘radi;
b) tegishli vazirlik va idoralar tomonidan islohotlarning amalga oshirilishini baholash bo‘yicha:
har yili 1-noyabrga qadar Agentlikning tegishli soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni baholash bo‘yicha ish rejasini tasdiqlash uchun Kengashga kiritadi;
mustaqil ekspert va mutaxassislarni jalb etgan holda har bir soha va tarmoq bo‘yicha ekspertlar guruhlarini tashkil etadi;
har chorakda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini baholab boradi va erishilgan natijalar, kamchilik, muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ko‘rsatgan holda baholash yakunlari to‘g‘risida Kengashga axborot kiritadi;
islohotlarni amalga oshirish holati bo‘yicha vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotini Kengashda ko‘rib chiqish uchun uning majlisini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqadi.
5. Belgilansinki:
soha va tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha “yo‘l xarita”larini ishlab chiqish, amalga oshirish hamda ushbu jarayonlarni baholash uchun konsultantlar Agentlik tomonidan yoki u bilan kelishilgan holda jalb etiladi;
mas’ul vazirlik va idoralar loyiha guruhlari (ofislari) va konsalting tashkilotlari faoliyat ko‘rsatishi uchun beg‘araz ravishda yetarli sharoitlarni (bino, xona, texnika vositalari va boshqalar) yaratadi;
soha va tarmoqlarni isloh qilish bo‘yicha “yo‘l xarita”larini amalga oshirish bevosita mas’ul vazirlik va idora tomonidan amalga oshiriladi va ularning birinchi rahbarlari mazkur masalalar yuzasidan javobgar hisoblanadi;
mas’ul vazirlik va idoralar soha va tarmoqlarni isloh qilish hamda davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida keyinchalik Kengashga kiritish uchun Agentlikka har oyda ma’lumot taqdim etadi;
Adliya vazirligi har chorakda Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va davlat dasturlarining ijrosi bo‘yicha umumlashtirilgan tahliliy ma’lumotni Agentlikka kiritib boradi.
6. 2022-yil 1-oktabrdan boshlab quyidagi tartib joriy etilsin:
a) soha va tarmoqlarni isloh qilish jarayonlariga xalqaro moliya institutlari, chet el tashkilotlari va xorijiy mutaxassislarni hamda beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb qilish Agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
b) xalqaro moliya institutlari va xalqaro tashkilotlar missiyalari tomonidan islohotlar dasturlari, jumladan mamlakatni kompleks baholash Agentlik bilan hamkorlikda o‘tkaziladi;
v) har bir vazirlik va idora xalqaro tashkilotlar, moliya institutlari va ekspertlarning rasmiy xulosa va hisobotlarini ular taqdim etilgan kundan keyin bir hafta muddatda Agentlikka taqdim etadi. Bunda, mazkur Farmon qabul qilingunga qadar tayyorlangan hisobot va xulosalar 2022-yil 1-noyabrga qadar Agentlikka taqdim etiladi;
g) har chorak yakuniga ko‘ra Kengash majlisi o‘tkaziladi va unda quyidagi masalalar muhokama qilinadi:
mamlakatni strategik rivojlantirishning joriy va istiqboldagi rejalari va ularni amalga oshirish bo‘yicha takliflar;
islohotlarni samaralari amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq manzilli chora-tadbirlar;
hududlarda ochiq muloqotlar doirasida aholining bildirgan fikr va mulohazalari asosida hududdagi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy holat, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha choralar.
7. Belgilansinki:
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda tegishli sohalarda kompleks islohotlarni chuqurlashtirish va liberallashtirish borasidagi strategik masalalar yuzasidan ishlab chiqilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining maqsadga muvofiqligi Kengash majlislarida ko‘rib chiqiladi;
Kengash tomonidan maqsadga muvofiq deb topilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi, bunda mazkur normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini boshqa idoralar bilan kelishish talab etilmaydi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Belgilab qo‘yilsinki:
Agentlik bosh direktori va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Agentlik bosh direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shart-sharoitlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisiga tenglashtiriladi,
bosh direktorning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari esa tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlariga tenglashtiriladi;
Agentlik xodimlari Agentlik bosh direktori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari bilan kelishilgan holda lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Agentlik xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijro etuvchi apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash razryadlari va ish haqi miqdorlari tatbiq etiladi.
10. O‘zbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Agentlikka o‘tkazilsin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) etib qayta nomlansin.
Belgilansinki:
Jamg‘arma mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda tasarruf etiladi;
Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan belgilanadi.
11. Belgilab qo‘yilsinki Davlat budjeti mablag‘lari, Jamg‘arma mablag‘lari, Agentlikning budjetdan tashqari mablag‘lari, vaqtincha bo‘sh mablag‘larni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
12. Belgilansinki, Agentlik o‘z vazifalarini amalga oshirishda quyidagi huquqlardan foydalanadi:
islohotlar yo‘nalishlari bo‘yicha loyiha guruhlarini (ofislarini) tashkil etish, konsalting tashkilotlarini jalb etish hamda malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga ish haqini milliy yoki chet el valyutasida to‘lash;
davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalari mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, shuningdek, mahalliy va xorijiy olimlar hamda mutaxassislarni shartnoma asosida tadqiqot va tahlil olib borish ishlariga jalb qilish;
xalqaro moliya institutlari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlik bo‘yicha va boshqa shartnomalarni tuzish;
davlat organlari va tashkilotlaridan zarur statistik, tahliliy hamda boshqa ma’lumotlarni so‘rash va olish;
davlat organlari va tashkilotlarining elektron axborot tizimlaridan bepul foydalanish hamda ushbu tizimlarni Agentlikning elektron tizimlariga integratsiya qilish.
13. Vazirlar Mahkamasi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda Agentlikni joylashtirish choralarini ko‘rsin.
14. Agentlik:
bir oy muddatda Agentlik to‘g‘risidagi nizomni, xarajatlar smetasini, Agentlik xodimlarining mehnatga haq to‘lash shartlarini, shuningdek, Agentlik hamda u tomonidan tashkil etiladigan loyiha ofislari faoliyatini moliyalashtirish manbalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbariga tasdiqlash uchun kiritsin;
ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflarni kiritsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining rahbar xodimlari, mutaxassislari va xizmatchilarini moddiy rag‘batlantirish va mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3976-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilsin.
16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev