Bu yil Oʻzbekistonda keng koʻlamli islohotlarning, milliy taraqqiyotimizning ikkinchi strategik davri boshlandi. Yaʼni, 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarib, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi ijrosiga kirishdik.
Eng avvalo, strategik rivojlanish yoʻli afzalliklari va bu borada erishilgan natijalar koʻz oldimizdan oʻtadi. Umuman olganda, strategiya, bu – sanʼat. Boshqaruvni toʻgʻri va istiqbolli rejalashtirish sanʼati. Shu maʼnoda, islohotlarning “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida rivojlanishi, xalqimiz turmushi farovonligini taʼminlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarimiz ham mohirona boshqaruv tizimidan darak beradi.
Gap shu haqda borar ekan, Prezidentimiz mustaqilligimizning oʻttiz bir yillik bayramiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida yangi Oʻzbekistonni barpo etish va rivojlantirishning muhim yoʻnalishlarini belgilab berganini ham alohida tilga olamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi direktori Laziz QUDRATOV bilan suhbatimiz ham davlatimiz rahbari belgilab bergan yangi vazifalar mazmun-mohiyati va strategik maqsadlarga erishish yoʻlidagi hayotiy tashabbuslarning amaliy ifodasi haqida boʻldi.
— Davlatimiz rahbarining mustaqilligimizning 31 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi barchamizda katta taassurot qoldirdi, — dedi L.Qudratov. — Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bugungi Oʻzbekiston — bu kechagi Oʻzbekiston emas. Bugungi xalqimiz ham kechagi xalq emas. Mamlakatimiz pandemiya va global inqirozning salbiy taʼsirlariga qaramasdan, erkin, obod va farovon hayot qurish yoʻlidan dadil olgʻa bormoqda.
Prezidentimiz oʻz nutqida yurtimizni yanada taraqqiy ettirishning beshta muhim yoʻnalishida amalga oshiriladigan ishlarni alohida belgilab berdi. Bugun shu yoʻnalishlarda aniq rejalar tuzib, oldimizga katta maqsadlarni qoʻyganmiz. Bu yoʻlda, albatta, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi barchamiz uchun muhim dasturilamal vazifasini oʻtaydi.
— Prezidentimiz rahbarligida erishilayotgan har bir yutuq va natijalar samaradorligi, albatta, strategik rivojlanish tamoyillariga oʻtilgani bilan izohlanadi. Shu maʼnoda, bugun siz rahbarlik qilayotgan agentlikning asl maqsadlari ham oydinlasha boshlaydi. Aytingchi, strategik rivojlanish, deganda qanday yoʻlni tushunish kerak.
— Jadal rivojlanish, jahon iqtisodiyotidagi va geosiyosatdagi oʻzgarishlar davrida mamlakat va uning hududlarini barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda yangi yondashuv va vositalardan foydalanish ehtiyoji yuzaga keladi. Strategik rivojlanish yoʻli ana shunday muhim jarayonda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yoʻnalishlarini belgilashni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar majmuidir. Oʻzbekiston bu boradagi islohotlarni amalga oshirishda izchillik va uzviylik yoʻlini tanladi. Asosiy maqsadimiz demokratiyaning umumeʼtirof etilgan meʼyorlariga, inson huquqlari va erkinliklariga, xalqaro hamjamiyat bilan doʻstlik va hamkorlik tamoyillariga tayangan holda koʻp millatli xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayotni taʼminlashdan iborat. Shu bois, bugungi kunda agentlik strategik rejalashtirish tizimini joriy etish masalasini oʻz faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida koʻrmoqda.
Endi “strategik rivojlanish” atamasiga toʻxtaladigan boʻlsak, bu tushuncha keng maʼnoga ega boʻlib, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarda yuqori maqsadlarga erishishga qaratilgan usullar va yoʻnalishlarni anglatadi. Ushbu tushunchani aynan Strategik rivojlanish agentligi nuqtayi nazaridan izohlaydigan boʻlsak, tashkilotimiz faoliyatining aniq yoʻnalishlari Prezidentimizning 2021-yil 19-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida belgilangan. Xususan, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari raqobatbardoshligi, jozibadorligi va eksport salohiyatini yanada oshirish uchun shart-sharoit yaratishga qaratilgan strategik masalalarni oʻrganish va ularni takomillashtirish, investitsiya faoliyatining istiqbolli tarmoqlari va yoʻnalishlarini aniqlash, investitsiyalarni jalb etish, loyihalarni amalga oshirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish ustuvor vazifamizdir.
— Strategik rivojlanish sohasida Oʻzbekiston uchun qaysi ilgʻor davlatlar modeli namuna boʻla oladi yoki oʻrganish mumkin va bu bizga nima beradi?
— Strategik rivojlanishga doir xalqaro tajribani oʻrganishda BAA, Malayziya, Saudiya Arabistoni , Singapur, Buyuk Britaniya, Fransiya va Rossiya kabi mamlakatlarning yondashuvlarini alohida qayd etish mumkin.
Strategik rejalashtirish markazlashtirilgan tartibda, nazorat ostida strategik rejalashtirishning iyerarxik tizimini qurish imkonini beradi. Ushbu tizimda hukumat asosiy rivojlanish maqsadlarini belgilaydi. Bu esa xarajatlarni nazorat qilish, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, jamoatchilik, ilmiy doiralar va biznes hamjamiyati bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, uzoq muddatli, barqaror jahon trendlarini oʻrganish va hodisalar rivoji ssenariylarini rejalashtirish imkonini beradi.
— Agentlik tashkil topganiga hali koʻp vaqt boʻlmadi. Oʻtgan qisqa vaqtda qanday muhim loyihalarni amalga oshirishga muvaffaq boʻlindi va qanday natijalarga erishildi?
— Agentlik oʻz vazifalari doirasida, xususan mamlakatda investitsiya muhitini va tashqi savdo faoliyatini takomillashtirish, hududlar raqobatbardoshligini oshirish uchun sharoit yaratish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirish yoʻnalishida doimiy ravishda axborot-tahliliy tadqiqotlar oʻtkazmoqda, muammolarni aniqlab, hal qilish boʻyicha takliflar taqdim etmoqda. Iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilishga doir muhim tizimli muammolar yechimini ishlab chiqish maqsadida tadbirkorlar bilan muntazam uchrashuvlar tashkil qilinmoqda. Strategik rejalashtirish tizimini tatbiq etish maqsadida amaliy choralar va tizimning asosiy yoʻnalishlari belgilangan, strategik hujjatlarni tizimli ishlab chiqish, amalga oshirish va nazorat qilish mexanizmining asoslari shakllantirilgan.
Mamlakatni 2040-yilgacha rivojlantirishning uzoq muddatli yondashuvini ishlab chiqish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bu mamlakatni uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirishni belgilab beruvchi strategik hujjatdir. Inson qadri strategik rivojlanishning asosiy tamoyili boʻlib, yangi strategik yondashuv sifatida qabul qilinayotgan qarorlar va ishlab chiqilayotgan rivojlanish strategiyalari boshida inson ehtiyojlari va xohish-istaklari turishi bugungi islohotlarning muhim ahamiyatini namoyon etadi.
Xalqaro ekspertlar ishtirokida erkin iqtisodiy zonalar faoliyati oʻrganildi. Oʻrganish natijalari boʻyicha Investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish va investorlarga qulay sharoit yaratishga qaratilgan takliflar ishlab chiqildi va tegishli hujjat loyihasi davlat rahbariga kiritildi. Natijada, Prezidentimizning farmoni qabul qilindi. Farmon bilan maxsus iqtisodiy zonalar faoliyati samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan bir qator chora-tadbirlar belgilandi. Bundan tashqari, maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish tizimini yanada muvofiqlashtirish maqsadida katta tajribaga ega boʻlgan xorijlik xususiy operatorlar bilan hamkorlik oʻrnatish masalasi ham koʻzda tutilmoqda.
Shu kunlarda agentligimiz Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, BAA Hukumat ishlari vazirligi bilan hamkorlikda mamlakat rahbariyati uchun “Dashboard” tashkil qilish maxsus dasturiy majmuasini ishlab chiqish ustida ish boryapti. Mazkur tizimning tatbiq etilishi milliy taraqqiyot strategiyalari amalga oshirilishini, alohida maqsad va dasturlar kesimida eng muhim oʻsish koʻrsatkichlarini, vazirlik va idoralar natijadorligini, byudjetning davlat dasturlari kesimida oʻzlashtirilishini monitoring qilish imkonini beradi.
— Agentlik tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish, yurtimizda tadbirkorlik, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qanday hissa qoʻshmoqda?
— Investitsiya muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida agentlik mutaxassislari xalqaro ekspertlar bilan birgalikda erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini oʻrgandi. Oʻrganish natijalariga koʻra, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini takomillashtirish va investorlarga qulay sharoitlar yaratish borasida takliflar ishlab chiqildi va Prezidentga hujjat loyihasi sifatida kiritildi. Pirovardida, Prezidentimizning 2022-yil 13-iyundagi “Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra maxsus iqtisodiy zonalar maʼmuriy kengashlari tugatilib, ularning vazifalari maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalariga yuklatildi. Bu bilan direksiyalar vakolatlari oshirildi. Misol uchun, oldinlari investitsiya loyihalarining biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslari uchun “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK xulosasini olish talab qilinar edi. Endilikda bu xulosalar direksiyalar tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinadi.
Aholi turmushini yaxshilash va tadbirkorlar faolligini oshirishga qaratilgan dolzarb takliflar roʻyxatini shakllantirish borasida agentlik mutaxassislari tomonidan Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 801 ming 519 murojaat oʻrganilib, tizimlashtirildi. Tadbirkorlik faoliyatiga oid murojaatlarda keltirilgan muammolarni hal etishdagi takliflarni ishlab chiqish uchun 25 vazirlik va idora bilan muhokamalar oʻtkazildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik boʻyicha shtabga kelib tushgan 7000 dan ziyod murojaat oʻrganildi. Ulardan 6621 tasi – tadbirkorlarning individual muammolari, 549 tasi – tizimli muammolarni hal etish boʻyicha takliflardan iborat edi. Oʻrganish natijalari boʻyicha Strategik rivojlanish agentligi tomonidan investitsiya muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan takliflar davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi.
— Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bugungi islohotlarning ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Bu borada agentlik qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda va qanday natijalarga erishildi? Istiqboldagi rejalar haqida ham maʼlumot berib oʻtsangiz.
— Strategik rivojlanish agentligi zimmasidagi vazifalardan biri iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning investitsiyaviy jozibadorligi reytingini shakllantirishdir. Shu bois, hududlarning investitsiya muhitini har tomonlama baholash va investitsiyalarni jalb etishda sogʻlom raqobatni, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishdagi muammolarga yechim topishda davlat organlari faoliyati samaradorligini baholash maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi hududlari investitsiya muhiti milliy reytingi” shakllantirildi.
Milliy reyting xorijiy ekspertlar tajribasiga tayangan holda ishlab chiqildi. Ushbu reyting 2 qismdan — statistik maʼlumotlar tahlili orqali hududdagi investitsiya salohiyatini, ekspertlar fikrlari hamda tadbirkorlar oʻrtasida soʻrov oʻtkazish orqali esa biznes yuritish qulayligini baholashdan iborat.
“Ernst & Young” kompaniyasi koʻmagida umumiy va maxsus toʻplam boʻyicha tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazildi. Natijalarga koʻra, eng yaxshi va eng yomon amaliyotlar asosida har bir hududning investitsiya talablari boʻyicha standartlari ishlab chiqilishi nazarda tutilgan. Hudud strategiyasi investitsiyaviy ustuvor yoʻnalishlarni, jumladan, rivojlantirishning ilgʻor texnologiyalari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, ishlar va xizmatlar turlari, amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarni belgilashi kerak. Standartni joriy qilishni sinab koʻrish uchun tajriba hududi tanlanishi mumkin. Bu sohada davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarini ragʻbatlantirish tizimini yaratish, hududlarning investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan operatsion va strategik vazifalarni amalga oshirishning investitsiya salohiyati va samaradorligini baholash, hududlarga investitsiya oqimini oshirishga yordam beradi.
Bugungi kunda reyting toʻliq shakllangan. Uning metodologiyasi, ahamiyati va dolzarbligi haqida barcha hokimiyatlar mutaxassislari uchun tushuntirish ishlari olib borilyapti. Buning uchun doimiy ravishda onlayn konferensiyalar oʻtkazilyapti. Tez orada reyting natijalari eʼlon qilinadi.
— Sizningcha sohani yanada rivojlantirish uchun qanday islohotlarni amalga oshirish zarur?
— Birinchi navbatda, mamlakatda strategik rejalashtirish tizimining institutsional barqarorligini taʼminlash zarur. Mazkur sohaga oid qonunchilikning yanada isloh qilinishi byudjetlash tizimini strategik maqsadli koʻrsatkichlar bilan bogʻliqlikda maqbullashtirish, investorlar, jamiyat, biznes-tuzilmalarning ishonch darajasini oshirishga zamin yaratadi. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga koʻmaklashadigan shaffof axborot bazasini shakllantirish imkonini beradi.
Shuningdek, strategik rejalashtirishning yagona tizimi faoliyati metodologik doiralarini, strategik hujjatlarni ishlab chiqish, qabul qilish va amalga oshirish tartib-taomillarini ishlab chiqish hamda strategik rejalashtirish mutaxassislari bazasini shakllantirish lozim.
Uzluksiz va maqsadli barqaror rivojlanishni ragʻbatlantirish hamda uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan mamlakat kelajagi qiyofasini shakllantirish hamda uni xalqaro miqyosdagi rivojlanish maqsad va vazifalarida aniqlashtirish uchun mamlakatimizning kelgusi 15-20 yilga moʻljallangan yondashuvini ishlab chiqish zarur. Bu mamlakat yoʻnalishining konseptual ifodasi boʻlib, unda kelajakda qisqa muddatli va oʻrta muddatli strategik rejalashtirishning boshlangʻich nuqtasi sifatida foydalanish mumkin boʻlgan rivojlanishning asosiy yoʻnalishlari belgilab beriladi.
— Strategik rivojlanish boʻyicha koʻzlangan maqsadlarga erishishda xalqaro hamkorlikning oʻrnini qanday baholaysiz? Xususan, xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
— 2022-yil 10-11-may kunlari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Yevrosiyo mamlakatlari bilan ishlash boʻlinmasi delegatsiyasi hamda Strategik rivojlanish agentligi rahbariyatining ikki tomonlama uchrashuvi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasining Tbilisi shahridagi Yevrosiyo-2022 haftaligidagi ishtirokiga doir bir qator masalalar, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti va Oʻzbekistonning joriy qoʻshma loyihalari holati, shu jumladan, “Oʻzbekistonda xususiy sektor raqobatbardoshligini oshirish maqsadida raqamli savodxonlikni rivojlantirish” loyihasi, Markaziy Osiyoda savdo bogʻliqligini yaxshilash va tadbirkorlikning huquqiy muhitini monitoring qilish hamda Oʻzbekiston investitsiya siyosati sharhini oʻtkazish mavzulari muhokama qilindi. Shuningdek, agentlik mazkur tashkilot bilan hamkorlik doirasida korrupsiyaga qarshi kurashish, oʻzaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, raqobatbardoshlikni oshirish va investitsiyalarni jalb qilish, transport logistikasi nuqtayi nazaridan oʻzaro bogʻliqlik hamda yashil iqtisodiyot kabi bir nechta muhim yoʻnalishlarga ham eʼtibor bermoqda.
Agentlik Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Jahon banki bilan ham faol hamkorlik olib bormoqda. Jumladan, Jahon banki bilan birgalikda oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish loyihalari ustida ish olib borilmoqda. Birinchi loyiha doirasida muzokaralar oʻtkazilib, ularning yakuni boʻyicha tomonlar tajriba-sinov tariqasida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hududiy rejalarini, tajriba-sinov tariqasida 4 ta shahar bosh rejasini tayyorlash toʻgʻrisida kelishib oldi.
Ikkinchi loyiha boʻyicha Jahon banki tomonidan agentlikka toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasi loyihasining izohlarini olish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, agentlik Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan bir nechta muhim yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Misol tariqasida, Strategik rivojlanish agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi xodimlari uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda investorlar bilan ishlash koʻnikmalarini hosil qilish boʻyicha treninglar oʻtkazildi.
AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi bilan ham ikkita yangi loyiha boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bular – USAID Trade Central Asia va qulay ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash loyihasi konsepsiyalari.
2021-yil oktyabrdan 2026-yil sentyabrgacha davom etadigan birinchi loyihaning byudjeti 19 million AQSH dollarini tashkil etib, “DAI Global” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. USAIDning mazkur dasturi orqali bojxona va chegara nazorati jarayonlarini soddalashtirish, transchegaraviy savdo va investitsiyalar boʻyicha davlat-xususiy muloqotni kengaytirish, tijorat korxonalari oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash kabi maqsadlarga erishish imkonini beradi. AQSH bilan amalga oshirilayotgan ikkinchi loyiha esa Oʻzbekistonga maqsadli investitsiyalarni jalb qilish, davlat tuzilmalarining hamda xususiy sektor salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, xotin-qizlar va yoshlar uchun ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha ustuvor tadbirlarga qaratilgan.
Agentlikning asosiy hamkorlaridan yana biri Baqadagi hamkasblarimiz hisoblanadi. Ular bilan hamkorlikni yanada kengaytirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, Yevropa-Oʻzbekiston Iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi bilan ham bir nechta muhim yoʻnalishlarda kelishuvlarga erishilgan.
Prezidentimizning Rossiyaga tashrifi doirasida Strategik rivojlanish agentligi va Rossiyaning Strategik tashabbuslar agentligi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Oʻtgan qisqa davrda rossiyalik hamkasblarimiz bilan birgalikda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va biznes yuritish sharoitlarini yaxshilashga doir 15 hamkorlik yoʻnalishini oʻz ichiga olgan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Bunda asosiy eʼtibor oʻzaro tajriba almashish, investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha hamkorlikdagi choralarni ishlab chiqish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mamlakat aholisining yashash sifatini oshirishga qaratilgan.
Bir soʻz bilan aytganda, amalga oshirilayotgan loyihalar qamrovi keng, koʻlami katta. Bu ezgu ishlar, avvalo, xalqimiz manfaatiga, turmushimiz farovonligini oshirishga xizmat qilayotgani quvonarlidir. Taraqqiyot strategiyasi doirasida ushbu xayrli ishlar izchillik bilan davom ettiriladi. Bu chora-tadbirlar xalqimiz orzu qilgan erkin va farovon, obod va yuksak taraqqiy etgan yangi Oʻzbekistonni barpo etishda muhim tayanch boʻladi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Bahor XIDIROVA suhbatlashdi