Yaponiyaning «Mitsui & Co.» savdo kompaniyasi, dunyodagi eng yirik moliyaviy va sanoat kompaniyalaridan biri – «Mitsui Group» kompaniyasining bir qismi sifatida energetika, mashinasozlik, kimyo, oziq-ovqat, toʻqimachilik sanoati kabi tarmoqlarda faoliyat yuritadi.
Oʻzbekiston bozorida ham aynan shu tarmoqlarda ishtirok yetishga qiziqish bildirdi. Bu haqda, «Mitsui & Co. Moscow» kompaniyasining Bosh direktorining oʻrinbosari Kadzumasa Midyazava Strategik rivojlanish agentligi Bosh direktorining oʻrinbosari bilan boʻlgan uchrashuvda taʼkidladi.
Maʼlumot uchun: «Mitsui & Co.» dunyoning 100ta mamlakatida 65 dan ortiq ofislari mavjud boʻlib, ulardan 10 ta MDH davlatlarida joylashgan.
Yaponiya kompaniyasi vakillarining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekistonda sarmoya kiritish uchun qator strategik, jumladan, sogʻliqni saqlash, kimyo, energetika, toʻqimachilik sanoati, geologiya-qidiruv kabi sohalar mavjud.
Uchrashuv yakunida Agentlik va «Mitsui & Co.» oʻrtasidagi hamkorlik kelishuviga erishildi. Taʼkidlanganidek, istiqboldagi investitsiya loyihalari amalga oshirilishi natijasida Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi tovar aylanmasi hajmi oshishi kutilmoqda.
Strategik rivojlanish agentligi Matbuot xizmati