Bugun poytaxtimizda tadbirkorlar bilan “Ochiq muloqot haftaligi” boshlandi. Panel sessiyalari Oʻzbekistonda xususiy sektorni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlariga boʻlingan. Xorijiy va mahalliy tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga imtiyoz va preferensiyalar berish, xususiylashtirish va xususiy mulk daxlsizligini himoya qilish, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, soliq va bojxona toʻlovlari, davlat xaridlari va qimmatli qogʻozlar bozori masalalari shular jumlasidandir. Tadbirda 9 ta sessiya tashkil qilingan boʻlib, ularning har birida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
Xaftalikda mamlakatimizning barcha hududlaridan tadbirkorlar ham onlayn, ham oflayn rejimda ishtirok etishmoqda. Hukumat va xususiy sektor oʻrtasidagi aloqaga masʼul boʻlgan davlat tuzilmalari vakillariga koʻplab savollar kelib tushmoqda.
Misol uchun, bugungi kunda biznes vakillari subsidiyalar olish tartibini optimallashtirish va vaqtni qisqartirish zarurligi;
biznes uchun onlayn platforma yaratish, u orqali barcha kerakli maʼlumotlar biznesni qoʻllab-quvvatlash tizimini taqdim etish;
uzoq muddatli va raqobatbardosh moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini oshirish;
kichik sanoat zonalarini infratuzilma bilan taʼminlash;
kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash kabi qator masalalar muhokama qilinmoqda.
Panel sessiyalar ishi ertaga – 18-avgust kuni davom etadi. Bunda asosiy eʼtibor energetika tarmoqlarini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlarini moliyalashtirish va kreditlash, davlat organlari faoliyati va ularning iqtisodiyotga aralashuvi, ruxsatnomalar, litsenziyalar va sertifikatlar berish masalalariga qaratilmoqda.