Joriy yilning 7-8-iyul kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligida “Toshkentda xalqaro moliya markazini tashkil qilish: rivojlanish modeli va faoliyatning eng muhim yoʻnalishlari” sessiyasi doirasida ilgʻor xalqaro ekspertlar, moliyachilar, investorlar uchrashdilar. Ular Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM) Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qanday afzallik va imkoniyatlar berishini muhokama qilib, oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdilar.
Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil qilish ishlari ichki moliya bozorini rivojlantirishni, xalqaro infratuzilma bilan integratsiyani, raqamli moliya sohasida ixtisoslashuvning rivojlanishini, islom moliyasi va anʼanaviy moliya bozorlari oʻrtasidagi koʻprikni, milliy va transchegaraviy operatsiyalar hajmini oshirishni nazarda tutadi. Bugungi kunda mamlakatda ushbu rejalarni amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlar yuzaga kelganini koʻrish mumkin.
Yangi Oʻzbekistonning qurilish talablariga muvofiq Moliya sektori
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi keng koʻlamli va chuqur islohotlarni oʻz ichiga olgan. Kelgusidagi oʻzgarishlar mamlakatni iqtisodiy, texnologik va ijtimoiy rivojlantirishning yaxlitligi va oʻzaro bogʻliqligi tushunchasiga asoslangan. Moliya sektori 100 ta umummilliy maqsadlardan 39 tasiga erishishga hissa qoʻshadi hamda Strategiyaning barcha yetti yoʻnalishida ishtirok etadi. Xususan, YAIMda xususiy sektor ulushini 2026-yilgacha 45 foizdan 80 foizgacha oshirish, davlat ulushi mavjud boʻlgan tijorat banklarida tranformatsiya jarayonlarini yakunlash, xususiy sektorning bank tizimi aktivlaridagi ulushini 15 foizdan 60 foizgacha oshirish vazifalari mavjud. Bozor iqtisodiyotining bunday keskin oʻsishi Oʻzbekiston moliya bozoriga xorijiy investorlar eʼtiborini jalb qilish, milliy bozorning xorijiy savdo maydonchalari bilan aloqa oʻrnatishi uchun koʻpriklar tashkil qilish, yangi xalqaro moliya oqimlarini jalb qilish kabi noyob tarixiy imkoniyatni beradi. Bunga esa Toshkentda xalqaro moliya markazi maydonchasini rivojlantirish hisobidan erishish mumkin.
Oʻzbekistonning “yashil” tarmoqlari xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishi mumkin. Bugun dunyoda moliya bozorlari “Yashil iqtisodiyotning” samarali yondashuvini va rivojlanishini taʼminlaydi. Xalqaro investorlar yashil investitsiyalar hajmini oshirmoqdalar. 2021-yilda dunyoda barqaror obligatsiyalarning chiqarilishi 859 mlrd AQSH dollariga yetdi, bu 2020-yilning koʻrsatkichidan 1,5 baravar ortiq. Ushbu trend boʻshayotgan ichki investitsiya resurslarini iqtisodiyotning boshqa sohalariga yoʻnaltirish imkonini beradi.
TXMMni rivojlantirishning iqtisodiy negizi
Oʻzbekiston Respublikasida 850 mingdan ortiq odamlar aksiyalar sohiblari hisoblanadilar. Shulardan 5 mingdan ortigʻi fond bozorida operatsiyalarni amalga oshiradi. Mamlakatda investorlarning keng bazasi oʻrtasida IPO oʻtkazish bilan bogʻliq ijobiy tajriba mavjud.
Xorijiy moliyaviy investorlar Oʻzbekistonni investitsiya kiritish hududi sifatida koʻrmoqdalar. Oʻzbekiston aksiyador kapitalining taxminan 2,5 foizi xorijiy investorlarga tegishli. Oʻzbekiston Respublikasining obligatsiyalari sakkizta xalqaro ETF (Exchange traded fund) portfeliga kiritilgan.
Xalqaro valyuta fondining prognoziga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi 2021-2026-yillarda YAIMning nominal hajmining oʻzgarish surʼati boʻyicha top-10 mamlakatlar qatoriga kiradi. Ularning ichida iqtisodiyot hajmi boʻyicha respublika toʻrtinchi oʻrinni egallaydi. Bu xalqaro investorlarning yurtimizga boʻlgan eʼtiborini kuchaytiradi.
TXMM geografiyasi
TXMM koʻp tomonlama moliyaviy muloqot va hamkorlik maydonidir. Markaz uchun uchta maqsadli hamkorlik yoʻnalishlari, yaʼni – Markaziy Osiyo mintaqasi ichidagi hamkorlik, Osiyo va Gʻarb mamlakatlari bilan oʻrnatiladigan hamkorliklar koʻrib chiqilmoqda.
Birinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish. Bunda Oʻzbekiston kuchli oʻrinlarga ega. Oʻzbekistonga mintaqaning 50 foiz aholisi va 20 foiz YAIM toʻgʻri keladi. Mamlakat ham mintaqaning ichida, ham mintaqa va xalqaro moliya bozori oʻrtasida moliyaviy xab xizmatini taklif qilishi mumkin. Oʻzbekiston kompaniyalarining aksiya bozorlari ochiqligi tufayli ularning Markaziy Osiyo bozoridagi kapitallashuvi oshadi. TXMMning global investorlar bilan doʻstona aloqalari mintaqadagi boshqa mamlakatlar kompaniyalarini xalqaro bozorda ilgari surish imkonini beradi.
Ikkinchidan, Osiyo mintaqasi oʻzligi doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish. Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasining taxminan 70 ofizi Osiyo mamlakatlariga toʻgʻri keladi. Rossiya, Xitoy, Qozogʻiston, Turkiya, Janubiy Koreya mamlakatlari asosiy savdo hamkorlari hisoblanadi. TXMM Oʻzbekiston va hamkor mamlakatlar moliyaviy infratuzilmalarining “yaqinlashuvini” va bu bilan savdo hamkorlari boʻlgan mamlakatlar oʻrtasida moliyaviy oqimlar harakatlarining tranzaksiya xarajatlarining pasayishini taʼminlashi, Oʻzbekistonga mahsulot yetkazib beruvchilarni mahalliylashtirish uchun ularning kapitallarini jalb qilishi, oʻzbek mahsulotlarini import qiluvchilarni korxonalarimizni birgalikda kengaytirishga qiziqitirishi mumkin.
Islomiy oʻzlik MENA mintaqasidan kapital jalb qilish, islomiy va noislomiy moliyalar oʻrtasida koʻprik boʻlish, TXMMning Yaqin Sharq moliya markazlari boʻlmish Dubay, Kasablanka, Abu-Dabi, Er-Riyad, Qatar, Quvayt kabi moliya markazlari bilan hamkorligi Oʻzbekistonning investitsiya salohiyatini rivojlantirish imkonini beradi.
Uchinchidan, Gʻarb bilan hamkorlikni rivojlantirish (AQSH, YEI mamlakatlari, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya). TXMMning Nyu-York, London, Parij, Frankfurt kabi ilgʻor gʻarb moliya markazlari bilan hamkorligi Oʻzbekiston investitsiya salohiyatining va real hamda moliya sektori kompaniyalarining rivojlanishini taʼminlaydi.
Geosiyosiy oʻzgarishlar sababli xalqaro investorlarda emitentlarning geografik diversifikatsiyasiga boʻlgan talab oshadi. Oʻzbekistondagi ESG-loyihalar ilgʻor mamlakatlar iqtisodiyotining ESG-transformatsiyasi majburiy sekinlashgani sababli qoʻyilmalar uchun yangi aktivlar izlayotgan moliyaviy investorlarning eʼtiborini jalb qiladi. Oʻzbekistonning oʻsayotgan iqtisodiyotining qimmatli qogʻozlariga investitsiya kiritish xorijiy investorlarga oʻz iqtisodiyotlaridagi xavflardan qochish imkonini beradi. Bu boʻlajak TXMMning geografik ixtisoslashuvini belgilashdagi keng yondashuv foydasiga qoʻshimcha dalil hisoblanadi.
Triada – rivojlangan ichki moliya bozori, xorijiy investorlar va moliyaviy texnologiyalar (moliya xizmatlaridagi texnologiya va innovatsiyalar) – Oʻzbekistonning moliya sanoatini oʻzgartiradi. Sunʼiy intellekt (SI), blokcheyn, bulutli hisoblash va katta maʼlumotlarni qayta ishlash moliya institutlarining raqobatbardoshligini belgilaydi, ularning mijozlariga moliya xizmatlarini olishda yengillik beradi, investitsiyalar boʻyicha turli imkoniyatlar taqdim etadi. Toshkentda xalqaro moliya markazini tashkil qilish jarayonida Oʻzbekiston milliy farovonlikni oshirish vazifasini hal qilishda ushbu ilgʻor tajribalardan, institut va texnologiyalardan foydalana oladi.
Xalqaro moliya markazi – bu yuqori sifatli xalqaro eʼtirof, shuningdek emitentlar, investorlar va moliya institutlari, majoritar va minoritar aksiyadorlar, sudlar, daʼvogarlar va javobgarlar oʻrtasida oʻzaro munosabatlar madaniyatini rivojlantirish, mijozlarga yoʻnaltirilgan moliyaviy infratuzilma xizmatlari, mehmondoʻstlik va biznesga eʼtibordir. TXMMnng tashkil etilishi Yangi Oʻzbekistonning global ijtimoiy muhitini shakllantirish loyihasidir.
Toshkentdagi Xalqaro moliya markazi mamlakatga qoʻshimcha investitsiyalar jalb qilish va iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini rivojlantirish orqali Oʻzbekistonning taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshadi. TXMM ishga tushirilgan islohotlar dasturlarini kuchaytiradi, moliya sektorining taraqqiyoti va uning islohotlarga bogʻliqligi hisobidan milliy iqtisodiyotni rivojlantirib, Oʻzbekiston fuqarolarining bir necha avlodlari farovonligini oshiradi.