Strategik rivojlanish agentligi va Xalqaro Moliya korporatsiyasi (XMK) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi erkin iqtisodiy zonalarining huquqiy va institutsional asoslarini takomillashtirish bo‘yicha ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Markaziy Bank, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqari agentligi, Eksportni rag‘batlantirish agentligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertizadan o‘tkazish markazi vakillari, “Uztrade” AJ; “O‘zsanoateksport” tashkilotlari XMK maslahatchisiga mamlakatning EIZlarini yana-da rivojlantirish uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan zarur vazifalar to‘g‘risida maʼlumot berishdi.
Ayni paytda XMK O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Agentlik bilan birgalikda erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini yana-da optimallashtirish loyihasi ustida ish olib bormoqda. Asosiy eʼtibor EIZ direksiyalari ishini batafsil o‘rganishga, keyinchalik uslubiy rivojlanish hujjatlarini ishlab chiqishga qaratilgan.
ARMAN JUBAYEV – Xalqaro Moliya korporatsiyasi maslahatchisi:
Bu hafta Strategik rivojlanish mutaxassislari bilan birgalikda Angren, Xozarasp va Urgut hududlaridagi EIZlar faoliyatini o‘rganish maqsadida ish safarlari uyushtirildi.
Biz direksiyalarning faoliyatini, ularning institutsional tashkiliy qismini, yuqori lavozimli xodimlarni tanlash qanday o‘tkazilishini, qanday o‘qitish va motivatsiyaga asoslanganligini, shuningdek EIZning uzoq muddatli rejalashtirish va uzoq muddatli moliyaviy barqarorligini ko‘rib chiqdik. Natijada, biz barcha EIZlar ham teng darajada samarali ishlamasligini aniqladik. Ularning aksariyati, u yoki bu tarzda, zonalarni boshqarish, asosan, nazorat qila olmaydigan maʼlum real sharoitlarning mavjudligi bilan bog‘liq. Shuning uchun XMK EIZning moliyaviy va marketing qismini mustahkamlash uchun bir qator uslubiy tavsiyalar ishlab chiqadi.
Shuni ham taʼkidlashni istardimki, hududlarda elektr, gaz, yo‘l qurilishi taʼminoti jihatidan taqdim etilayotgan xizmatlar sifati masalasi ham dolzarb bo‘lib turibdi. Buning yechimi sifatida EIZlarni mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda ishlab, ana shu infratuzilma harajatlarining bir qismini EIZ direksiyalariga yuklatish masalasini ko‘rib chiqishini maslahat bergan bo‘lardim.
Ishchi yig‘ilishda Agentlik vakillari bilan birgalikda IEZlarning boshqa tarmoq vazirlik va idoralari bilan o‘zaro hamkorligi bo‘yicha qator savollar berdik. Masalan, bank vakillari EIZning potensial ishtirokchilari bilan qanday munosabatda bo‘lishlari haqida gaplashildi. Shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi vakillari bilan muhokama qilingan yana bir masala direksiyalarning boshqaruv xodimlarini tanlash bilan bog‘liq bo‘ldi. Bugungi kunga qadar nomzodlar asosan mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tanlangan. Bu yerda EIZ direksiyalarining yuqori lavozimlari uchun xodimlarni tanlash jarayoni bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish kerak bo‘ladi.
Shu bilan birga, biz, birinchi navbatda, EIZlarning orasida tizimli tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishni, yaʼni hamkorlikni mustahkamlashni tavsiya etamiz. Ikkinchidan, biz bilamizki, dunyoning eng yaxshi amaliyotini o‘rganish bo‘yicha baʼzi ishlar qilingan va afsuski, hamma mamlakatlar ham bir xil sharoitda emas. Baʼzilarida eksportni rivojlantirish maqsadlari bo‘lsa, boshqalarida, jumladan O‘zbekistonda ish o‘rinlari yaratish masalasi turibdi. Bu yerda asosiy tavsiya, rejalashtirish maydonini kengaytirish va bu yo‘lda byudjet rejalashtirishning ustuvor yo‘nalishlari va usullarini juda tez o‘zgarib turishini inobatga olish kerak bo‘ladi.
So‘ngi yillarda EIZlarning boshqaruvi bir tashkilotdan boshqasiga o‘tib kelgan. Shularni inobatga olib ularga 5 yoki 10 yillik rivojlanish rejasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu orqali qo‘shimcha 10, 20, 30 minglik ishchi o‘rnini yaratishda kimga qancha mablag‘ kerakligini bilish mumkin bo‘ladi.
O‘zbekistonda Turkiya, Xitoy va Janubiy Koreya mamlakatlari EIZlarida qo‘llanilgan tajribani amaliyotga tadbiq etsa bo‘ladi, chunki ularning maqsadlari o‘zaro o‘xshash. Bu yerda EIZlar baʼzi masalalarda erkin harakatlarni amalga oshirishlari mumkin. Misol uchun ularga kim xizmat ko‘rsatishini EIZlarning o‘zlari tanlaydi. Buning ichiga bojxona, brokerlik va yetkazib berish xizmatlari ham kiradi. O‘z-o‘zidan bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilotlar ham EIZ ishtirokchisi hisoblanadi. Bu o‘z navbatida boshqaruv nuqtai nazaridan qaraganda xizmat ko‘rsatish sifatiga juda katta taʼsir ko‘rsatadi.
Strategik rivojlanish agentligi Matbuot xizmati