Oʻzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi rahbariyati Britaniya parlamenti Lordlar palatasi aʼzosi, “SC Strategy Ltd” kompaniyasi direktori Lord Aleksandr Karlayl bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Uchrashuvda Buyuk Britaniya va Oʻzbekiston oʻrtasida iqtisodiy munosabatlar, normativ-huquqiy baza va mamlakatning tashqi savdo masalalarini kengaytirish kabi mavzular muhokama qilindi.
“Oʻzbekiston bilan hamkorlikka boʻlgan qiziqish ortib borayotgani soʻnggi yillarda iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari bilan bogʻliq. Hamkorlikni mustahkamlash, Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya munosabatlarini yangi samarali bosqichga olib chiqishni istaymiz. Xususan, sud-huquq islohotlari, xalqaro investitsiyalar, shuningdek, hamkorlikning texnologik, iqtisodiy va boshqa shakllari sohasida. Bu borada yesa strategik rivojlanish agentligi bilan hamkorlikni biz bilan mamlakatimiz vazirlik va idoralari oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻin deb bilamiz” – deydi Lord A. Karlayl.
Uchrashuv davomida Agentlik tomonidan investitsiyalarni jalb qilish va amalga oshirilayotgan loyihalarni tadbiq etish, investitsiya faoliyatining istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash, xalqaro tajriba asosida iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilish va hududlarning investitsiya salohiyatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishning strategik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar “ SC Strategy ”kompaniyasi orqali Oʻzbekiston, Qatar va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi hamkorlikni oliy darajada rivojlantirish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.
Lord Aleksandr Karlayl qishloq xoʻjaligi sohasidagi oʻzbekistonlik mutaxassislarning Buyuk Britaniyaga safar qilishi va oʻz tajribalarini Britaniya universitetlarida maxsus treninglar va oʻquv dasturlari orqali oʻtkazishiga ham qiziqish bildirgan.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida xalqaro tijorat sudini tashkil etish doirasida mumkin boʻlgan hamkorlik toʻgʻrisida ham kelishuvlarga erishildi.
Strategik rivojlanish agentligi Matbuot xizmati