Poytaxtimizda “Bir million oʻzbek dasturchilari” loyihasining sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Birlashgan Arab Amirligining Hukumat ishlari buyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh Al-Gergavi ishtirok etdi.
Tadbir Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Strategik rivojlanish agentligi va IT-Park tomonidan tashkil etildi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va BAAning qoʻshma loyihasi 2019-yilning 21-noyabr sanasida Toshkentda boshlangan. Mazkur loyihani amalga oshirish maqsadida mahsus portal ishga tushirilgan boʻlib (uzbekcoders.uz), u orqali dasturlashning 4 ta yoʻnalishi boʻyicha masafadan taʼlim olish imkoni mavjud. Bular:
- Maʼlumotlar tahlili;
- Android dasturiy taʼminotini ishlab chiqish;
- Veb-dasturini ishlab chiqish;
- Dasturiy taʼminotning toʻliq siklini ishlab chiqish.
Loyihaning ishga tushirilgan kundan, uzbekcoders.uz platformasida 2,5 million kishi roʻyxatdan oʻtdi. Bundan 1 million 557 mingtasi taʼlim olishning birinchi bosqichini muvaffaqiyatli tugatgan, 1 million 175 mingtasi oʻqishni tugatganligi haqida sertifikat olishgan.
Sovrin jamgʻarmasi 370 ming AQSH dollari va Udacity Nanodegree taʼlim maskanida oʻqish imkonini beruvchi 370 ta grantdan iborat boʻlgan loyiha davomida 20 dan ortiq tanlovlar oʻtkazildi.
Shuningdek, Xalq taʼlimi va Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari bilan hamkorlikda 2200 ta maktab oʻqituvchilari, 450 ta Yoshlar ittifoqi faollari, 401 ta maxsus kasbga yoʻnaltirilgan maktab hamda 251 ta oliy taʼlim maskan oʻqituvchilariga onlayn-seminarlar tashkil etildi.
Loyihani amaliyotda qoʻllash uchun respublika boʻylab 2137 ta maktab tanlab olinib, ularda KPI-koʻrsatgichlar oʻrnatildi.
BAA tarafidan mukofot jamgʻarmasi 6 ming AQSH dollari boʻlgan, axborot texnologiyalari sohasiga oid oʻzbek tilidagi eng yaxshi oʻquv maqolasini ishlab chiqish maqsadida onlayn tanlov tashkil etildi va unda 12 ming kishi ishtirok etdi. Tanlov gʻoliblari 6 nafarni, shu jumladan, respublika umumtaʼlim maktablarining 4 nafar oʻquvchilarini tashkil etdi.
2020-yilning 16-dekabr sanasida esa, onlayt formatda “Bir million oʻzbek dasturchilari” loyihasi ishga tushirilganligining bir yilligi nishonlandi, unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Birlashgan Arab Amirligining Hukumat ishlari buyicha vaziri Muhammad bin Abdulloh Al-Gergavi ishtirok etdi.
Tadbir davomida tanlovning quyidagi yoʻnalishlari boʻyicha gʻoliblar nomi aniqlandi:
- “IT Park Cup” – mukofot jamgʻarmasi 30 ming AQSH dollari boʻlgan, birinchi onlayn sport dasturlash chempionati;
- “Students Cup” – sovrin jamgʻarmasi 30 ming AQSH dollari boʻlgan, Toshkentdagi 8 ta oliy talim maskanlarida tahsil olayotganlar uchun. Tanlov talabalar oʻrtasida tadbirkorlik va ekotizim-startaplarini rivojlantirishga qaratildi.
- “Open Data Challenge” 2020 – “Bir million dasturchi” va “Dubai Future Foundation” dasturi tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan va Oʻzbekiston axborot texnologiyalari, tadbirkorlik va iqtisodiyotida ochiq maʼlumotlarni rivojlantirishga qaratilgan har yili mukofot jamgʻarmasi 40 ming AQSH dollariga ega boʻlgan tanlov.
Axborot texnologiyalarini rivojlantirish va maktab oʻquvchilari oʻrtasida ushbu sohani ommalashtirish maqsadida umumtaʼlim maktablarining “Informatika” fanidan oʻquv dasturiga 5-11-sinflardan “Bir million dasturchi” loyihasi kiritiladi.
2021-yil 13-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida boʻlib oʻtgan yig’ilishda “Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasining sertifikatlangan bitiruvchilariga kompyuter sotib olish uchun foizsiz kreditlar berish dasturi eʼlon qilindi.
Loyiha yakunlarini sarhisob qilish tantanali marosimi doirasida bugun bir nechta nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar taqdirlandi:
“Coursera” xalqaro platformasi orqali dasturchilar uchun 500 ta oʻquv kursiga yillik litsenziya olgan Xorazm viloyati eng faol viloyat deb tan olingan. Platforma Google, IBM, Microsoft kabi xalqaro IT kompaniyalaridan sertifikatlar olish imkonini beradi.
Qashqadaryo viloyatidagi 9-ixtisoslashtirilgan maktab eng faol maktab sifatida eʼtirof etildi. Sovrin sifatida maktabga aqlli sinf xonasi, elektron kutubxona, oʻqituvchi uchun noutbuk va 100 ta “Coursera” kurslari uchun yillik litsenziya beriladi.
Eng faol universitet Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali boʻlib, u IT-laboratoriyasi, elektron kutubxona va 100 ta “Coursera” kursiga yillik litsenziya oldi.
“Eng faol oʻqituvchi”, “Eng faol oila” va “Eng faol talaba” nominatsiyalari boʻyicha ham gʻoliblar taqdirlandi.
Strategik rivojlanish agentligi Matbuot xizmati