Strategik rivojlanish agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik bo‘yicha maslahatchisining loyihasi ofisi bilan birgalikda boshqaruv sifati, tashkiliy potensial va islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Xususan, “Tashkiliy salohiyat tahlili” (Capability review) va “Ustuvor islohotlarni amalga oshirish bo‘limi” (Delivery unit).
“Capability review” dasturi bo‘yicha davlat boshqaruvi va maʼmuriy islohotlar bo‘yicha xalqaro ekspert Jonatan Sleyter ishlamoqda. Hozirgi kunda u, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Investitsiya va tashqi savdo hamda Moliya vazirliklarining tashkiliy salohiyatini o‘rganishni muvofiqlashtirish uchun javobgar hisoblanadi.
Dastur idoralarning vakolati, ularga yuklatilgan vazifalar, shu jumladan, xodimlarning malakasi va tajribasini hisobga olgan holda vazirliklar samaradorligini tahlil qilishga qaratilgan baholash tizimidir. Zero, ularning vazifalari va sohasi bir-biridan farq qilsada, tahlil natijalari idoralarning har birida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan beshta muhim muvaffaqiyat omilini aniqladi: ko‘ra bilish, yetakchilik, rejalashtirish, resurslar va hamjihat bo‘lib ishlash.
Bundan tashqari, “Ustuvor islohotlarni amalga oshirish bo‘limi” (Delivery unit) konsepsiyasi ustida ish olib borilmoqda. Maʼlumot uchun, mazkur bo‘linma (PMDU) ilk marta 2001 yilning iyun oyida Buyuk Britaniya hukumati tomonidan Bosh vazir Toni Bler boshchiligida tashkil etilgan. Delivery unit saylov oldi dasturlarida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida tuzilib, uning natijasida ustuvor to‘rtta yo‘nalish tanlab olingan va u quyidagi maqsadlarni o‘z ichiga olgan:
- Maktablar faoliyatini yaxshilash,
- Shifoxonalardagi tez yordam xizmatlaridagi kutish vaqtini kamaytirish,
- Jinoyatchilikni qisqartirish,
- Asossiz ravishda berilayotgan boshpanalr haqidagi murojaatlarni kamaytirish.
Tegishli vazirlik va idoralarda tizim ishga tushgandan so‘ng, shifoxonalardagi tez yordam xizmatining samaradorligi 80% dan 98% foizga, maktablarda o‘quvchilarning o‘zlashtirishi 25% ga oshdi, asossiz boshpana berilayotgani haqidagi murojaatlar soni 2-3 yil ichida 78% gacha pasaydi.
Keyinchalik Buyuk Britaniya tajribasini Malayziya, Janubiy Afrika, Indoneziya va Hindiston kabi davlatlar o‘zlarida joriy etishdi.
Jonatan Sleyterning fikricha: “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining amalga oshirayotgan islohotlarini hayotga tatbiq etishda Delivery unit muhim ahamiyat kasb etadi.”
Bo‘limning faoliyati ikkita vazifadan iborat:
Hukumat rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni ijrosi va amalga oshirilishini nazorat qilish;
Kompleks islohotlarni amalga oshirishda vujudga kelayotgan qiyinchiliklarni aniqlash va tizimdagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Prezident, vazirlik va idoralarga takliflar berish.
Loyiha bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Strategik rivojlanish agentligi Matbuot xizmati