O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi press klubida Investitsiya muhitini yaxshilash borasida qilingan ishlar muhokama qilindi.
Jonli ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan tadbirda Xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, yuzaga kelayotgan muammolar va ularni bartaraf qilish uchun takliflar ko‘rib chiqildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi Bosh direktori o‘rinbosari Aziz Gafurov ham ishtirok etib, mavzu yuzasidan bir nechta fikrlarni bildirib o‘tdi.
Jumladan, Agentlik tomonidan O‘zbekistonda investitsiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlarda idoraning o‘rni haqidagi savoliga, quyidagicha javob berdi.
“Hukumatimiz tomonidan taklif etilgan loyiha guruhlarining respublika hududlarida ishlash mexanizmi Agentlik ishtirokida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan puxta ishlab chiqildi. Agentlik loyiha guruhlaridan tortib, to jarayonda ishtirok etayotgan idoralargacha bo‘lgan har bir loyiha aʼzosi uchun dastlabki ish metodologiyasini ishlab chiqdi. Yangi mexanizm «pastdan yuqoriga» prinsipi asosida ishlaydi.
Tuman va shaharlarning loyiha guruhlari biriktirilgan hududning salohiyat va imkoniyatlarini o‘rganadi va tahlil qiladi, mahalliy tadbirkorlarga viloyat miqyosidagi loyiha ofislariga jo‘natiladigan loyiha talabnomalarini tayyorlashda ko‘maklashadi.
Viloyat loyiha ofislari tumanlardan olingan barcha maʼlumotlarni to‘playdi va tahlil qiladi, viloyat miqyosida loyiha talabnomalarining imkoniyatlarini, jumladan, bir nechta (ham mavjud, ham istiqboldagi) loyihalarni potensial kooperatsiya nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi, ustuvor loyihalar tanlovini amalga oshiradi. Barcha maʼlumotlar Markaziy loyiha ofisi – Investitsiya va tashqi savdo vazirligiga topshiriladi.”
Shuningdek, A. Gafurov muloqot davomida boshlovchining yana bir savoliga javob berar ekan, mazkur fikrlarni bildirib o‘tdi.
“Respublika loyiha ofisi eng ustuvor investitsiya loyihalarini aniqlab, butun respublika kesimida loyihalar portfelini shakllantiradi. Loyiha ofisi o‘z tarkibiy bo‘linmalari va qaramog‘idagi agentliklari kuchi bilan loyiha hujjatlarini, jumladan, tizerlar va biznes-rejalarni, taqdimotlarni tayyorlash va tamomiga yetkazish ishlarini tashkil qiladi. So‘ngra ishlab chiqilgan loyihalar portfeli chet el investorlarini jalb qilish maqsadida Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi elchixonalariga, shuningdek, mahalliy investorlar tomonidan loyihalar izlanishi va taqdimoti uchun tuman va viloyat loyiha ofislariga topshiriladi.
Loyiha guruhlarining ishi shu bilan tugamaydi – investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonidan to loyiha barqarorligi yoki daromadliligi bilan bog‘liq muayyan ko‘rsatkichlarga erishilgunga qadar ushbu loyihalarga hamrohlik qilinadi. Investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash qismida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasidan moliyaviy ko‘mak olish imkoniyatini ham taʼkidlab o‘tish joiz.
Yangi mexanizm allaqachon ishga tushirilgan, maʼlumotlarni to‘plash va loyiha g‘oyalarini generatsiya qilish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.”