Strategik rivojlanish agentligi investitsiya va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda mamlakat hududlarida loyiha guruhlari tomonidan loyihalarni tanlash va amalga oshirishning yangi mexanizmini joriy etish boʻyicha ish olib bormoqda.
Mazkur faoliyat doirasida Agentlik tomonidan Respublikaning tuman va shaharlarida eng istiqbolli loyihalarni tanlab olishning amaldagi tizimi tahlil qilindi.
Agentlikni oʻrganish natijalari investitsiya va tashqi savdo sohasida samarali mexanizmni joriy etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi bir qator tizimli kamchiliklarni aniqladi. Ular orasida muayyan hudud uchun eng samarali investitsiya loyihalarini tanlash, ularni amalga oshirishni muvofiqlashtirish va monitoring qilish masalalari ham bor.
Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Agentlikda xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, investitsiya loyihalarini rivojlantirish markazi, eksportga koʻmaklashish agentligi va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya fondi vakillari bilan ishchi uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tomonlar joriy etilayotgan yangi mexanizmning metodologik jihatlarini muhokama qildilar, loyiha guruhlari faoliyatini tashkil etish uchun ularni tushunarli va eng samarali vositalar bilan taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.
Manfaatdor idoralar kelishilgan holda mavjud vaziyatni tahlil qilish, istiqbolli loyihalarni tanlash, loyiha hujjatlari va biznes-rejalarni tayyorlash, shuningdek loyihalarni yanada amalga oshirish uchun usul va vositalarni tayyorlashlari taʼkidlandi.
Strategik rivojlanish agentligi matbuot xizmati