Bu galgi konferensiyaga Oʻzbekiston Respublikasi raislik qildi. Unda tashqi ishlar vazirlari Markaziy Osiyo va Italiya oʻrtasidagi munosabatlar holati hamda kelgusi hamkorlik samarasini muhokama qilishdi.
Konferensiya uchta alohida sessiyalardan iborat boʻldi. Xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari boʻyicha uchrashuvga Investitsiya va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari – Strategik rivojlanish agentligi bosh direktori Laziz Kudratov moderatorlik qildi:
“Oʻtgan davr mobaynida Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi xamkorlik aloqalari oʻzining yuqori pogʻonasiga koʻtarildi. Bunda davlatlar oʻzaro savdo va iqtisodiy masalalarini yanada rivojlantirishga harakat qilayotganlarini alohida taʼkidlash kerak. Shu oʻrinda Italiya davlati ham ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlayotgani quvonarli holat.”
Tadbir davomida “Italiya – Markaziy Osiyo” hamkorligini yanada rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
Uchrashuvlarning asosiy masalalari qatorida esa, oʻzaro tovar ayirboshlashni va sanoat kooperatsiya sohalarini rivojlantirishni taʼkidlash joiz.
Shuningdek, kun tartibida yashil iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha kopleks strategiyani amalga oshirish ustuvorligi qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilari mintaqada transport va tranzit salohiyatini rivojlantirish, jumladan, yirik logistika infratuzilmasi loyihalarini birgalikda amalga oshirish, transport sohasida yagona tarif va preferensiyalar joriy etish orqali saʼy-harakatlarga qoʻshilish majburiyatini tasdiqladilar.
Tadbir yakunida tomonlar Italiya kompaniyalarining investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini jalb etgan holda “Italiya – Markaziy Osiyo” mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan faol muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.
Strategik rivojlanish agentligi Matbuot xizmati