Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Natijalarga erishishni boshqarish guruhi (Delivery Unit) ofisida respublikaning barcha viloyat va tuman hokimliklari, loyihalash va pudrat tashkilotlari hamda qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalar vakillari ishtirokida “Soakaway” infiltratsiya texnologiyasiga asoslangan innovatsion avtonom kanalizatsiya tizimlarini joriy etish masalasiga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi vakillari, tuman hokimiyatlari, loyihalash va qurilish tashkilotlari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar, davlat buyurtmachi xizmatlari vakillari, Ekologiya vazirligi hamda AQShning suv ta’minoti boʻyicha xalqaro eksperti ishtirok etishdi. Jami qatnashchilar soni 700 dan ziyodni tashkil etdi. Uchrashuvda markazlashtirilgan kanalizatsiya tizimi mavjud boʻlmagan hududlardagi sanitariya masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida hududlardagi sanitariya muammolari muhokama qilindi. Xususan, respublika bo‘ylab maktablardagi kanalizatsiya tizimi holati haqida so‘z bordi. Mazkur yo‘nalishda mavjud muammolar ta’lim muassasalarida sanitariya-gigiyena sharoitlarining yomonlashishiga va oʻquvchilarning davomati pasayishiga olib kelmoqda.
Uchrashuvda “Delivery Unit” tomonidan Soakaway tizimining ishlash tamoyillari, infiltratsiya kameralarining oʻrnatish standartlari, avtonom tizimlarni qurishda yoʻl qoʻyiladigan xatolar, infiltratsiya kameralarining an’anaviy drenaj usullari bilan taqqoslanganda ustunliklari haqida taqdimot o‘tkazildi. Shuningdek, ishtirokchilarga Soakaway texnologiyasining oʻrnatilishi va ekspluatatsiyasiga bagʻishlangan videomateriallar namoyish etilib, mahalliy tadbirkorlarga Oʻzbekistonda infiltratsiya kameralarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish afzalliklari haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida Soakaway texnologiyasidan foydalangan holda 3 ta hududda tajriba loyihasini ishga tushirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi ta’kidlab o’tildi. Mazkur loyiha xalqaro ekspert ishtirokida va grant mablagʻlarini jalb etgan holda amalga oshiriladi. Tajriba loyihasining asosiy maqsadi – infiltratsiya tizimlarining samaradorligi va iqtisodiy maqsadga muvofiqligini namoyish qilish, shuningdek, ularni Oʻzbekistonda joriy etish boʻyicha standartlarni ishlab chiqishdan iborat.
Shuningdek, respublika bo‘ylab maktablarda sanitariya sharoitlarini modernizatsiya qilish boʻyicha davlat dasturining ishga tushirilganligi ham e’lon qilindi. Mazkur dastur doirasida 2025-yilda davlat byudjetidan mablag‘ ajratilishi belgilangan. Mablagʻlar maktablarda zamonaviy sanitariya talablariga javob beradigan hojatxonalar yaratishga yoʻnaltiriladi va ular avtonom kanalizatsiyaning barqaror texnologiyalari, jumladan, infiltratsiya tizimlari bilan jihozlanadi. Shu bilan birga, sanitariya me’yorlari va qurilish standartlariga oʻzgartirishlar kiritish rejalashtirilgan boʻlib, bu infratuzilma sifatini oshirish va oʻquvchilar uchun sanitariya sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Tadbir davomida ishtirokchilar infiltratsiya maydonchalari oʻrnatish standartlari, sanitariya zonalari va avtonom tizimlarning ekspluatatsion xususiyatlari kabi muhim masalalarni koʻtardilar. Xalqaro ekspert bu borada batafsil tushuntirishlar berdi.
Suv ta’minoti va kanalizatsiya operatorlari hamda viloyat hokimiyatlari vakillari Soakaway texnologiyasini amaliyotda koʻrish va oʻrganish maqsadida tajriba loyihasining qurilish jarayonida bevosita ishtirok etishga qiziqish bildirdilar.