Bugun Strategik islohotlar agentligida “Boston Consulting Group” (BCG) xalqaro konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov, BCG vakillari Igor Alekseev, Vasiliy Guryev va Igor Kopytov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda 2035-yilgacha energetikani rivojlantirish boʻyicha Master-reja muhokama qilindi. Mazkur hujjat energetik resurslarga boʻlgan talab, ishlab chiqarish va iste’mol hajmlarining uzoq muddatli prognozini oʻz ichiga oladi. Olib borilgan ishlar mamlakatning energetik oʻtish jarayoni, jumladan, elektr energiyasi va tabiiy gazga boʻlgan prognozli talab, generatsiya quvvatlarini taqsimlash va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining rivojlanishini qamrab oladi.
Muhokama davomida Master-rejani takomillashtirishda hisobga olinishi lozim bo‘lgan bir qator muhim jihatlar qayd etildi. Xususan, aholining, ayniqsa metan va propanni asosiy daromad manbai sifatida ishlatayotgan oʻzini-oʻzi band qilgan fuqarolarning tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojlari inobatga olinishi lozimligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari uchrashuv davomida energiya samaradorligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada yirik iste’molchilar uchun energiya samaradorligini oshirish birlamchi vazifa sifatida belgilandi. Bu esa iste’mol xarajatlarini va energiya tizimiga tushadigan yukni kamaytirishda yordam beradi. Ikkinchi navbatda, ishlab chiqarish tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuv davomidagi asosiy mavzulardan biri ijtimoiy muassasalar uchun barqaror gaz ta’minotini ta’minlash masalasi bo‘ldi. Maktablar, shifoxonalar va davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan boshqa muassasalar tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlanishi lozimligi ta’kidlandi. Mazkur obyektlarning hozirgi darajadagi energiya ta’minotini saqlab qolish orqali mamlakat byudjetiga tushadigan yuk ortib ketishining va aholi uchun qo‘shimcha xarajatlarning oldi olinadi.
Shuningdek, energetik oʻtish jarayonida ko‘mir hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarishning ortib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik, hamda mavjud issiqlik elektr markazlari iste’mol qiladigan gaz hajmini keskin qisqartirishning oldini olish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan gaz quvvatlarini qayta taqsimlash mexanizmlarini qayta koʻrib chiqish taklif etildi, shunda mavjud issiqlik elektr markazlari qoʻshimcha energiya generatsiyasi uchun tayanch zaxira sifatida samarali ishlash imkoniyatiga ega boʻladi.
Muhokama davomida suyultirilgan gaz ta’minoti va uning boshqaruv tizimini ishlab chiqish masalasoga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv ishtirokchilari aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash jarayoniga xususiy sektor va autsorsing kompaniyalarini jalb etish masalasini ko‘rib chiqdi. Bu yondashuv taqsimot samaradorligini oshirish, xizmat sifatini yaxshilash va barqaror yetkazib berishni ta’minlash imkonini beradi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, ilgari surilgan taklif va tavsiyalarni inobatga olgan holda Master-rejani takomillashtirishga kelishib olindi. Mazkur hujjatning ishlab chiqilishi Oʻzbekistonda barqaror va muvozanatli energetika tizimini shakllantirish yoʻlida muhim qadam boʻlib xizmat qiladi. Bu esa mamlakatning iqtisodiy oʻsishi, energetik mustaqilligi va ekologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan strategik maqsadlarga erishishga xizmat qiladi.