Bugun Strategik islohotlar agentligida bir qator vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida respublika bo‘yicha ijtimoiy soha obyektlarini inventarizatsiya qilish metodikasining muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda shuningdek Buxoro viloyatida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini aniqlash va ijtimoiy obyektlarni inventarizatsiya qilish bo‘yicha pilot loyiha natijalarini taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yo‘nalishdagi asosiy vazifalardan biri barcha respublika bo‘ylab 10 ming maktab va 6,8 ming davlat bog‘chalarini inventarizatsiyadan o‘tkazishdan iboratligi ta’kidlandi. Shu bilan bir qatorda, yaqinda Agentlik huzuridagi Delivery Unit ofisi tomonidan Buxoro viloyatida barcha ijtimoiy obyektlar: sport, sog‘liqni saqlash, maktab va bog‘chalar, shuningdek, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi bo‘yicha xatlov o‘tkazildi. Ushbu chora-tadbirlar ta’lim muassasalarining bugungi holati to‘g‘risida xolisona tasavvurga ega bo‘lish va ma’lumotlar asosida davlat siyosatini ishlab chiqish rejalarini tuzish imkonini beradi.
Ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli farmoyishi qabul qilindi. Farmoyishda davlat tomonidan ijtimoiy infratuzilmani maqsadli moliyalashtirish va rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani aniq belgilangan.
Barcha ijtimoiy infratuzilma obyektlari boʻyicha yagona geofazoviy maʼlumotlar bazasini yaratish koʻzda tutilgan boʻlib, bu davlat investitsiya dasturlari doirasida ijtimoiy obyektlarni ma’lumotlarga asoslanib tanlash, mablag‘larning maksimal samaradorligini taʼminlash imkonini beradi. Zamonaviy davlat investitsiyalarini boshqarish dasturi (PIMA) muammolarni hal qilishda kompleks yondashuvni yaratish maqsadida uchta asosiy yo‘nalishni birlashtiradi: qurilish, ijtimoiy rivojlanish va moliya.
Tadbirda qo‘shimcha ravishda O‘zbekistonda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish borasida muhim qadamlar muhokama qilindi.