Davlatimiz Rahbariga 2024-yil 4-martdagi PQ–109-sonli qaror bilan tasdiqlangan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasida joriy yilning mart-noyabr oylarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan axborot berildi.
Axborot davomida Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq hisobot davrida 17 ta qonun, 8 ta Prezident farmoni va 16 ta qarori, 19 ta Hukumat qarori, 11 ta chora-tadbirlar dasturlari (jami 71 ta) ishlab chiqilishi belgilanganligi, bugungi kunda 44 ta yoki 62 foiz topshiriq ijrosi to‘liq ta’minlanganligi: xususan, 6 ta qonun, 5 ta Prezident farmoni va 10 ta qarori, 13 ta Hukumat qarori qabul qilindi va 10 ta chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanganligi bo‘yicha ma’lumot berildi (infografika).
Shu bilan birga, Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq ishlab chiqilgan va hozirgi kunda Davlat rahbariga axborot berishga (imzolashga) tayyorlangan 6 ta qonun va boshqa hujjatlar loyihalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, Davlat Rahbariga tayyorlangan loyihalardan biri – Chora-tadbirlar rejasining 59-bandiga asosan ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining “Elektron to‘lov tizimlari xizmatlaridan foydalanishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi bo‘yicha ham axborot berildi.
Mazkur loyihada 2025 yil 1 iyuldan aholiga xizmat ko‘rsatuvchi byudjet tashkilotlari, mulkni ijaraga beruvchi yuridik shaxslar, benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz sotish shoxobchalarini majburiy tartibda elektron to‘lov tizimlariga ulash (Payme, Click, Uzum, Paynet, Upay va boshq.) va to‘lovlarni ular orqali ham amalga oshirish imkoniyatini yaratish belgilanmoqda.
Shuningdek, “Pulli avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun, tuproqning meliorativ holatini yaxshilash hamda suv inshootlari bilan band bo‘lmagan suv fondi yerlarini ijaraga berish tartibini belgilashga oid Hukumat qarori va boshqa hujjatlar bo‘yicha Davlat Rahbariga alohida axborot kiritilishi yuzasidan ma’lum qilindi.
Shu bilan birgalikda, Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq 2 ta qonun loyihasi davlat obyektlarini realizatsiya qilishdan aylanmani QQSdan ozod etish bo‘yicha Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish hamda yangi tahrirdagi “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi deputat va senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilyotganligi bo‘yicha axborot berildi.
Parlament tarkibi yangitdan shakllantirilganligini inobatga olib, Chora-tadbirlar rejasida belgilangan 10 ta qonun loyihasini 2025 yil 1 aprelgacha qabul qilish grafigi ishlab chiqildi va taklif Davlat Rahbari tomonidan ma’qullandi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, qabul qilish belgilangan muddatlardan kechga qolayotgan ayrim hujjatlar loyihalari bo‘yicha ham axborot berilib, tegishli ko‘rsatmalar olindi. Xususan:
1) hozirda “BCG” kompaniyasi tomonidan Yoqilg‘i-energetika sohasini 2024–2035 yillarda rivojlantirish konsepsiyasi va Master-rejasi ishlab chiqilib, ularni 2025 yil 15 yanvarga qadar Davlat Rahbari huzurida taqdimot qilish rejalashtirilgan.
“BCG” kompaniyasi tomonidan Gaz bozorini isloh qilish konsepsiyasi hamda 5 ta tumanda (To‘rtko‘l, Andijon, Beshariq, Urgut, Chiroqchi) suyultirilgan gazni yetkazish funksiyasini xususiy operatorlarga berish bo‘yicha hujjatlar loyihalarini konsepsiya va master-rejadan kelib chiqib, qayta tayyorlash tavsiya etildi;
2) Tadbirkorlik kodeksi loyihasini sohada bo‘lgan so‘nggi o‘zgartirishlardan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Jumladan, Kodeks bilan belgilanayotgan tekshiruvlar o‘tkazish tartibi o‘z dolzarbligini yo‘qotgan. Bunda:
– Kodeksga 1-ilovadagi Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlar ro‘yxatiga (20 ta) zarurat mavjud emas.
14.11.2024-yildagi PF–184-son Farmon bilan barcha tekshiruvlar Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkazilishi belgilandi;
– Kodeksning 2-ilovasidagi nazorat qiluvchi organlar ro‘yxatida (38 ta) barcha organlar qamrab olinmagan.
14.11.2024-yildagi PF–184-son Farmon bilan 43 ta nazorat qiluvchi organlar va ularning nazorat sohalari ro‘yxati tasdiqlandi;
3) “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonun Senat tomonidan ko‘rib chiqilib, sohada vakolatli davlat organi aniq ko‘rsatilmaganligi, shuningdek, Prezident huzuridagi Iqlim kengashining maqsadi va asosiy vazifalaridan kelib chiqib, qonunning ayrim normalarini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi bildirildi. Shunga ko‘ra, qonunni qayta ishlash taklifi ma’qullandi;
4) Chora-tadbirlar rejasining 75, 77 va 78-bandlari ijrosini ta’minlash maqsadida Innovatsiya agentligi tomonidan ilmiy va innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha 2 ta Prezident hujjati loyihasi Davlat Rahbari huzurida taqdimot qilinishi belgilandi.
Loyihada 2025 yilda byudjetdan sohaga ajratilayotgan 715 mlrd so‘mni o‘zlashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar, startap loyihalarini inkubatsiya/akseleratsiya bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng moliyalashtirish tizimi joriy qilish, ilmiy-innovatsion faoliyatning barcha jarayonlari raqamlashtirish va boshqa qator choralar nazarda tutilgan.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, Davlat Rahbari tomonidan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining kelgusi yildagi mantiqiy davomi bo‘ladigan –
2025 yilda amalga oshiriladigan tizimli va dolzarb islohotlar dasturi loyihasini ishlab chiqishni boshlash yuzasidan tegishli topshiriq berildi.
Bu borada, vazirlik va idoralar, ekspertlar, konsalting kompaniyalarini Islohotlar dasturini tayyorlashga keng jalb qilish va uni taqdimot qilish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.
Strategik islohotlar agentligi tomondan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining bajarilishi bo‘yicha keng jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib boriladi.