Strategik islohotlar agentligi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tadbirkorlar bilan uchrashuv o’tkazildi va shahar tadbirkorlar faoliyatida yuzaga kelayotgan to’siqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo’yicha takliflar tayyorlandi. Uchrashuvda qatnashgan har bir mahalliy tadbirkor o’z biznesining rivojlanishiga to’sqinlik qilayotgan asosiy muammolarni ochiq muhokama qilish imkoniyatiga ega bo’ldi.
Uchrashuda metall konstruksiyalar ishlab chiqaruvchi korxona rahbari buyurtmalar kamayishi bilan bog’liq muammoni ko’tardi. Ushbu korxona metall konstruksiyalar (plazma kesish, bukish, payvandlash, valtslash, kesish va to’g’irlash) ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. 2024-yilda korxona umumiy qiymati 7 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan. Kompaniyaning asosiy mijozlari metallurgiya va sement zavodlari hisoblanadi. Biroq, so‘nggi vaqtlarda ushbu korxonalardan buyurtmalar hajmi keskin kamaygan, bu esa ishlab chiqarish faoliyatining to‘xtab qolishiga olib kelgan. Uchrashuv davomida yirik sanoat korxonalaridan buyurtmalar olishda ko‘maklashish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Tikuvchilik sohasida faoliyat yuritayotgan yana bir tadbirkor uskunalar sotib olish uchun subsidiyalar ajratish masalasini ko‘tardi. Ushbu kompaniya kiyim-kechak, xususan, maxsus ish kiyimlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. 2024-yilda korxona 5000 dona maxsus ish kiyimlarini ishlab chiqargan, shuningdek, 50 000 dollar qiymatidagi mahsulotni eksport qilgan. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-sentabrdagi 556-son qaroriga muvofiq, bo‘yalgan va aralash gazlama ishlab chiqarish loyihalari doirasida sotib olinadigan uskunalarning bir qismini subsidiyalash ko‘zda tutilgan. Tadbirkor ishlab chiqarishini kengaytirish maqsadida 2023-yil oktabr oyida subsidiya olish uchun barcha zarur hujjatlarni topshirgan. Ammo hozirgi kunga qadar tikuvchilik uskunalarini sotib olish uchun mablag‘ ajratilmagan. Uchrashuv davomida Vazirlar Mahkamasining 556-son qarori asosida subsidiyalar ajratish bo‘yicha chora-tadbirlarni faollashtirish va mablag‘ ajratish jarayonini tezlashtirish taklif qilindi.
Yana bir tadbirkor o’z korxonasi yillik quvvati 25 ming tonna paxta urug’ini qayta ishlashga mo‘ljallanganini ma’lum qildi. Korxona asosan o‘simlik yog‘i va ozuqaviy mahsulotlar (shrot) ishlab chiqaradi. Biroq, kompaniya Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan ajratilgan eksport limitlariga hujjat topshirishda kechikib qolgan. Natijada, korxona joriy yilda eksport imkoniyatlaridan foydalana olmadi. Muammoni hal qilish maqsadida, ushbu korxonani 2025-yil uchun shrot eksporti limitlari ro‘yxatiga kiritish taklif qilindi. Kutilayotgan natijalarga ko‘ra, ushbu choralar 1000 tonna shrotni 420 ming dollar qiymatida eksport qilish imkonini beradi.
To‘plangan ma’lumotlar asosida Bekobod shahridagi tadbirkorlar uchun biznes muhitini yaxshilash va ma’muriy to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.