Strategik islohotlar agentligi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida o‘tkazilgan tadbirkorlar bilan uchrashuvlar davomida biznes oldida turgan to‘siqlar o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi. Tadbirda ishtirok etgan 25 dan ortiq mahalliy tadbirkorlarning har biri o‘zlarining muammolarini muhokama qilish hamda biznesini rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni yoritish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Uchrashuvda ishtirok etgan tadbirkorlardan biri – to‘qimachilik sanoatida faoliyat yurituvchi korxona vakili o‘z korxonasiga olib kelingan yangi uskunalarni tabiiy gaz tarmog‘iga ulash zaruriyati mavjudligini ta’kidladi. Ishlab chiqarish quvvatlarini to‘liq ishga tushirish uchun gaz ta’minoti zarur, ammo ulanish jarayoni qiyinchilik tug‘dirmoqda. Muhokama davomida korxonani zarur resurslar bilan ta’minlash maqsadida “Hududgaz Toshkent” MChJ bilan birgalikda ishlarni tashkil qilish taklifi ilgari surildi. Ushbu yechim natijasida uskunalar qisqa vaqt ichida ishga tushirilishi va korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari oshishi kutilmoqda.
Yopinchiqlar, adyollar va ularning g‘iloflarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan tadbirkor o‘z mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlarini kengaytirish masalasini ko‘tardi. Unga ko‘ra, korxona o‘z mahsulotlarini Qozog‘iston va Tojikistonda sotish uchun ushbu mamlakatlarda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda doimiy ravishda ishtirok etib kelmoqda. Bu esa savdo geografiyasini kengaytirishga ko‘mak bermoqda. Tadbirkor xalqaro ko‘rgazmalarda, xususan, Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan tadbirlarda qatnashish imkoniyatlarini kengaytirishda amaliy yordam ko‘rsatishni so‘radi. Uning fikriga ko‘ra, bu yo‘nalishdagi qo‘llab-quvvatlash mahsulotlarning eksport bozorini kengaytirishga va sotish kanallarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvlar davomida ko‘tarilgan boshqa barcha muammo va takliflar Strategik islohotlar agentligi tomonidan nazoratga olinmoqda. To‘plangan ma’lumotlar asosida Olmaliq shahri tadbirkorlari uchun biznes muhitini yaxshilash va ma’muriy to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan aniq choralar ishlab chiqiladi.