Strategik islohotlar agentligi xodimlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq shahrida tadbirkorlar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazib, shaharda biznes uchun mavjud to‘siqlarni o‘rganish va ularni bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqdi.
Ichimlik suvi ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan tadbirkor mahsulotlarni agregatsiyalash tizimini joriy etish talablariga bog‘liq qiyinchiliklar haqida gapirdi. Uning korxonasi gazlangan va gazlanmagan ichimlik suvlarini ishlab chiqaradi. 2024-yilda korxona 15 mlrd so‘mlik 5 mln dona mahsulot ishlab chiqargan. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 1-noyabrdagi 631-sonli qaroriga muvofiq korxonalarga mahsulotni QR-kod qadoqlash tizimini joriy etish majburiyati yuklatilgan. Tadbirkorning aytishicha, yangi talablarni bajarish uchun 25 ming AQSh dollari qiymatidagi uskunalar xarid qilindi, bu uskunalar mahsulotning har biriga, har bloki va poddoniga QR-kod qo‘yish imkonini beradi. Biroq, mahsulot zavodni tark etgandan so‘ng dilerlar va savdo nuqtalariga yetkazilganda, savdo nuqtalarida skaner uskunalari yo‘qligi sababli QR-kodlar skaner qilinmaydi. Natijada agregatsiya jarayonining ma’nosini yo‘qolib, ishlab chiqaruvchi zimmasiga qo‘shimcha moliyaviy yuk yuklanmoqda. Ushbu masalani muhokama qilish jarayonida ichimlik suvi ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun QR-kod markirovkasini amalga oshirish majburiyatini 2027-yil 1-yanvargacha uzaytirish taklifi ilgari surildi. Bu taklif ulgurji va chakana savdo nuqtalarida QR-kod markirovka tizimini ro‘yxatdan o‘tkazish talablarini amalga oshirish uchun zarur vaqtni ta’minlaydi.
Tekstil sohasida faoliyat yuritayotgan yana bir tadbirkor bo‘yalgan va aralash ip-kalava mahsulotlariga eksport boji undirish tartibini qayta ko‘rib chiqish zarurligi haqidagi masalani ko‘tardi. Joriy yilda uning korxonasi 7 ming tonna paxta ip-kalavasi ishlab chiqardi va 30 million dollarlik mahsulotni eksport qildi. Bu esa 900 ta ish o‘rni yaratishga imkon berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-maydagi PF-5989-sonli Farmoniga muvofiq, paxta ip-kalava va trikotaj matolarni O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan olib chiqishda mahsulotning turiga va eksport yiliga qarab, har 1 kg uchun 0,01 dan 0,2 AQSh dollarigacha boj undiriladi. Tadbirkorning ta’kidlashicha, bo‘yalgan va aralash tolali ip-kalava ishlab chiqarish jarayoni xom ip-kalavadan tubdan farq qiladi. Bu jarayon kimyoviy ishlov berish, bo‘yash, qo‘shimcha mexanik va fizik ishlov berish kabi murakkab texnologik jarayonlarni o‘z ichiga oladi. Biroq, eksport qilinganda, ushbu mahsulotlarga ham xom ip-kalavaga qo‘llaniladigan boj stavkasi tatbiq etiladi. Mazkur masalani muhokama qilish jarayonida tegishli normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Bu bo‘yalgan va aralash ip-kalava mahsulotlarini xom ip-kalava uchun belgilangan boj stavkalaridan chiqarib tashlash imkonini beradi.
Yana bir tadbirkor turizm infratuzilmasini rivojlantirish masalasini ko‘tardi. U Bo‘stonliq tumanida zamonaviy ko‘ngilochar majmua qurishni rejalashtirmoqda. Loyiha uch bosqichdan iborat. Birinchi bosqich doirasida “Burchmulla” mahallasida 2 gektar maydonda 64 ta shale tipidagi kottej uylari faoliyat yuritmoqda. Ikkinchi bosqich doirasida zamonaviy mehmonxona qurilmoqda, bu mehmonxona 2025-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Uchinchi bosqich doirasida Roddelban attraksionini qurish rejalashtirilmoqda, bu joy O‘rmon xo‘jaligi balansida bo‘lgan 2 gektar maydonga joylashtiriladi. Ushbu yer maydoni tog‘li hudud (yaylov, toshli, qoyali tepaliklar) hisoblanadi. Asosiy qiyinchilik shundaki, ushbu yer maydoni O‘rmon fondi balansida bo‘lgani uchun uni foydalanishga olishning iloji yo‘q. Muhokama davomida 2 gektar yer maydonini tuman hokimligi balansiga o‘tkazish, yer maydoni toifasini o‘zgartirish va ushbu yer maydonini auksion orqali sotish taklifi ilgari surildi. Ushbu taklif amalga oshirilgandan so‘ng, 1 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilishi va yangi turistik obyektning qurilishi rejalashtirilmoqda.
Barcha ko‘tarilgan masalalar va bildirilgan takliflar Strategik islohotlar agentligi tomonidan o‘rganilib, Bo‘stonliq tumanidagi tadbirkorlik faoliyati uchun qulay muhit yaratish va ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida ko‘rib chiqiladi.