Shahar infratuzilmasini samarali rivojlantirish kommunikatsiyalarni amalga oshirishda nazorat va tartibga solish tizimini takomillashtirishni talab qiladi. AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya kabi davlatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy yondashuvlarning joriy etilishi atrof-muhitga ta’sirni kamaytirish, yo‘llar holatini yaxshilash va transport oqimiga salbiy ta’sirni minimallashtirishga yordam beradi.
Xalqaro tajriba
AQSh
Nyu-York shahrida NYC Street Works raqamli platformasi qo‘llaniladi, ushbu platforma infratuzilma ishlari va kommunikatsiyalarni amalga oshirish uchun ruxsat berish tizimini tartibga soladi.
Asosiy bosqichlar:
Texnik asoslash bilan birga ariza topshirish.
Loyihani dastlabki tekshirish va transport boshqarmasi bilan kelishish.
Qazish va ishlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish.
Jarayon 2–4 hafta davom etadi. Har yili 300 mingdan ortiq arizalar ko‘rib chiqiladi, ulardan taxminan 12 foizi qayta ishlashni talab qiladi. “Yagona darcha” modeli ariza beruvchilar va bo‘limlar o‘rtasidagi muloqotni soddalashtirib, arizalarni ko‘rib chiqish muddatini qisqartirgan.
Buyuk Britaniya
Londonda “Permit Scheme for Roadworks and Streetworks” tizimi joriy etilgan bo‘lib, u barcha turdagi yo‘l ishlari, jumladan, kommunikatsiyalarni o‘z ichiga oladi.
Asosiy bosqichlar:
Platforma orqali ariza topshirish.
Loyihani mustaqil inspektorlar tomonidan baholash.
Ruxsatnoma berish.
Ko‘rib chiqish muddati 3–5 hafta. Qattiq tekshiruvlar natijasida rad etilgan arizalar ulushi faqat 5 foizni tashkil qiladi, bu esa ruxsatsiz qazish holatlarini minimallashtiradi.
Germaniya
Berlinda ruxsatnomalar infratuzilmani uzoq muddatli rivojlantirish rejalari asosida beriladi.
Asosiy bosqichlar:
Loyihaviy hujjatlar bilan ariza topshirish.
Loyihani baholash va kerakli tuzatishlar kiritish.
Tasdiqlash va ruxsatnoma berish.
O‘rtacha ko‘rib chiqish muddati 2 haftani tashkil qiladi. Tizim to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, arizalarni ko‘rib chiqish vaqtini qisqartiradi va yo‘l harakatiga ta’sirni kamaytiradi.
O‘zbekistondagi holat
O‘zbekistonda ruxsat olish jarayoni ariza topshirish, loyihani tekshirish va turli idoralar bilan kelishish bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Ammo yagona raqamli tizimning yo‘qligi sababli jarayon 2–3 oygacha cho‘zilishi mumkin. 30 foizdan ortiq arizalar qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi, bu esa loyihalarning amalga oshirilishini sekinlashtiradi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Agentlik tomonidan quyidagi takliflar tayyorlandi:
- Barcha manfaatdor idoralar real vaqt rejimida ruxsatnoma berish jarayonlarini muvofiqlashtiradigan yagona tizimni yaratish. Bu jarayonni tezlashtirish va idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yaxshilashga yordam beradi.
Misol: NYC Street Works platformasi ariza topshirish jarayonini soddalashtirib, ko‘rib chiqish muddatini 30 foizga qisqartirdi.
- Loyihalarni dastlabki tekshirish uchun mustaqil inspektorlar tizimini joriy etish orqali oraliq bosqichlarni qisqartirish va muvofiqlashtirish.
Misol: Londonda inspektorlar tomonidan amalga oshiriladigan tekshiruvlar dastlabki bosqichda noto‘g‘ri arizalarning 5 foizini istisno qiladi, bu esa shahar boshqarmasiga yukni kamaytiradi.
- Infratuzilmaga zarar yetkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun sug‘urta polisini talab qilish. Bu yo‘llarni ta’mirlash uchun byudjet xarajatlarini kamaytiradi va shahar infratuzilmasini himoya qiladi.
Misol: Berlinda bunday yondashuv yo‘llarga zarar yetkazilganda qo‘shimcha xarajatlar xavfini minimallashtiradi.
- Uzoq muddatli rejalarni hisobga olgan holda infratuzilma ishlarini rejalashtirish va baholash. Majburiy monitoring bosqichining joriy etilishi ishlarga bo‘lgan ehtiyojni va keyingi ta’mirlash holatlarini qisqartiradi.
Misol: Berlinda qabul qilingan yondashuv infratuzilma rivoji rejalarini bir necha yil oldindan hisobga olishga imkon beradi, bu esa xarajatlarni optimallashtirish va shahar kommunikatsiyalari sifatini yaxshilashga yordam beradi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, raqamli texnologiyalardan foydalanish va byurokratik tartib-qoidalarni qisqartirish shahar kommunikatsiyalarini amalga oshirish uchun ruxsat berish jarayonini sezilarli darajada yaxshilashi mumkin. Strategik islohotlar agentligi tomonidan taklif etilgan yechimlar O‘zbekistonda infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish, ularning sifatini oshirish va shahar infratuzilmasi uchun xavfsiz sharoitlarni yaratishga xizmat qilishi mumkin.