Strategik islohotlar agentligi xodimlari Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida tadbirkorlar bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazib, shaharda biznes uchun mavjud to‘siqlarni o‘rganish va ularni bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqdi.
Xizmat safari davomida mahalliy tadbirkorlarning muammolari tinglanib, ularni hal qilish yo‘llari muhokama qilindi. Quritilgan meva ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tadbirkor o‘z faoliyatini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha 1 gektar yerga muhtojligini ma’lum qildi. Ushbu yerda qadoqlash zavodi, mayizni qayta ishlash xonasi va mahsulot saqlash ombori qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu tashabbusni amalga oshirish ishlab chiqarish quvvatini 1000 tonnaga oshirish, 1 mln dollarlik qo‘shimcha eksport hajmini ta’minlash va 30 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Ishchi guruh tomonidan tadbirkorlar bilan hamkorlikda mazkur masala bo‘yicha tegishli yechimni tayyorlandi.
Plastmassa mahsulotlari ishlab chiqaruvchi tadbirkor 2 gektar maydonda faoliyat yuritmoqda va ishlab chiqarishni kengaytirish uchun qo‘shimcha yerga ehtiyoj sezmoqda. Tadbirkor hozirda yana 4 gektar yer zarurligini aytib, buning evaziga ishlab chiqarish quvvatlarini ikki barobar oshirish, eksport hajmini 1 mln dollarga yetkazish va 50 ta yangi ish o‘rni yaratish imkonini berishini ma’lum qildi. Mazkur masalani ham ijobiy hal qilish chorasi ishlab chiqildi.
Don mahsulotlarini qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxona vakillari 2022 yilda olingan kreditni qaytarish bilan bog‘liq qiyinchiliklar boshdan kechirmoqda. Kredit summasi 20,5 mln dollarni tashkil etadi va hozirda shundan 7 mln dollarlik qismi so‘ndirilgan. Biroq, xalqaro bozorda bug‘doy narxining beqarorligi bilan bog‘liq qator muammolar tufayli korxona murakkab vaziyatga tushib qoldi. Biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun kreditni qaytarish muddatini 2029-yilgacha uzaytirish taklif qilindi, bu esa kompaniyaga 2025-2026-yillarda eksport hajmini 14 mln dollarga yetkazish imkonini beradi.
Mazkur uchrashuvlar Nurafshonda tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolarni chuqurroq tushunishga yordam berdi. Toplangan ma’lumotlar mavjud muammolarni bartaraf etish va biznes uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan aniq takliflarni tayyorlash uchun asos bo‘ladi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda.