Davlatimiz Rahbarining 2024-yil 4-martdagi PQ–109-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasi Strategik islohotlar agentligi muntazam tahlil qilinib, bu boradagi ishlar muvofiqlashtirib borilmoqda.
2024 yilning dekabr oyida rejaga muvofiq 1 ta Qonun, 1 ta Prezident qarori, 2 ta Hukumat qarori ishlab chiqilishi hamda 8 ta chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilishi (jami – 12 ta) ishlab chiqilishi belgilangan.
Xususan, rejaning 64-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan korporativ boshqaruv sohasini tartibga soluvchi qonunchilik normalarini takomillashtirishga qaratilgan yangi tahrirdagi “Aksiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish belgilangan.
Hozirda mazkur loyiha tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi Parij bitimining (Parij, 2015 yil 12 dekabr) 4–moddasiga muvofiq, mamlakatlar 2050 yilgacha uglerod neytralligiga erishishga qaratilgan o‘zlarining uzoq muddatli strategiyalarini ishlab chiqish belgilangan.
Shunga ko‘ra, Rejaning 71–bandiga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Jahon banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda Mamlakatni 2050 yilgacha kam uglerodli rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya (LTS – Long-Term Strategy for Decarbonization) ishlab chiqilib, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.
Chora-tadbirlar rejasining 78–bandiga muvofiq energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish, sog‘liqni saqlash sohalarida davlat idoralari tomonidan byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqish va ularni tijoratlashtirish, shuningdek, vazirlik va idoralar rahbarlarining innovatsiyalarni joriy etishga mas’ul o‘rinbosarlariga maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashning tubdan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi ishlab chiqldi.
Hozirda loyiha Vazirlar Mahkamasida ko‘rib chiqilmoqda.
Rejaning 54–bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan kichik va o‘rta biznes faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
Shu bilan birga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Rejaning
44–bandiga muvofiq urbanizatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlari va ularga erishishning vazifalarini belgilash, aholi o‘sishi va iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanish vektoridan kelib chiqib, aglomeratsiya hududlarini belgilash hamda shaharlarning vertikal o‘sishini ta’minlash maqsadida Urbanizatsiyani 2040 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, Chora-tadbirlar rejasi doirasida oziq-ovqat sanoati korxonalarining barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, chorvachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash orqali go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarishni kengaytirish, Buxoro, Urganch va Toshkent xalqaro aeroportlarida DXSH asosida loyihalarni amalga oshirish va boshqa qator amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Strategik islohotlar agentligi tomondan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining bajarilishi bo‘yicha keng jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib boriladi.