Davlatimiz Rahbarining 2024-yil 4-martdagi PQ–109-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasi Strategik islohotlar agentligi muntazam tahlil qilinib, bu boradagi ishlar muvofiqlashtirib borilmoqda.
2024-yilning noyabr oyida rejaga muvofiq 3 ta Qonun, 1 ta Hukumat qarori ishlab chiqilishi hamda 3 ta chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilishi (jami – 7 ta) ishlab chiqilishi belgilangan.
Xususan, rejaning 5-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan Xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda “Raqobatli energetika bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Mazkur Qonunni qabul qilishdan ko‘zlangan maqsad:
energetika bozorini samarali, shaffof va adolatli tartibga solish mexanizmlarini joriy qilish;
elektr energiyasi va tabiiy gazni adolatli narxlarda yetkazib berish qoidalarini joriy qilish;
elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlarida raqobat muhitini yaratish;
iste’molchilarni xususan, ijtimoiy zaif qatlamlarni himoya qilish, xizmat ko‘rsatishning sifati va uzluksizligini ta’minlash;
xususiy sarmoyalarni jalb qilish uchun shart-sharoitlarni yaratish bo‘lib hisoblanadi.
Rejaning 42–bandiga muvofiq urbanizatsiya siyosatining asosiy mezonlarini ishlab chiqish hamda davlat organlarining rolini belgilash maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan “Urbanizatsiya to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Hozirda mazkur loyiha Qonunchilik va huquqiy siyosat institutiga ekspertizadan o‘tkazilmoqda.
Chora-tadbirlar rejasining 58-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida davlat obyektlarini realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmani qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etish hamda boshqa muhim qoidalarni joriy etish bo‘yicha Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi tegishli Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Shuningdek, Rejaning 2-bandiga muvofiq Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan byudjet intizomini ta’minlash, byudjet xarajatlari natijadorligiga erishish, davlat moliyasini boshqarish sohasidagi islohotlarni tizimlashtirish hamda byudjet barqarorligini ta’minlash orqali byudjet taqchilligini qisqartirib borishga qaratilgan 2025 – 2030 yillarda davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda, rejada belgilangan Samarqanddagi elektr taqsimlash tarmoqlari modernizatsiyasiga DXSH asosida investorlar jalb qilish tadbirlari bo‘yicha loyiha konsepsiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi va tenderning birinchi bosqichi e’lon qilindi.
Strategik islohotlar agentligi tomondan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining bajarilishi bo‘yicha keng jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib boriladi.