Toshkent, 2024-yil 25-oktyabr – Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligida Qozog‘iston Respublikasi delegatsiya ishtirokida 2025-yilga mo‘ljallangan strategik islohotlar doirasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Strategik islohotlar agentligi direktori Baxodir Raxmatov, Qozog‘iston Respublikasi Senati raisining o‘rinbosari Jakip Asanov, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi, Qozog‘iston Respublikasi Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi vakillari ishtirok etdi. Shuningdek tadbirda Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi direktori o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov va Agentlik huzuridagi “Delivery Unit” ofisi rahbari Aziza Umarova ishtirok etdilar.
Uchrashuvda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalar, barqaror rivojlanish va investitsiyalarni jalb qilish kabi sohalardagi strategik ustuvorliklarga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar umumiy maqsadlarga erishish uchun saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish zarurligini taʼkidladilar va boshqaruv jarayonlariga innovatsion texnologiyalarni integratsiya qilish muhimligini qayd etdilar.
Tadbir davomida B.Raxmatov quyidagilarni taʼkidladi: “Qozog‘iston Prezidenti janob K-J. Toqayevning O‘zbekistonga 2022-yil 22-dekabrdagi davlat tashrifi davomida SIA va Qozog‘iston Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi o‘rtasida 7 ta yo‘nalish, jumladan, strategik rejalashtirish, islohotlar samaradorligi va davlat organlari faoliyatini tahlil qilish bo‘yicha hamkorlikni o‘z ichiga olgan memorandum tuzildi. Shu munosabat bilan SIA va Qozog‘iston Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi o‘rtasida 2025-yilga mo‘ljallangan hamkorlikka oid “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga, strategik islohotlar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyormiz”.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida taʼlim, fan va texnologiyalar, shuningdek infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish sohalarida hamkorlikni faollashtirish yo‘llari muhokama qilindi. Qozog‘iston tomoni mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy farovonlik masalalarida O‘zbekiston bilan hamkorlikning muhimligini taʼkidlab, yaqin hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Tadbir yakunida ikki tomon uzoq muddatli barqaror iqtisodiy o‘sishni taʼminlashga, fuqarolarning farovonlik darajasini oshirishga va Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirish niyatini tasdiqladilar.