Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida uysizlik muammosini hal qilishda Finlyandiya tajribasi alohida e’tiborga loyiqdir. 2008 yildan buyon Finlyandiya Hukumati tomonidan boshpanasiz fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan “Housing First” (uy-joy – birinchi navbatda) milliy dasturi yo‘lga qo‘ygan. Mazkur dastur “Y-Foundation” notijorat tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun: 1980 yilda Finlyandiyada boshpanaga ega bo‘lmaganlar soni 18 ming fuqaroni tashkil etgan (1 000 ta uysiz oilalar). “Housing First” dasturi doirasida, 2016 yilda bu raqam 6 684 kishiga kamaydi, 2020 yilda 4 341 kishi, 2023 yilda esa 3 400 kishini tashkil qilgan.
“Housing First” dasturiga muvofiq uy-joy bilan avvalo oilalilar ta’minlanadi, keyin yolg‘izlar va so‘ngra yotoqxonalarda yoki qarindoshlari bilan bir uyda istiqomat qiladiganlar. Dastur doirasidan beriladigan uylarning yer maydoni 35 metr2. Dastur shartlari oddiy, uy-joyga ega bo‘lish uchun ishga joylashish kerak.
Ma’lumot uchun: Y-Foundation notijorat tashkiloti uysizlar uchun yangi uylar qurish bilan shug‘ullanadi, shuningdek, uy-joyini yo‘qotgan odamlar uchun kvartiralar sotib oladi. Y-Foundation tashkilotiga Finlyandiyada 6 000 ta xonadon tegishli.
Finlyandiya Hukumati uy insonning asosiy ehtiyoji ekanligini tan olgan va ushbu ehtiyoj qondirilmasa, hech qanday boshqa dasturlar (ijtimoiylashuv yoki ta’lim) samara bermasligini ta’kidlagan.
“Y-Foundation” hisob-kitoblariga ko‘ra, bitta odamni uy bilan ta’minlash, davlatga 15 ming yevro tejash imkonini beradi. Bugungi kunda Finlyandiyadagi aksariyat yotoqxonalar to‘liq uylar yoki kvartiralarga aylantirilgan.
“Y-Foundation” nafaqat yangi uylar quradi, balki xususiy uy-joy bozoridan 1-2 xonali uylarni xarid qilib, mavjud uylarni ta’mirlab, vaqtinchalik boshpana joylarini doimiy ijaraga berishadi. Dasturni moliyalashtirish imtiyozli kreditlar hisobiga amalga oshiriladi, mablag‘lar azart o‘yinlar biznesidan tushgan daromadlardan jamlanadi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ijtimoiy yotoqxona uyga ega bo‘lmagan barcha fuqarolarga ijara huquqi asosida vaqtinchalik taqdim etiladi. Ijtimoiy uylar ayollar, yoshlar va temir daftarlarga kiritilgan, noturar joylarda istiqomat qilayotgan, o‘zida (shu jumladan, oila a’zolarida) mulk huquqi asosida turar joy bo‘lmagan (oxirgi bir yil davomida o‘ziga tegishli bo‘lgan turar joyni sotmagan yoki hadya qilmagan) xotin-qizlarga taqdim etiladi.
Masalan, Buxoro viloyatida bugungi kunda 27 ta ijtimoiy uylar va yotoqxonalar mavjud bo‘lib, ularda 1 434 ta oila (3 803 nafar fuqaro) istiqomat qiladi. Uylardagi xonadonlarning 899 tasida gaz, 556 tasida ichimlik/issiq suv, 297 tasida elektr o‘lchagichlar o‘rnatilmagan. Uylarning kommunal to‘lovlardan qarzdorligi 7,6 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun,
a) 2021-yilda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar, shu jumladan, xotin-qizlarni ijara huquqi asosida vaqtinchalik joylashtirish uchun hokimliklar tomonidan 1 000 ta kvartira sotib olingan.
b) Toshkent shahrida tajriba tariqasida “Ijtimoiy himoya yagona reestri” dagi fuqarolarga ijara xarajatlarining bir qismini qoplash uchun mahalliy byudjet mablag‘laridan olti oy davomida oylik ijara to‘lovining 50 foizi miqdorida to‘lash tizimi joriy qilingan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda quyidagi takliflar tayyorlandi:
a)“Uy-joy – ijtimoiy ko‘mak asosi” tamoyilini joriy etish;
b) uylarni egalikka emas balki ijaraga berish bozorini rivojlantirish;
v)ijtimoiy uylar faoliyatini samarali tashkil qilish maqsadida
davlat-xususiy sherikchilik asosida yoki xususiy tadbirkorlarga mavjud uylarni berish, bunda, qayta qurish, ta’mirlash va uyni keyinchalik boshqarish majburiyatini yuklash hamda fuqarolarga uzoq muddatda ijaraga arzonlashtirilgan narxda taqdim etishni yo‘lga qo‘yish (har bir hududda reytingni ijobiy bo‘lgan 1 tadan developerga ijtimoiy uylarni qurish buyurtmasini berish);
g) uylarga joylashtirishda talabgorning turar joyga muhtojlik darajasini baholash bo‘yicha aniq mezonlarni tasdiqlash, bunda fuqarolarni aniqlashda keys-menejment usulidan foydalanish;
d) talabgorlarni uylarga joylashtirish tizimini takomillashtirish maqsadida fuqarolarni onlayn navbatga olish elektron platformasini joriy qilish.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda uy-joyga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamini ommabop uylar bilan taʼminlashni tartibga soluvchi Prezident qarori loyihasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi.