Bugun Strategik islohotlar agentligida Agentlik direktori Baxodir Raxmatovning “Katta to‘rtlik” konsalting kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: “Katta to‘rtlik” – auditorlik va konsalting xizmatlarini ko‘rsatuvchi dunyodagi eng yirik kompaniyalar: Deloitte & Touche (Deloitte), PricewaterhouseCoopers (PwC), Ernst & Young (EY) va KPMG.
Xususan, uchrashuvda Deloitte kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari Erkin Ayupov, Ernst & Young Kavkaz va Markaziy Osiyodagi operatsiyalar bo‘yicha rahbari Timur Po‘latov, EY kompaniyasining O‘zbekistondagi strategiya va operatsiyalar bo‘limi boshlig‘i Dilshod Hamraev, PwCning O‘zbekistondagi boshqaruvchi hamkori Abdulhamid Mo‘minov hamda PwCning O‘zbekistondagi direktori Oybek Yuldashevlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Jahonning yetakchi konsalting kompaniyalari tajribasi va bilimlari bunday tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, alohida e’tibor davlat xizmati sohasidagi islohotlarni kuchaytirish masalalarini muhokama qilishga qaratildi. Uchrashuv ishtirokchilari davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va davlat muassasalari faoliyatini optimallashtirish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish choralarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi iqtisodiy salohiyat muhokamasiga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv ishtirokchilari xalqaro tajriba va “Katta to‘rtlik” ekspertlari tomonidan taklif etilgan innovatsion yechimlardan foydalangan holda, ushbu hududlarni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni topish muhimligini qayd etishdi.
Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi matniga kiritilishi mumkin bo‘lgan takliflar bo‘yicha fikr almashishdi.