Strategik islohotlar agentligi huzuridagi “Delivery Unit” ofisi tomonidan “Ma’lumotlarni boshqarishning milliy tizimi to‘g‘risida”gi qonun konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi.
Yagona milliy ma’lumotlarni boshqarish tizimining joriy etilishi ishonchli dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishga imkon beradi, bu esa budjetni sarflash samaradorligini oshirishga va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatolarni bartaraf etishga yordam beradi.
Mazkur loyihani ishlab chiqish jarayonida O‘zbekiston “Mamlakat platformasi” doirasida Latviyalik ekspertlar Gatis Ozols va Evita Cheshka jalb etildi.
Shu bilan birga, Strategik islohotlar agentligi huzuridagi “Delivery Unit” ofisi tomonidan ma’lumotlarni birlashtirish imkonini beruvchi boshqaruv paneli Dashbord (Dashboard) tizimi yaratildi.
“Ma’lumotlarni boshqarishning milliy tizimi to‘g‘risida”gi qonun konsepsiyasi loyihasida quyidagilar ko‘zda tutilmoqda:
a) “Bir marta yig‘ish”, monitoring qilish, o‘zaro tekshirish tamoyillarga asosan Ma’lumotlar elektron katalogini yaratish;
b) “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ma’lumotlarni xavfsizligi va himoyasini ta’minlash;
v) xalqaro statistik faoliyat tasnifiga asoslangan holda ma’lumotlarni tegishli guruhlarga (klassifikatorlarga) taqsimlash;
g) ma’lumotlardan foydalanishda darajalarni belgilash (vazirlik va idoralar mas’ul vakillari vakolatidan kelib chiqib);
d) ma’lumotlar yaxlitligini saqlash, xavfsiz ma’lumotlar almashinuvini ta’minlash va hukumat bo‘ylab ma’lumotlardan samarali foydalanish maqsadida har bir vazirlik va idoralarda ma’lumotlar bo‘yicha bosh mutaxassisni (Chief Data Officer) va ma’lumotlar saqlovchisi (Data Steward)lardan iborat qo‘shimcha shtat o‘rnini tashkil etish;
e) ma’lumotlardan foydalanish (oraliq uchun ma’lumotlar, post ante va ex ante siyosatni baholash) va ma’lumotlarni aniqlash (turlar, tuzilish, boshqarish);
j) texnik reglamentlar (davlat identifikatori, ma’lumotlarni xaritalash, yuridik talablar, ma’lumotlar almashinuvi, o‘rni va javobgarligi, ma’lumotlar katalogi, G2G xizmatlari, ochiq ma’lumotlar);
z) ma’lumotlar tahlili va qaror qabul qilish imkoniyatlarini yaxshilash uchun sun’iy intellekt hamda tahlil vositalari.
Qonun qabul qilinishi natijasida, milliy ma’lumotlar ekotizimi yaratadi, shuningdek, 21 turdagi ma’lumotlarni ishonchli dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishga imkon beradi.