Strategik islohotlar agentligi Angliyaning Qirollik kimyo jamiyati eksperti va O‘zbekiston Rektorlar Kengashi koordinatori, akademik Yulbarsxon Mansurov bilan hamkorlikda oliy ta’lim, fan va ularni ishlab chiqarish bilan integratsiyalashuvini takomillashtirish yo‘llarini o‘rgandi. Tadqiqotning maqsadi ta’lim dasturlari sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlar va ularning real sektor bilan bog‘liqligini kuchaytirish yo‘llarini aniqlashdan iborat.
Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlanish statistikasiga, shuningdek, Jahon banki va boshqa xalqaro tashkilotlarning ma’lumotlariga ko‘ra O‘zbekistonda bitiruvchilar orasida ishsizlik darajasi 50% dan oshadi. Bu ta’lim dasturlari va mehnat bozoridagi talablar o‘rtasida mavjud bo‘lgan nomuvofiqlikni tasdiqlaydi. Asosiy sabablardan biri talabalar amaliy tayyorgarligining yetarli emasligi, oliy ta’lim muassasalaridagi normativ hujjatlar darajasining pastligi, shuningdek, moddiy-texnika bazasining zaifligi va ta’lim jarayonini boshqarishda malakali top-menejmentning yetishmasligi bilan bog‘liqdir.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, ta’lim va ishlab chiqarishning integratsiyalashuvi ish bilan ta’minlanish ko‘rsatkichlarini yaxshilaydi. Masalan, Germaniyada talabalarning 60% dan ortig‘i o‘zlarining bo‘lajak ish joylarida amaliyot o‘tashadi, bu esa ish bilan ta’minlanish darajasini 70% ga yetkazishga yordam beradi. Bundan tashqari, Germaniyada o‘quv hujjatlari Boloniya jarayoni doirasida xalqaro me’yorlarga moslashtirilgan, bu esa ta’lim dasturlarining samaradorligini oshirishga yordam beradi.
O‘quv dasturlarini xalqaro ta’lim standartlari bilan moslashtirish uchun oliy ta’lim, biznes va ilm-fan sohasidagi ekspertlarining kamida 30% ishtirokida idoralararo ishchi guruhlar tuzish taklifi tayyorlandi. Bu o‘quv kurslarini zamonaviylashtirish, bitiruvchilarni mehnat bozorida talabgor qilish va talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyotidan o‘tish imkoniyatini 70% ga yetkazishga xizmat qiladi. Natijada, ish bilan ta’minlanish ko‘rsatkichi kamida 25% ga oshadi va korxonalarda innovatsionlik darajasini kuchaytiradi.
Ilmiy tadqiqotlar samaradorligi va innovatsion infratuzilmani yaratish
Ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish zaruratiga ham alohida e’tibor qaratildi. Hozirgi vaqtda Fanlar akademiyasi, vazirlik va idoralar, shuningdek, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ilmiy dasturlarni ishlab chiqishda bir-birini takrorlovchi sa’y-harakatlar qilmoqda, bu esa byudjet mablag‘laridan samarasiz foydalanishga olib keladi. Bu yo‘qotishlar ilm-fanga ajratilgan umumiy mablag‘ning 20% gacha bo‘lgan qismini tashkil etishi mumkin. Mazkur muammoni hal qilish uchun innovatsion infratuzilmani yaratish bo‘yicha strategik reja ishlab chiqish taklif qilindi, Bunday chora-tadbirlar kamida 5 ta asosiy iqtisodiyot tarmoqlari: energetika, axborot texnologiyalari, sun’iy intellektdan foydalanish, barcha jarayonlarni raqamlashtirish, yangi materiallar va ularni qayta ishlash texnologiyalarini qo‘llashni rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Materialshunoslik instituti
O‘zbekiston Materialshunoslik instituti katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lsa-da, amaliyotda institut ilmiy loyihalarining atigi 15% qo‘llaniladi. Taqqoslash uchun, Fransiyada Materialshunoslik institutining 40% dan ortiq ishlanmalari ishlab chiqarishga joriy etiladi, Yaponiya, Germaniya va AQShda bu ko‘rsatkich 60% ni tashkil qiladi. Bunday institutlar sanoat bilan faol hamkorlik qilib, avtomobilsozlik, aviatsiya, qurilish va hatto tibbiyot va biotexnologiya kabi sohalar uchun yangi yengil va mustahkam materiallarni ishlab chiqishda ishtirok etishadi.
Materialshunoslik institutining ilmiy salohiyatini va hozirgi tadqiqotlarini tahlil qilish, shuningdek, akademiyaning “Katta quyosh pechi” kabi noyob ishlanmalaridan foydalanish imkoniyatlarini aniqlash taklifi ishlab chiqildi. Maqsad – kelgusi 3 yil ichida ilmiy ishlanmalarni real iqtisodiyot sektoriga joriy etish darajasini 30% ga oshirish va institutning rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish hamda sanoat bilan hamkorlik qilish uchun texnologik platforma yaratish.
Geologiya fanlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash
Geologiya fanlari universitetida talabalarining 60% dan ortig‘i o‘qishni tugatgach ishga joylashish istiqbollari haqida aniq tasavvurga ega emas. Universitetdagi o‘quv jarayoni 4 ta ilmiy-tadqiqot institutlarining ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan, biroq xalqaro tajriba hisobga olinmaydi.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, Kanadada talabalarning 70% ga yaqini kompaniyalar bilan hamkorlik va amaliyotlar tufayli mutaxassisligi bo‘yicha ish topishadi. Germaniyada Frayberg tog‘-kon akademiyasida ta’lim jarayoni foydali qazilmalarni qazib olish jarayonini, shuningdek, ushbu jarayonlar uchun mashinalarni ishlab chiqishni qamrab oladi, bu talabalar uchun yangi foydali qazilmalar zahiralaridan foydalanishning iqtisodiy samaradorligini tushunishga yordam beradi.
Shu munosabat bilan, talabalarning mehnat bozorini tushunishi va o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topish imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida kamida 10 ta tog‘-kon va mashinasozlik kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatish taklif qilindi.
Oliy ta’lim tizimida boshqaruv tizimlarini takomillashtirish
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan HEMIS tizimi texnik xizmat ko‘rsatish va yangilash bo‘yicha yuqori xarajatlarga sabab bo‘lib, qog‘ozbozlik hajmini kamaytirmaydi va ta’lim jarayonini boshqarishda samarali hisoblanmaydi. Masalan, Finlyandiyada zamonaviy boshqaruv tizimlariga o‘tish orqali ma’muriy xarajatlar 25% ga qisqargan.
Shu munosabat bilan, hujjatlarni boshqarish uchun sarflanadigan vaqtni kamida 40% ga qisqartirish, deyarli butunlay qog‘ozbozlikdan xalos bo‘lish va boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirishga imkon beruvchi “Directum” tizimi kabi yangi dasturiy yechimlarni joriy etish taklifi ishlab chiqildi.