Strategik islohotlar agentligi huzuridagi “Delivery Unit” loyiha ofisi tashabbusi bilan O‘zbekistonning turli vazirlik va idoralaridan iborat idoralararo guruhning AQShga oqova suvlarni tozalash va markazlashmagan oqava suv tizimlari bo‘yicha tajriba o‘rganish maqsadida xizmat safari uyushtirildi. Tajriba almashish Safar iqlim sharoiti O‘zbekiston iqlimiga o‘xshash bo‘lgan Aydaho va Yuta shtatlarida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu safarning asosiy maqsadi kichik aholi punktlarida markazlashgan va markazlashmagan oqova suv tizimlari, oqova suvlarni tozalash texnologiyalari hamda ijtimoiy obyektlar infratuzilmasi bilan tanishishdan iborat bo‘ldi. Safar davomida e’tibor asosan ta’lim va tibbiyot muassasalarida sanitariya va oqova suvlarni tozalash masalalariga qaratildi.
Mazkur xizmat safari AQSh tajribasi asosida O‘zbekistonning uchta viloyatidagi uchta qishloq maktabida “Soakaway” (septik infiltratsiya tizimi) avtonom oqava suv tizimlari va hojatxonalar qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan pilot-loyiha doirasida tashkil etildi. Delegatsiya tarkibiga Strategik islohotlar agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” DUK, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi, “O‘zsuvta’minot” AJ hamda “Qishloq Qurilish Loyiha” DUK vakillari kirdi.
Safar davomida delegatsiya a’zolari oqova suvlarni tozalashning turli tizimlari, jumladan, kanalizatsiya lagunalari (bioprudlar), shahar oqava suvlarini tozalash inshootlari, maktablardagi “Soakaway” septik infiltratsiya tizimlari bilan tanishdilar va septik hamda infiltratsiya kameralarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga tashrif buyurdilar. Shuningdek, delegatsiya Aydaho va Yuta shtatlaridagi maktablar, shifoxonalar va universitet kampuslarida bo‘lib, ijtimoiy ob’ektlar uchun infratuzilmaviy yechimlar bilan tanishdilar.
Olingan tajriba, avvalo, O‘zbekistonning qishloq joylaridagi maktab va shifoxonalardagi sanitariya sharoitlarini yaxshilashga, shuningdek, shaharlardagi oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilishga qaratilgan.