Davlatimiz Rahbarining 2024-yil 4-martdagi PQ–109-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasi Strategik islohotlar agentligi muntazam tahlil qilinib,
bu boradagi ishlar muvofiqlashtirib borilmoqda.
2024 yilning oktyabr oyida rejaga muvofiq 1 ta Farmon, 1 ta Prezident qarori va 2 ta Hukumat qarori (jami – 5 ta) ishlab chiqilishi belgilangan.
Xususan, rejaning 77-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ilmiy va startap loyihalarni davlat tomonidan moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan “Ilmiy va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlashning tubdan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Farmon loyihasi ishlab chiqilib, keng ilmiy jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.
Farmon loyihasida ilmiy tashkilotlarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari, shuningdek, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini joriy etish, oliy ta’limdan keyingi ta’limga imtihonlarsiz qabul qilish tizimini amalga kiritish hamda mazkur jarayonlarni to‘liq raqamlashtirish, dissertatsiya tayyorlash jarayonidagi ayrim tartiblarni soddalashtirish, mamlakatning drayver soha vakillarining muammolar bankini doimiy shakllantirishga qaratilgan tadbirlar o‘z aksini topgan.
Shuningdek, Chora-tadbirlar rejasining 39–bandiga muvofiq Transport vazirligi tomonidan jamoat transporti infratuzilmasini demografik va iqtisodiy o‘sish, xususan urbanizatsiya jarayonlaridan kelib chiqib rivojlantirish, sohani erkinlashtirish va xususiy sektorni jalb etishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan 2030 yilgacha hududlarda jamoat transportini rivojlantirish strategiyasi loyihasi tayyorlandi.
Shuningdek, Energetika vazirligi tomonidan Rejaning 7–bandiga muvofiq energetika sohasini rivojlantirish ssenariylari va maqsadli ko‘rsatkichlarini, asosiy tarmoqlar va hududlar bo‘yicha energiya resurslariga bo‘lgan talab va taklif prognozlarini belgilashga qaratilgan O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika sohasini 2030 yilgacha muvozanatli rivojlantirish dasturi (Master plan) hamda 8–bandiga asosan elektr energiyasi sohasidagi maqsadli ko‘rsatkichlar va strategik vazifalarni belgilash, ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha Elektr energiyasi sohasini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi loyihalari ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.
Rejaning 73–bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining “Energiya resurslari iste’molchilarini energiya auditidan o‘tkazish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishildi va Hukumatga kiritildi.
Loyiha bilan bino va inshootlarni energiya auditdan o‘tkazish tartibi, mezonlari va baholash tizimini, binolarda yashil tamoyillar, xususan “yashil bino” sertifikatini joriy etish va boshqa qator choralar nazarda tutilgan.
Strategik islohotlar agentligi tomondan 2024-yilda strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlar rejasining bajarilishi bo‘yicha keng jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib boriladi.