Strategik islohotlar agentligi huzuridagi Natijalarga erishishni boshqarish guruhi (Delivery Unit) tomonidan respublika bo‘ylab 9 442 ta maktablarning (97%) infratuzilmasi holati bo‘yicha o‘rganish olib borildi. O‘rganishlar natijasida maktablarning katta qismida markazlashgan ichimlik suvi va oqova tizimiga ulanish bilan bog’liq ishlar olib borilishi maqsadga muvofiqligi ma’lum bo’ldi.
Shu bilan birga, joriy yilning yakuniga qadar quyidagi maqsadlar belgilanmoqda:
– mahallalar va ko‘chalar kesimida aholining ichimlik suvi va oqava tizimlari bilan real ta’minlanganlik darajasi, ijtimoiy soha obyektlarining (umumta’lim, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash va tibbiy-ijtimoiy muassasalar, oliy ta’lim muassasalari va sportni rivojlantirish obyektlari) infratuzilmasi holati bo‘yicha xatlovlar o‘tkazish va ular asosida geofazoviy ma’lumotlar bazasini shakllantirish, tahlil (vizualizatsiya) qilish orqali ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi dasturini ishlab chiqishda foydalanish;
– geofazoviy ma’lumotlar tahlillari natijasida aholining aktual zichligi, ekologik ta’sir, ijtimoiy soha obyektlari holati va mavjudligini hisobga olib, eng maqbul joylarni aniqlash va mavjud obyektlarni rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli takliflarni tayyorlash.
Yangi maqsadlarni amalga oshirishda quyidagi 3 bosqich nazarda tutilmoqda:
1-bosqichda – kadastr ma’lumotlari hamda ijtimoiy obyektlar reestri yagona geofazoviy ma’lumotlar bazasida jamlanadi;
2-bosqichda – Telegram-bot va veb-xaritalar yaratilib, ularda aholidan suv bilan ta’minlangani va oqova tizimiga ulanganligi haqida ma’lumotlar yig‘iladi;
3-bosqichda – so‘rovnomalarni o‘tkazish uchun maxsus ilova ishlab chiqiladi va hokim yordamchilarini jalb qilgan xolda respublikaning har bir tuman/shahar (mahalla va ko‘chalar) kesimida xatlov ishlari amalga oshiriladi.
Endilikda umumta’lim, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash va tibbiy-ijtimoiy muassasalar, oliy ta’lim muassasalari va sportni rivojlantirish obyektlarning infratuzilmasi holatini kompleks o‘rganish, turar joylarning suv bilan ta’minlangani va oqova tizimiga ulanganligi haqida ma’lumotlarni yig‘ish va ularni geofazoviy ma’lumotlar bazasini shakllantirib, Dashbordga joylashtirish maqsadga muvofiq.
Mazkur ma’lumotlarni doimiy monitoring qilib borish va har yili investitsiya dasturini ishlab chiqishda majburiy tarzda foydalanish, ijtimoiy soha obyektlari qurilish joylarini aniqlash va ularni qurish uchun maqbul yechimlar ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
Yuqoridagi ishlarni sifatli va to‘laqonli amalga oshirish uchun quyidagilar Delivery Unit tomonidan quyidagi takliflar ishlab chiqildi:
- Turar joy, ijtimoiy va madaniy meros obyektlari hamda avtomobil yo‘llarining kadastr ma’lumotlari (kadastr raqami, chegara koordinatalari, obyektning manzili, obyekt turi, mulkning nomi
va boshqa maxsus ma’lumotlar) hamda billing ma’lumotlari (kadastr raqami, obyektning manzili, obodonlashtirish kodi)ni jamlash; - Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hududiy boshqarmalari va hokim yordamchilari uchun ma’lumotlar bilan ishlash hamda tahlil (vizualizatsiya) qilish bo‘yicha onlayn seminar o‘tkazish, aholidan ma’lumotlar yig‘ish tartibini ishlab chiqish va mobil ilovani taqdim etish;
- Ijtimoiy obyektlar holati va turar joylarni suv bilan ta’minlangani va oqova tizimiga ulanganligi haqidagi ma’lumotlarni mobil ilovaga to‘liq va sifatli kiritilishini ta’minlash;
- Tyegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda tegishli ma’lumotlarni umumlashtirish hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim qilish;
- Yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan ijtimoiy obyektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Shaffof qurilish” axborot tizimi orqali Dashbordga integratsiya qilish bo‘yicha choralar ko‘rilishini ta’minlash;
- Ijtimoiy obyektlar infratuzilmasa bo‘yicha (XMI va byudjet mablag‘lari hisobidan) investitsiya dasturini ishlab chiqish, monitoring qilish tartibini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritish.